Angliyaning «Aston Villa» klubi yana bir chap qanot himoyachisidan jarohat sababli ayrildi. Matteo Rudjeri o‘tgan dam olish kunlari «Brentford»ga qarshi 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuvda sonning orqa qismi mushaklaridan jarohat oldi.
Avvalroq jamoaning asosiy chap qanot himoyachisi Ian Matsen ham to‘pig‘idan jarohat olgan edi. Niderlandiyalik futbolchi hozircha umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytmagan va maydonda yakka tartibda shug‘ullanmoqda.
«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri Chempionlar ligasida «Fenerbahche»ga qarshi uchrashuv oldidan futbolchilarning holati haqida ma’lumot berdi.
«Rujeri kabi futbolchilarimiz jarohat olgan. Uning aniq qancha vaqt maydonga tushmasligini bilmayman, ammo bir necha hafta kerak bo‘ladi. Bir oydan ko‘proq vaqt.
Shu sababli yechim topishga harakat qilyapmiz. Chunki Matsen ham ertangi o‘yinga tayyor emas.
Menimcha, uning ahvoli yaxshilanib borishi kerak. Bir necha kundan keyin, ehtimol, bir yoki ikki hafta ichida u jamoaviy mashg‘ulotlarga qo‘shiladi. Bu ijobiy holat», — dedi Emeri.
Chorshanba oqshomidagi uchrashuvda Aaron Van-Bissaka chap qanot himoyachisi vazifasini bajarishi kutilmoqda.
Futbolchi «Brentford»ga qarshi bahsda ham ushbu pozisiyada sinab ko‘rilgan edi.













