Xorvatiyalik futbolchi Luka Modrich «Real»da o‘tkazgan yillarini eslab, Madrid klubi nega La Ligaga nisbatan Chempionlar ligasida ko‘proq sovrin yutganini tushuntirdi.
Modrich «Real» safida to‘rt marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, Chempionlar ligasida esa olti bor g‘olib chiqqan.
«Menimcha, gap shundaki, biz kundalik ishlarga ba’zan yetarlicha e’tibor qaratmasdik. Chempionatda vaziyatni keyinroq to‘g‘rilab olish uchun hali vaqt bor, deb o‘ylardik. Chempionlar ligasida esa xato qilishga haqqimiz yo‘qligini yaxshi bilardik.
Har safar ochkolardagi farqni qisqartirib, La Ligani yutamiz, deb ishonardik. Ammo «Barselona» juda kuchli edi va chempionlikni bizga bermasdi.
Menimcha, aynan shu sabablarga ko‘ra biz Chempionlar ligasini ko‘proq yutdik. Lekin men hech narsadan afsuslanmayman va o‘tmishda hech narsani o‘zgartirmagan bo‘lardim», — dedi Modrich Diario AS nashriga bergan intervyusida.
Luka Modrich 2012 yildan 2025 yilgacha «Real» sharafini himoya qildi. Keyin u «Milan»ga o‘tdi va hozir ham Italiya klubi safida to‘p surmoqda.













