"PSJ" futbolchisi Mika Godts Parij klubining asosiy tarkibidan hozircha joy olmayotganidan xavotirda emasligini aytdi. 21 yoshli belgiyalik o‘tgan yozda "Ayaks"dan "PSJ"ga 45 million yevro evaziga o‘tgan edi.
Hozirga qadar Godts biror marta asosiy tarkibda maydonga tushmadi. U barcha musobaqalar doirasida olti marta zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
"Menda vaqt bor, hali vaqt bor. Murabbiy Luis Enrike va klub menga ishonadi. Men xotirjamman. Hech qanday bosim yo‘q. Juda xotirjamman va qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga harakat qilyapman. Kamtar bo‘lib qolish, boshimni yo‘qotmaslik va qattiq mehnat qilishga intilaman. Meni eng ko‘p hayratga solayotgan narsa — bu yerdagi katta futbolchilarning bir-biri uchun qanday ishlashi. Jamoada haqiqiy jamoaviy kuch bor", — dedi Godts DH Les Sports nashriga bergan intervyusida.
O‘yin amaliyoti kam bo‘lishiga qaramay, futbolchi terma jamoada o‘zini ko‘rsata oldi. U yaqinda Italiyaga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, milliy jamoa safidagi ilk golini urdi. Belgiya ushbu uchrashuvda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.













