Dortmundning "Borussiya" klubi stadionga tashrif buyuradigan muxlislar uchun o‘ziga xos rag‘batlantirish tizimini joriy qildi. Endi uchrashuv davomida smartfonidan foydalanmagan ishqibozlar maxsus ball to‘plash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nemis klubi o‘zining rasmiy mobil ilovasiga "Fan Mode" ("Muxlis rejimi") nomli yangi funksiyani qo‘shdi.
Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — muxlislarni telefon ekraniga emas, maydondagi voqealarga ko‘proq e’tibor qaratishga undash.
"Borussiya" rahbariyati ishqibozlar stadiondagi muhitni to‘liq his qilishi, jamoasini faol qo‘llab-quvvatlashi va futboldan yanada ko‘proq zavq olishini istamoqda.
Yangi tizim juda oddiy tartibda ishlaydi. Muxlis maxsus rejimni faollashtirganidan so‘ng smartfonini qulfdan chiqarmasdan o‘tkazgan har bir daqiqasi uchun ball oladi.
Foydalanuvchi telefondan qancha uzoq vaqt foydalanmasa, uning hisobiga shuncha ko‘p ball qo‘shiladi.













