«Barselona»ning braziliyalik qanot hujumchisi Rafinya jarohatidan tiklanish jarayonida maydondagi mashg‘ulotlarga qaytdi. Bu haqda SER Catalunya xabar bermoqda.
Futbolchi o‘ng sonida kichik shish paydo bo‘lgani sababli terma jamoa ixtiyoridan muddatidan avval qaytgan edi. Shundan so‘ng u individual dastur asosida mashg‘ulotlar olib bordi.
Rafinya avval ham sonining aynan shu qismida jarohat bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani sababli «Barselona» tibbiy shtabi uning tiklanish jarayoniga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.
Biroq braziliyalik hujumchi maydondagi mashg‘ulotlarga qaytganiga qaramay, seshanba kuni UYEFA Chempionlar ligasi doirasida «Galatasaroy»ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvda ishtirok etmaydi.
SER Catalunya ma’lumotiga ko‘ra, Rafinya jamoa bilan Turkiyaga safar qilmaydi.
Futbolchining maydondagi mashg‘ulotlarni qayta boshlagani tiklanish jarayonida ijobiy siljish borligini ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, u hozircha to‘liq jismoniy tayyorgarligini tiklashga e’tibor qaratgan.













