"Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yelichich Superliganing 23-turi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
«Juda og‘ir o‘yin bo‘ldi. Hozir barcha jamoalar kurash olib bormoqda, turnir jadvalining yuqori qismida ham, quyi qismida ham raqobat kuchli. O‘yindan mamnunman, biz bahsni nazorat qildik va to‘pni o‘zimizda ushlab turdik. Birgina xato ishni qiyinlashtirib yubordi. Umuman olganda, o‘z o‘yinimizdan mamnunman.
— Bugun beshta gol guvohi bo‘ldik. FIFA kunlaridan keyingi ilk o‘yindagi futbol sifatiga qanday baho berasiz? Orada katta tanaffus bo‘ldi.
— Ha, haqiqatan ham katta tanaffus bo‘ldi. Bunday paytlarda o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish mumkin. Bu ham normal holat. To‘pni ko‘p yo‘qotganimiz va ayrim vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yganimiz maydon sifati bilan bog‘liq. Bunday maydonda umuman boshqacha uslubda futbol o‘ynashimiz ham mumkin edi. Biz esa jamoani maydon holatiga tayyorladik. Bu qiyin bo‘ldi.
Bir tomondan olib qarasak, milliy jamoaga futbolchilarimiz jalb qilinmadi. Faqat to‘rt nafar yosh futbolchimiz turli yosh toifasidagi terma jamoalarga ketdi. Balki milliy jamoaga futbolchilarimizning chaqirilmayotgani bizga tayyorgarlik ko‘rish uchun yaxshi imkoniyat berayotgandir. Umuman olganda, tanaffusdan keyingi ilk o‘yinimiz yomon bo‘lmadi. Endi esa yanada kuchayish haqida o‘ylashimiz kerak.
— «Lokomotiv»ga kelguniga qadar bir necha bor jarohat olgan Sardor Mirzayev o‘zini qanday his qilmoqda? Ushbu mavsumda ham jarohatlar sabab bir nechta o‘yinni o‘tkazib yubordi.
— Hammasi yaxshi. U o‘zidan yuqori darajadagi professionallikni talab qiladi. Ikki yil davomida futboldan chetda qolish juda qiyin. U har tomonlama o‘zini tiklab olishga, yana avvalgi holatiga qaytishga harakat qilyapti. Bu yil jismoniy holatini tiklash uchun katta mehnat qilmoqda va bu o‘z mevasini beryapti. Ha, u endi yosh bola emas. 35–36 yoshida bunday yuqori darajadagi o‘yinlarda qatnashish oson emas.
— Qator uchinchi mavsumda ham yuqori saviyada o‘ynayotgan va ayni damda to‘purar bo‘lib turgan Lyupcho Doriyev haqida nima deysiz? Mutaxassis sifatida uning o‘yinlariga qanday baho berasiz?
— U juda yuqori darajadagi futbolchi. Balki ayni damda Superliganing eng yaxshi futbolchisidir. U to‘pni o‘zida saqlashni yaxshi ko‘radi va ko‘p vaziyatlarda xavf tug‘dirdi. Agar u boshqa jamoada o‘ynaganida va uning uchun bo‘sh hududlar ochib berilganida, yanada xavfliroq bo‘lishi mumkin edi».













