Kataloniyaning "Barselona" klubi hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun yangi nomzodni aniqladi.
Belgiyaning "Bryugge" klubi hujumchisi Nikolo Trezoldi Yevropaning bir qator yetakchi jamoalari e’tiborini tortmoqda.
Bu haqda transferlar bo‘yicha insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli markaziy hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishga "Barselona" va Londonning "Arsenal" klublari qiziqish bildirmoqda.
Har ikki jamoa ham Trezoldini kelasi mavsum uchun transfer maqsadlaridan biri sifatida ko‘rib chiqishi mumkin.
Italiyalik hujumchi 2025 yil yozidan buyon "Bryugge" sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning Belgiya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali mutaxassislari Trezoldining hozirgi bozor qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.
Hozircha "Barselona" yoki "Arsenal" tomonidan futbolchi uchun rasmiy taklif yuborilgani haqida ma’lumot berilmagan.













