La Liga prezidenti Xavyer Tebas Ispaniya chempionatining teletomoshabinlar auditoriyasi haqida fikr bildirdi.
«Futbolni hali ham juda yuqori darajada tomosha qilishmoqda. Auditoriya ko‘rsatkichlarimizni oshiryapmiz. Panini stikerlari, EA Sports FC o‘yini, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yo‘nalishlar orqali ham muvaffaqiyatga erishyapmiz. Odamlarning futbolga qiziqishi yuqori. Yevropada auditoriyaning o‘rtacha yoshi ham oshib bormoqda.
Biroq «raqamli avlod» bilan bog‘liq muammo bor. Ular Smart TV qarshisiga o‘tiradi, ammo o‘yin translyasiyasini qayerdan topishni bilmay qoladi. Bu meni xavotirga soladi.
Nega masofadan boshqarish pultlarida Amazon va Netflix uchun alohida tugmalar bor? Ular servislarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkonini beradi va foydalanuvchiga internet bo‘ylab kontent qidirishga hojat qoldirmaydi.
Foydalanish qulayligi juda muhim. Ayrimlar o‘yinni topib tomosha qilish juda qiyin bo‘lgani uchun obunalarini bekor qilmoqda. Meni aynan shu jihat tashvishlantiradi», — dedi Tebas.













