Myunxenning "Bavariya" klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani Germaniya Bundesligasi doirasida "RB Leypsig"ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Belgiyalik mutaxassis jamoasining hozirgi holati, raqibning kuchli jihatlari va yanada yuqori darajaga chiqish uchun nimalarni yaxshilash zarurligi haqida to‘xtaldi.
"Biz bor kuchimizni ishga solishga tayyormiz. Oldimizda o‘z maydonimizdagi uchrashuv turibdi va biz albatta g‘alaba qozonishni istaymiz.
"RB Leypsig"ning kuchli tomonlarini yaxshi bilamiz. So‘nggi vaqtlarda ularning o‘yinida ayrim o‘zgarishlar kuzatildi va bu jamoaga foyda keltirdi.
Biroq "Bavariya" ham so‘nggi ikkita uchrashuvda raqiblar darvozasi tomon jami 50 ta zarba yo‘lladi.
Agar o‘yinimizdagi ayrim jihatlarni biroz yaxshilay olsak, o‘zimizning ideal darajamizga juda yaqinlashamiz", — deya Kompanining so‘zlarini keltiradi Bayern & Germany.
Eslatib o‘tamiz, "Bavariya" va "RB Leypsig" o‘rtasidagi Germaniya Bundesligasining 6-tur uchrashuvi 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Bahs Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da boshlanadi.













