Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Joau Feliks Millatlar ligasi 2-turida Norvegiya ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi. Feliks ushbu uchrashuvda gol ham urdi.
«Eng muhimi — jamoaviy mehnat. Agar hamma birgalikda harakat qilib, bir maqsadni ko‘zlasa, shubhasiz, juda kuchli terma jamoa bo‘lamiz.
Birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi, bugun ham taktik va jismoniy jihatdan juda kuchli jamoa ekanimizni ko‘rsatdik. Hujumda ham, himoyada ham tartibli harakat qilyapmiz. Hamma narsa shu tarzda kechsa, g‘alabaga doimo yaqin bo‘lamiz», — dedi Feliks RTP telekanaliga bergan intervyusida.
Futbolchi jamoaning yangi bosh murabbiy Jorje Jezush talablariga moslashishi haqida ham gapirdi.
«O‘zaro tushunish allaqachon shakllanib bormoqda. Menimcha, murabbiyning g‘oyalarini yaxshi amalga oshiryapmiz. Nazarimda, u ham bundan mamnun.
Bu g‘alaba biz uchun juda muhim. Bu yerga kelib g‘alaba qozonish oson emasdi, ammo biz buni uddaladik. Bu — butun jamoaning mehnati samarasi».
Felishdan hozir faoliyatidagi eng yaxshi davrni o‘tkazyaptimi, deb so‘ralganda, u shunday javob berdi:
«Men shunchaki o‘z ishimni qilyapman. Hozir hammasi o‘xshayapti va ishlar yaxshi ketyapti. Umid qilamanki, bu davom etadi va oldinda yanada yaxshiroq natijalar bo‘ladi».
Portugaliya 6 ochko bilan o‘z guruhida peshqadamlik qilmoqda. Daniya va Norvegiyada 3 tadan ochko bor, Uels esa hali ochko jamg‘ara olmagan.













