«Manchester Yunayted»ning sobiq darvozaboni Peter Shmeyxel moliyaviy qoidalarni buzganlikda aybdor deb topilgan «Manchester Siti»ga nisbatan keskin jazo choralari qo‘llanishi kerakligini bildirdi.
Daniyalik sobiq futbolchining fikricha, «shaharliklar» kelgusi besh mavsumning har birida 25 ochkodan mahrum qilinishi lozim.
Shmeyxel bu haqda «Manchester Siti»ning Angliya Premyer-ligasi 6-turida «Liverpul» ustidan 3:0 hisobida qozongan g‘alabasidan so‘ng Viaplay telekanali efirida gapirdi.
U klubni Premyer-ligadan chetlatish tarafdori emasligini, biroq unga besh yillik transfer taqiqi va katta miqdorda jarima qo‘llanishi zarurligini ta’kidladi.
«Bu boshqa barcha klublar uchun ham ogohlantirish bo‘lib qolishi kerak. Premyer-ligada qoidalarni buzsangiz va boshqa klublarga nisbatan nohalol yo‘l tutsangiz, buning oqibati juda og‘ir bo‘lishini hamma bilishi shart.
Menimcha, bu juda muhim: besh yillik transfer taqiqi va katta miqdordagi jarima qo‘llanishi kerak.
Shuningdek, klub egalari «Manchester Siti»ni sotishga majbur qilinishi lozim», — dedi Shmeyxel.
Sobiq darvozabon moliyaviy qoidabuzarliklarga aloqador shaxslar ham futbol faoliyatidan chetlatilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Uning ta’kidlashicha, «Manchester Siti»ning amaldagi egalari Angliyada futbol klubini boshqarishga munosib emas.
«Manchester Yunayted»ning yana bir sobiq futbolchisi Yap Stam ham «shaharliklar»ga nisbatan qattiq jazo qo‘llanishini qo‘llab-quvvatladi.
Niderlandiyalik mutaxassisning fikricha, «Manchester Siti» moliyaviy qoidalar buzilgan davrda qo‘lga kiritgan chempionlik unvonlaridan ham mahrum etilishi kerak. U bunday qaror boshqa klublar uchun saboq bo‘lishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, «Manchester Siti» o‘ziga nisbatan chiqarilgan qaror ustidan apellyasiya bergan va ayblovlarni rad etishda davom etmoqda.













