Joze Mourinyo «Atletiko» — «Real» uchrashuvida Migel Anxel Ortis Aryas boshchiligidagi hakamlar brigadasining ishidan norozi bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Din Xyoysenning maydondan chetlatilishi natijasida mehmonlar bir kishi kam bo‘lib qoldi. «Atletiko» penaltidan hisobni ochdi va yakunda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
«Hakamda derbida ishlash uchun tajriba yetishmadi. U 41 yoshda. Bu faqat kichik o‘yinlarni boshqargan kuchsiz hakam. Bunday hakamni tayinlagani uchun Hakamlar qo‘mitasini tabriklayman», — dedi «Real» bosh murabbiyi.













