Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente yarim himoyachi Mikel Merinoning milliy jamoadagi roli haqida fikr bildirdi.
«Men uni juda uzoq vaqtdan beri bilaman va u maydonga tushishni qanchalik xohlashini yaxshi tushunaman. Ammo men uchun uchrashuvni asosiy tarkibda boshlaydigan futbolchi ham, 60-daqiqada zaxiradan maydonga tushadigan o‘yinchi ham birdek muhim.
Ushbu yig‘indagi barcha futbolchilar biz uchun muhim. Ba’zida o‘yin davomida zaxiradan tushadigan futbolchilar hatto kattaroq ahamiyat kasb etadi.
Merino uchrashuvlarning so‘nggi qismida jamoaga qanchalik katta foyda keltirayotganini hisobga olsak, uning bu xususiyatidan foydalanmaslik noto‘g‘ri bo‘lardi.
U asosiy tarkibda maydonga tushishi mumkinmi? Albatta. Ammo zaxiradan tushganda ham bizga juda ko‘p narsa beradi. Eng muhimi — o‘yin vaqti berilganda bor imkoniyatingni ko‘rsatishga tayyor bo‘lish», — dedi de la Fuente.
Ispaniya terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini 6 oktyabr kuni safarda Xorvatiyaga qarshi o‘tkazadi.













