«Manchester Yunayted» va Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Ueyn Runi portugaliyalik yarim himoyachi Brunu Fernandeshni jamoaning asosiy tarkibidan vaqtincha chiqarish kerak, deb hisoblaydi.
«Brunu hozirgi vaziyatdan to‘yib ketgani ko‘rinib turibdi. U klubga kelganidan beri har yili bir xil holat takrorlanmoqda. Menimcha, uning sabr kosasi to‘lish arafasida.
U ajoyib sardor, ammo hozir uni maydondan olib, biroz nafas rostlashiga imkon berishning ayni vaqti, deb o‘ylayman. Aks holda, u hissiyotlarini jilovlay olmay qolishi mumkin.
Zo‘riqish tobora kuchaymoqda. Uni yaxshi bilganim uchun aytishim mumkinki, agar hammasi shu tarzda davom etsa, vaziyat yanada yomonlashadi», — deya Runining so‘zlarini keltirmoqda derbyderbyderby.it nashri.
Eslatib o‘tamiz, Brunu Fernandesh 2020 yildan buyon «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilib kelmoqda.













