Fransiyaning «Lill» klubi himoyachisi Tyago Santosning jiddiy jarohat olishi bilan bog‘liq holat yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
24 yoshli portugaliyalik futbolchi Fransiya Liga 1 musobaqasining 6-turida «Gavr»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda (1:0) og‘ir jarohat olgan.
Birinchi bo‘limda «Gavr» yarim himoyachisi Amir Richardson Santosga nisbatan sirpanib tashlanish usulida qo‘pol harakat qilgan. Natijada himoyachining o‘ng tizzasidagi oldingi xochsimon bog‘lam va menisk shikastlangan.
Uchrashuv bosh hakami mazkur vaziyatda qoida buzilganini qayd etgan, biroq marokashlik futbolchiga hatto sariq kartochka ham ko‘rsatmagan.
«Lill» klubi hakamning ushbu qaroriga jiddiy e’tiroz bildirib, voqea yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.
«Mazkur holatning yuz berishi va unga nisbatan hech qanday intizomiy chora qo‘llanmagani klubimizda jiddiy savollar tug‘dirmoqda.
Klub barcha mavjud huquqiy imkoniyatlarni o‘rganmoqda va yetkazilgan zarar uchun tovon puli undirish maqsadida zarur huquqiy choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi», — deyiladi «Lill» bayonotida.
Shuningdek, klub Fransiya Professional futbol ligasiga (LFP) murojaat qilib, mazkur epizodni intizom qo‘mitasi muhokamasiga kiritishni so‘ragan.
«Lill» rahbariyatining fikricha, Richardsonning qo‘pol harakati to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochkaga loyiq bo‘lgan va futbolchi maydondan chetlatilishi kerak edi.
Qayd etish joiz, bu Tyago Santosning faoliyatida ikkinchi marta xochsimon bog‘lamidan jiddiy jarohat olishidir.
2024 yil oktyabr oyida portugaliyalik himoyachi chap tizzasining oldingi xochsimon bog‘lamini uzib olgan va shu sababli qariyb bir yil davomida maydonga tusha olmagan edi.
Ma’lumot uchun, «Lill» ayni paytda Fransiya Liga 1 turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Fransiya klubi 13 oktyabr kuni UEFA Chempionlar ligasi doirasida Londonning «Arsenal» jamoasiga qarshi bahs olib boradi.













