«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik klub tarixida g‘alabalar foizi bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan mutaxassisga aylandi.
Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-turida kataloniyaliklar safarda «Galatasaroy»ni 4:1 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi.
Barça Universal nashrining ma’lum qilishicha, ushbu g‘alabadan so‘ng Flikning «Barselona» bosh murabbiyi sifatidagi g‘alabalar ko‘rsatkichi 77,17 foizga yetdi.
Shu tariqa, germaniyalik mutaxassis mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha avvalgi rekordchi Luis Enrikening natijasini yangiladi. Ispaniyalik murabbiy «Barselona»ni boshqargan davrda uchrashuvlarning 76,24 foizida g‘alaba qozongan edi.
Eslatib o‘tamiz, Hans-Diter Flik 2024 yilning yozidan buyon «Barselona»ni boshqarib kelmoqda.
Uning qo‘l ostida kataloniyaliklar barcha musobaqalar doirasida 127 ta uchrashuv o‘tkazib, 98 tasida g‘alaba qozongan. Shuningdek, jamoa 10 marta durang qayd etgan va 19 ta bahsda mag‘lubiyatga uchragan.
«Barselona» navbatdagi uchrashuvini 17 oktyabr kuni Ispaniya La Ligasining 9-turi doirasida «Betis»ga qarshi safarda o‘tkazadi.
Bahs Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da boshlanadi.













