"Manchester Yunayted" rahbariyati jamoa himoyachisi Lisandro Martinesni klub faoliyatini tanqid qilgani uchun jazoladi. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, Angliya klubi argentinalik futbolchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llagan.
Shuningdek, Romanoning ta’kidlashicha, Martines jarimaga tortilgani va jamoatchilik oldida uzr so‘raganidan so‘ng "Manchester Yunayted" rahbariyati mazkur masalani yopilgan deb hisoblamoqda.
"Qizil iblislar" ushbu voqeaga qayta murojaat qilish yoki futbolchiga nisbatan qo‘shimcha jazo choralarini qo‘llashni rejalashtirmayapti.
28 yoshli Lisandro Martines joriy mavsumda "Manchester Yunayted" safida barcha musobaqalar doirasida yettita uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, "Manchester Yunayted" navbatdagi uchrashuvini 18 oktyabr kuni Angliya Premyer-ligasining 7-turi doirasida "Lids"ga qarshi safarda o‘tkazadi.
Bahs Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.













