«Betis» himoyachisi Ektor Belyerin ispaniyalik strimer va YouTube blogeri Mikel Anguloga qarshi sudga murojaat qildi. Bunga blogerning futbolchi haqidagi haqoratli va gomofobiya alomatlariga ega deb baholangan fikrlari sabab bo‘lgan.
Voqea sentyabr oyi boshida «Betis» va Madridning «Real» klublari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida yuz bergan. Angulo YouTube platformasidagi jonli efir davomida o‘yinni sharhlar ekan, Belyerinning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq ayrim jihatlarni masxara qilgan.
Derbyderbyderby.it nashri Europa Press agentligiga tayanib xabar berishicha, futbolchining shikoyatida bloger nafrat zamiridagi jinoyatni sodir etish hamda omma oldida og‘ir haqoratlar qilishda ayblanmoqda.
Mazkur shikoyat Sevilya shahridagi sudning tergov bo‘limiga taqdim etilgan. Endi Anguloning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.













