Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/10 19:00 Bunyodkor 1-1 So‘g‘diyona
16/10 19:00 Qo‘qon-1912 2-4 Neftchi
16/10 19:00 Surxon 0-0 Xorazm
16/10 23:45 Frozinone 4-2 Sassuolo
17/10 00:00 Deportivo 1-1 Levante
17/10 18:00 Lokomotiv - Nasaf
17/10 19:00 Dinamo - Buxoro
17/10 19:00 Navbahor - Paxtakor

«O‘yinni o‘zing belgilaysan» — FIFA U-20 World Cup 2027™ brendi yosh yulduzlarni futbol tarixida o‘z izini qoldirishga chorlamoqda (video)

«O‘yinni o‘zing belgilaysan» — FIFA U-20 World Cup 2027™ brendi yosh yulduzlarni futbol tarixida o‘z izini qoldirishga chorlamoqda (video)

Baho:
+ | -

FIFA Ozarbayjon va O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan FIFA U-20 World Cup 2027™ musobaqasining rasmiy brendini taqdim etdi. «O‘yinni o‘zing belgilaysan» («U Shape The Game») shiori ostidagi brend bo‘lajak yulduzlarni o‘z tarixini yozishga chorlaydi.

Futbolchilar va muxlislarga qaratilgan «O‘yinni o‘zing belgilaysan» shiori FIFA U-20 Jahon chempionatining asosiy g‘oyasini ifodalaydi. Musobaqa yosh futbolchilarga o‘z iste’dodini namoyon etish, katta yutuqlarga erishish va futbol tarixida o‘z nomini qoldirish imkonini beradi.

Rasmiy emblemada O‘zbekiston va Ozarbayjonning boy madaniy merosidan ilhomlangan milliy naqshlar hamda mozaika elementlari aks etgan. An’anaviy bezaklar zamonaviy shakllar va ranglar uyg‘unligi orqali yangicha talqinda namoyon etilgan.

Emblemaning markazidan yorqin va o‘ziga xos «U» harfi o‘rin olgan. U yosh futbolchilarning o‘z kelajagini yaratish va futbol rivojiga hissa qo‘shish salohiyatini ifodalaydi. Shuningdek, emblema futbolchilar va muxlislarning musobaqadagi muhim o‘rnini ta’kidlaydi.

Ko‘k-yashil, yashil, binafsha va qizil ranglar uyg‘unligi musobaqaga o‘ziga xos ko‘rinish bag‘ishlaydi. Ranglarning bir-biriga uyg‘un o‘tishi esa O‘zbekiston va Ozarbayjonni yagona brend ostida birlashtiradi.

FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryom shunday dedi:

«Yosh futbolchilar uchun Jahon chempionatida o‘z mamlakati sharafini himoya qilish — butun faoliyati davomida faxr bilan eslaydigan ulkan yutuq. Shu bilan birga, bu ular uchun yangi tajriba orttirish, turli futbol uslublarini o‘rganish, yangi muhitga moslashish va tengdoshlari orasidagi eng kuchli futbolchilarga qarshi maydonga tushish imkoniyatidir.

«O‘yinni o‘zing belgilaysan» shiori aynan yosh futbolchilarga qaratilgan. Chunki bu musobaqa ularga o‘z iste’dodini namoyon etish va futbol tarixida o‘z izini qoldirish imkonini beradi.

Biz mezbon davlatlar — Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan hamkorlikda yosh futbolchilar FIFA U-20 Jahon chempionatida o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratmoqchimiz. Shuningdek, ularga musobaqa yakunlanganidan keyin ham uzoq vaqt yodlarida qoladigan unutilmas taassurotlar ulashishni istaymiz. Bu boradagi samarali hamkorligi uchun har ikki mezbon davlatga minnatdorlik bildiramiz».

Bugun musobaqa brendi taqdimotiga bag‘ishlangan tantanalar har ikki mezbon davlat poytaxtida davom etadi. Turnirga tayyorgarlik ishlari jadallashayotgan bir paytda Boku va Toshkentning diqqatga sazovor joylarida rasmiy emblemani namoyish etish rejalashtirilgan.

Ozarbayjon futbol federasiyalari assosiasiyasi (AFFA) prezidenti Rovshan Najaf shunday dedi:

«FIFA U-20 Jahon chempionati turli mamlakatlardan kelgan yosh futbolchilarga o‘z iste’dodini namoyish etish, xalqaro tajriba orttirish va sport faoliyatida muhim qadam tashlash uchun katta imkoniyat yaratadi. Ishonamizki, ushbu musobaqa yuqori saviyadagi sport bellashuvi bo‘lish bilan bir qatorda, yosh futbolchilarning rivojlanishi va muxlislarning futbolga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish uchun muhim maydon vazifasini ham bajaradi».

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov esa quyidagilarni ta’kidladi:

«FIFA U-20 Jahon chempionati yosh futbolchilarga o‘z iste’dodlarini xalqaro miqyosda namoyish etish, tajriba orttirish va professional faoliyatida yangi bosqichga chiqish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Ishonamizki, O‘zbekiston va qardosh Ozarbayjonda o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi mundial mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilib, butun dunyo ishqibozlarining e’tirofiga sazovor bo‘ladi».

FIFA U-20 Jahon chempionati — 2027 tarixdagi 25-musobaqa bo‘lib, 1977 yilda Tunisda o‘tkazilgan ilk turnirning 50 yilligiga to‘g‘ri keladi. Diyego Maradona, Lionel Messi va Erling Holand kabi mashhur futbolchilar ham faoliyatlarining ilk bosqichlarida ushbu turnirda ishtirok etishgan.

Navbatdagi musobaqa yosh futbolchilarga o‘z iste’dodini namoyish etish va futbol tarixida o‘z nomini qoldirish imkonini beradi. Muxlislar esa kelajakda jahon futboli yulduzlariga aylanishi mumkin bo‘lgan iqtidorlarni kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Manba: ufa.uz
Kiritildi: 22:53, 16.10.2026.
O'qildi: 1038 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик