«Barselona» skautlari Shvesiyaning «Yurgorden» klubi hujumkor yarim himoyachisi Bou Xeglandni kuzatmoqda. Bu haqda Expressen xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar vakillari dushanba kuni Shvesiya chempionatida «Yurgorden» va GAIS o‘rtasidagi uchrashuvni stadiondan kuzatgan.
22 yoshli norvegiyalik futbolchi joriy mavsumda yuqori natijadorlik ko‘rsatmoqda. U barcha musobaqalarda 9 ta gol urdi va 17 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Xegland yozgi transfer oynasida Belgiyaning «Anderlext» klubi taklifini rad etgan. Shuningdek, unga «Nyukasl» ham qiziqish bildirgani xabar qilingan.
«Barselona» skautlari faqat klub akademiyasi futbolchilariga emas, balki dunyo bo‘ylab yosh iqtidorlarga ham e’tibor qaratmoqda. So‘nggi paytlarda Hamza Abdelkarim va Jessi Bisivuning qo‘shib olinishi ham shu strategiyaning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Xeglandning «Yurgorden» bilan shartnomasi 2029 yilgacha amal qiladi.













