"Milan" yarim himoyachisi Luka Modrich "Real Madrid" bilan xayrlashgan paytda qanday hissiyotlarni boshdan kechirgani haqida gapirdi.
— "Real"dan ketganingizga bir yil bo‘ldi. Xayrlashuv kunini qanday eslaysiz?
— Men u kunni katta faxr bilan eslayman, garchi juda og‘ir kun bo‘lgan bo‘lsa ham. Buni o‘yin oldidan olingan kadrlarda, avtobusda, qarorimni e’lon qilgan kunlarimda va maydonda ham ko‘rish mumkin edi.
Maydonda o‘zimni ancha yaxshi ushlab turdim, keyin nutq so‘zlayotganda ham. Ammo bu juda hissiyotli va hayajonli davr edi, chunki futbolchilik faoliyatimning eng go‘zal bosqichi yakuniga yetayotganini tushunib turardim.
Shunga qaramay, bu xotiralarni katta faxr va iliq hislar bilan eslayman. Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, hali-hanuz ba’zan o‘sha kadrlarni tomosha qilaman. Tribunalarda yig‘layotgan odamlarni, barcha xabarlarni va boshqa lahzalarni ko‘rganingda, dunyoning eng buyuk klubida muhim ish qilganingni anglab, qalbing faxr va mamnuniyatga to‘ladi.
— Kimga qiyinroq bo‘ldi — sizgami yoki oilangizgami? Farzandlaringiz ancha ulg‘aygan, Luka Modrich kim bo‘lgani va kim ekanini yaxshi tushunishardi.
— Menimcha, hammamizga qiyin bo‘ldi — menga ham, oilamga ham. Balki ular uchun yanada og‘irroq bo‘lgandir, chunki butun umrlarining katta qismini Madridda o‘tkazishgan. Ayniqsa, farzandlarim uchun.
O‘g‘lim Angliyada yashayotganimizda tug‘ilgan, Madridga ko‘chib kelganimizda esa u ikki yoshda edi. U butun bolaligini Madridda o‘tkazdi. Hozir u 16 yoshda.
Biz ta’tilda yoki boshqa joyda bo‘lganimizda, ular "Qachon uyga qaytamiz?" deb so‘rashadi. Ular uy deganda Madridni nazarda tutishadi. Shuning uchun bu ular uchun ham, men uchun ham juda og‘ir bo‘ldi.
Ammo bu hayotning bir qismi va oldinga harakat qilish kerak. Endi biz shu yerdamiz. Bu oson emas, lekin o‘sha xotiralar insonga faxr, mamnuniyat va baxt bag‘ishlaydi.
— Qaysi biri qiyinroq bo‘ldi — xayrlashishmi yoki endi "Real" futbolchisi emasligingizga ko‘nikishmi?
— Shaxsan men uchun xayrlashish qiyinroq bo‘ldi. Chunki ertami-kechmi, bir kun kelib hammasi tugashini qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Futbol ham, boshqa narsalar ham...
Vaqt o‘tishi bilan butun borlig‘ing bilan yashagan ayrim narsalaringdan asta-sekin uzoqlasha boshlaysan. Menimcha, men uchun xayrlashish "Milan"ga kelib, yangi kun tartibi, yangi hayot va yangi klubga asta-sekin moslashishdan ko‘ra qiyinroq bo‘ldi.
Xayrlashish oson emasdi. Ammo aytganimdek, bu hayotning bir qismi. Klub uchun boringni berganingni bilsang, u yerdan boshingni baland ko‘tarib ketasan. Men ham aynan shunday ketdim", — dedi Modrich.













