O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi yig‘inni boshladi. Jamoaning hujumkor yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev yig‘indagi muhit va yangi chaqirilgan futbolchilar haqida fikr bildirdi.
Fayzullayevning aytishicha, milliy jamoaga yana qaytish futbolchilar uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki terma jamoa so‘nggi bir necha oy ichida ilk bor to‘liq yig‘in o‘tkazmoqda.
"Terma jamoaga qaytish har doim yoqimli. Ikki-uch oylik tanaffusdan keyin yana birga yig‘ildik. Hammaning kayfiyati yaxshi. Bu yig‘in biz uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman", — dedi futbolchi.
Shuningdek, Fayzullayev tarkibga yangi o‘yinchilar qo‘shilganiga ham munosabat bildirdi.
"Terma jamoaga kuchsiz futbolchi chaqirilmaydi. Kim kelganidan qat’i nazar, eng muhimi — bitta jamoa bo‘lib harakat qilish. Yangi futbolchilar bilan tanishib, bir-birimizni yaxshiroq tushunishga harakat qilamiz", — dedi Abbosbek.













