Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Vinisius Junior Ispaniya chempionatidagi «Valensiya»ga qarshi o‘yindan (1:0) keyin olgan diskvalifikasiyasi haqida gapirdi.
Braziliyalik futbolchi o‘sha uchrashuvda raqib jamoa vakili Natan-Dilan Salibani sochidan tortgani uchun qizil kartochka bilan jazolangandi. Ispaniya futbol federasiyasining (RFEF) intizom qo‘mitasi esa Vinisiusni to‘rtta o‘yinga diskvalifikasiya qildi.
Vinisius Chempionlar ligasi doirasida «Roma»ga qarshi kechgan va «Real»ning 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin ushbu qaror yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
«Ularda diskvalifikasiya haqida e’lon qilish uchun butun bir kun bor edi. Ammo menga chempionatning to‘rtta uchrashuvini o‘tkazib yuborishim haqida faqat stadionga yetib kelganimizda xabar berishdi.
Sochdan tortish bilan bog‘liq ushbu qoida bizga hech qachon tushuntirilmagan. La Liga va hakamlar qo‘mitasi vakillari muntazam ravishda oldimizga kelib, qoidalarni tushuntirishadi. Ammo aynan shu holat hech qachon muhokama qilinmagan.
Men uchun bu vaziyat qizil kartochka bilan yakunlandi, xolos. Men hech qachon boshqa futbolchilarga nisbatan tajovuzkorlik qilmaganman.
Meni ham tez-tez urishadi, ammo oxir-oqibat kartochkani aynan men olaman», — deya Vinisiusning so‘zlarini keltiradi ESPN.
Shu tariqa, Vinisius Ispaniya La Ligasidagi navbatdagi to‘rtta uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. U «Sevilya», «Barselona», «Rasing» va «Valensiya»ga qarshi bahslarda jamoasiga yordam bera olmaydi.













