«Santos» hujumchisi Neymar Braziliya A Seriyasining 29-turida «Flamengo»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvga baho berdi.
34 yoshli futbolchi har ikki jamoaning o‘yinini yuqori baholab, ularni ayni paytda Braziliyaning eng kuchli klublari deb hisoblashini ta’kidladi.
«Bu futbol tomosha qilishni yaxshi ko‘radiganlar uchun ajoyib o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa ham uchrashuv davomida tinimsiz hujum qildi.
Menimcha, hozirgi kunda Braziliyadagi eng yaxshi ikki jamoa aynan shular», — deya Neymarning so‘zlarini keltiradi Planeta do Futebol.
Eslatib o‘tamiz, «Santos» va «Flamengo» o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Neymar mazkur bahsda ikkita penaltini aniq amalga oshirib, dubl qayd etdi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqardi.
Ushbu natijadan so‘ng «Santos»ning Braziliya chempionatidagi mag‘lubiyatsiz seriyasi ketma-ket sakkizta o‘yinga yetdi.
Jamoa 42 ochko bilan turnir jadvalida sakkizinchi o‘rinni mustahkamladi.
«Flamengo» esa 61 ochko jamg‘argan holda chempionatda peshqadamlik qilmoqda.













