Belgiyaning Lyoven shahri meri Muhammad Riduani mahalliy “Den Dref” stadionida Bryusselning “Yunion” hamda Isroilning “Xapoel” (Beer-SHeva) jamoalari o‘rtasidagi Yevropa Ligasi uchrashuvini o‘tkazishni taqiqladi. Bu haqda VRT telekanaliga tayanib, Ria Novosti xabar berdi.
“Xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘yin bo‘lib o‘tishi mumkin emas. Men bu borada o‘z pozisiyamda qat’iyman. Biz xavfsizlikni kafolatlay olmaymiz”, dedi shahar meri Riduani.
“Yunion” klubi vakillari shahar merining qarorini inobatga olgan va ayni paytda muammoga yechim topish maqsadida barcha manfaatdor tomonlar bilan muzokara olib bormoqda. Aslida jamoa Yevropa Ligasi umumiy bosqichidagi uy uchrashuvlarini Lyovenda o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Sababi Bryussel klubining o‘ziga tegishli “Jozef Maren” stadioni UEFAning yevrokubok uchrashuvlari uchun belgilangan talablariga javob bermaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Belgiya shaharlari Isroil jamoalari ishtirokidagi o‘yinlarni qabul qilishdan birinchi marta bosh tortayotgani yo‘q. 2024-yilda Belgiya milliy jamoasi Millatlar ligasi doirasidagi Isroilga qarshi uy uchrashuvini Vengriyaning Debresen shahrida o‘tkazishga majbur bo‘lgan. O‘shanda ham mamlakat shaharlari xavfsizlik vajidan o‘yin mezbonligini rad etgandi. 2026-yilning mart oyida esa Belgiya ayollar terma jamoasining Isroilga qarshi uchrashuvi ham xuddi shu sabab bilan rasman Vengriyada o‘tkazildi.













