Portugaliya terma jamoasi sardori Brunu Fernandesh Millatlar ligasi 4-turidan o‘rin olgan Norvegiyaga qarshi o‘yin oldidan jamoa hujumchisi Krishtianu Ronaldu atrofidagi vaziyat haqida fikr bildirdi. Uchrashuv 4 oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
«Men jamoadoshlarim bilan bu haqda gaplashishim shart emas. Bunday vaziyatlarga qanday munosabatda bo‘lishni barchamiz bilamiz. Terma jamoada futbolchilarga daxl qilmaydigan vaziyat yuzaga keldi va meningcha, asosiy vazifamiz maydonda natija ko‘rsatishdan iborat.
Krishtianu masalasiga kelsak, men u bilan gaplashganman va aytganlarimni yana bir bor takrorlashga tayyorman. Eng muhimi — nima bo‘lishidan qat’i nazar, Krishtianu Ronaldu erishgan yutuqlarini hisobga olgan holda, nafaqat Portugaliyada, balki butun dunyoda terma jamoamiz, futbolimiz va mamlakatimizning asosiy ramzi bo‘lib qoladi.
U nafaqat barcha davrlarning buyuk futbolchilari orasida, balki barcha portugaliyaliklar qalbida ham alohida o‘rin egallaydi. Eng muhimi, bu kelishmovchiliklarga barham berish. Terma jamoada hech qanday guruhlar yo‘q — biz birdammiz va tashqi shov-shuvlarga qaramay, shunday bo‘lib qolamiz. Har qanday oila o‘z muammolarini yopiq eshiklar ortida hal qiladi. Menimcha, terma jamoa ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerak.
Eng muhimi, bu voqea barcha ishtirokchilar uchun yaxshi yakunlanishi. Biz muammoning o‘zidan chetdamiz, garchi nimalar aytilayotgani va ko‘rsatilayotganidan xabardor bo‘lsak ham. Biz dam olish xonasida karta o‘ynab, ko‘p vaqt o‘tkazamiz va bu bahslardan o‘zimizni chetga olamiz.
Shu bilan birga, mamlakat aholisini bo‘linmaslikka, kimningdir tarafini olmaslikka va vaziyatdagi barcha ishtirokchilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiraman. Krish esa terma jamoamizning asosiy ramzi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. U shaxsiy qarashlardan qat’i nazar, barchaning hurmatiga loyiq», — deya Fernandeshning so‘zlarini A Bola keltirgan.













