Rossiya Kubogining 4-bosqichidan o‘rin olgan Kostromaning “Spartak” hamda “Ryazan” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda noodatiy golli uzatma qayd etildi. O‘yinning 33-daqiqasida “Spartak” futbolchisi Nodir Muhammadiy to‘pni autdan salto oshgan holda kuch bilan maydonga kiritdi va uning ushbu uzatmasidan so‘ng Denis Jilmostnix uchrashuvda hisobni ochdi.
Bu 29 yoshli futbolchining so‘nggi bir oy ichida autdan shu tarzda amalga oshirgan uchinchi golli uzatmasi hisoblanadi. Bungacha u Xabarovskning “SKA” hamda Volgogradning “Rotor” jamoalariga qarshi o‘yinlarda ham xuddi shunday tryukni muvaffaqiyatli bajargan edi.
Kostromaning “Spartak” klubi Muhammadiy uchun birinchi xorijiy jamoa bo‘lib, u bungacha 6 yil davomida o‘z vatanida to‘p surgan. Eronlik futbolchi ushbu harakati uning uchun odatiy hol ekanligini ta’kidladi:
“Bolaligimda gimnastika bilan shug‘ullanganman. Futbolda yoshligimdanoq to‘pni autdan salto orqali kiritishni mashq qilib kelaman. Ilk bor bunday uslubdagi golli uzatmani taxminan 7 yil oldin Eronda amalga oshirganman. Faoliyatim davomida esa bunday assistlar soni 10 tadan oshgan”.
Nodir Muhammadiy o‘zining navbatdagi uchrashuvini 14 sentyabr kuni o‘tkazadi. Rossiya Birinchi ligasi 12-turi doirasida “Spartak” jamoasi “Ximki Arena” stadionida Nijnekamskning “Neftximik” klubini qabul qiladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.













