Ayni paytda WBA reytingida o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egallab turgan o‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev chempionlik jangini tekinga o‘tkazishga ham tayyor ekanini ma’lum qildi. U jahon chempioni Xayme Munguyaga qarshi chempionlik jangini o‘tkazish uchun majburiy da’vogar hisoblanadi.
“Jang uchun to‘lanadigan pul muhim emas, men tekinga jang qilishga ham tayyorman. Lekin iltimos, menga va o‘yin qoidalariga nisbatan hurmasizlik qilishni to‘xtat!
Xayme Munguya, men sen chempionlik uchun jang qilishingdan oldin ham majburiy da’vogar edim. Sen chempion bo‘lding — men chempion bo‘lganimda senga yoki boshqa har qanday bokschiga nisbatan qanday hurmat ko‘rsasam, sen ham menga shunday hurmat ko‘rsat!
WBA’ga hurmat ko‘rsat, muxlislarni hurmat qil. Ular oldindan natijasi ma’lum bo‘lgan jangni emas, balki haqiqiy jangni ko‘rishni istashadi!”, deb yozdi o‘zbekistonlik bokschi o‘zining Instagram sahifasida.
Munguya 2 may kuni Las Vegasdagi “T-Mobile Arena”da Xose Armando Resendisni ochkolar hisobida mag‘lub etib, WBA chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi. Uning majburiy himoya uchun belgilangan 120 kunlik muddati 30 avgustda yakunlangan.
WBA qoidalariga ko‘ra, chempion majburiy himoya muddati tugashidan oldingi 60 kun ichida rasmiy majburiy da’vogardan boshqa bokschiga qarshi jang o‘tkaza olmaydi.
Agar Munguya va Meliqo‘ziyev jamoalari 21 oktyabrgacha kelishuvga erisha olmasa yoki tomonlardan biri muzokaralarni davom ettirishdan bosh tortsa, WBA jang huquqini aniqlash uchun auksion o‘tkazishi mumkin.













