Yozgi transfer oynasida yarim himoyachi Rodri «Manchester Siti»dan «Barselona»ga o‘tdi. El Nacional nashri futbolchining «Kamp Nou»da duch kelgan yangi sharoitlari haqida material e’lon qildi.
Rodri avval boshda unga Xosep Gvardiola futboliga mutlaqo o‘xshamaydigan yangi uslubga moslashishga to‘g‘ri keladi, deb o‘ylagan. Biroq Xans-Diter Flik bilan dastlabki haftalardagi ish jarayoni yarim himoyachini hayratda qoldirgan.
«Rodrining fikricha, Flik shunday agressiv va yuqori tempdagi tizim yaratganki, u bunday futbolni hatto «Manchester Siti»da ham ko‘rmagan. Uni eng ko‘p hayratga solgan jihat — «Barselona» to‘p nazorati, yuqori pressing va ancha tik yo‘nalishdagi hujumlarni bir-biri bilan juda oson uyg‘unlashtira olishi», — deyiladi materialda.
Transferdan keyin Rodri moslashish uchun unga bir necha oy kerak bo‘ladi, deb hisoblagan. Ammo yarim himoyachi deyarli darhol o‘zini qulay his qila boshlagan.
Rodriga ayniqsa jamoaning to‘psiz harakatdagi yuqori intensivligi yoqmoqda. Flik jamoadan to‘p yo‘qotilganidan keyin uni bir necha soniya ichida qayta olib qo‘yishni talab qiladi.
«Barselona» murabbiyi Rodrini faqat bir joyda harakat qiladigan statik futbolchiga aylantirmagan. «Oltin to‘p» sohibi hujumlarni boshlashi, qanot himoyachilarini sug‘urtalashi va Pedri to‘pni qabul qilish uchun orqaroqqa tushganda oldinga chiqishi mumkin.
Gvardiola boshqargan «Manchester Siti» odatda bo‘sh hudud paydo bo‘lgunga qadar to‘pni uzoq nazorat qilardi. Flik ham o‘yinni nazorat qilishni istaydi, ammo imkoniyat paydo bo‘lishi bilan «Barselona» darvoza tomon tezroq hujum qilishini talab qiladi.
«Mana shu yondashuv tufayli Rodri jamoada o‘z ahamiyatini darhol his qildi. U bunday agressiv tizim o‘z xususiyatlariga shunchalik mos kelishini kutmagan edi. Yarim himoyachi himoyadagi vazifalaridan voz kechmagan holda o‘yinni tashkil qilish uchun yetarlicha erkinlikka ega», — deb yozadi nashr.
Rodri 2024 yilda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.













