Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Manchester Yunayted» qishki transferlarga muhtoj emas

«Manchester Yunayted» qishki transferlarga muhtoj emas

Baho:
+ | -

Yaqinda Joze Mourinyodan qishki transfer oynasi haqida so’ralganda u o’z qiziqishlari borasida ancha qat’iy javob bergan edi: «Siz mendan 1-yanvardan biror yangi futbolchini olib kelishimizni istashim haqida so’rasangiz, «yo’q» deb javob beraman. Menga jamoam yoqadi, men jamoamga ishonaman». «Qizil iblislar»ning so’nggi paytlarda ko’rsatayotgan o’yini bunday dadil bayonotga sabab bo’lgan bo’lsa ajab emas.

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi transfer bozoriga shoshilmayotganida jon bor – mankunianlarning asosiy xaridi bo’lishi kutilayotgan shvetsiyalik himoyachi Viktor Lindelofning transferidan «Benfika» eng katta foydani olishni ko’zlab turgan bir paytda Mourinyo ishonchli o’ng qanot himoyachisini topib bo’ldi. Jamoaning so’nggi bir oy davomidagi natijalari portugaliyalik mutaxassis o’z futbolchilariga bo’lgan ishonchdan mamnun ekanligiga asos bo’la oladi.

Morgan Shnayderlin, Memfis Depay va Bastian Shvaynshtaygerning ketishi to’g’risidagi xabarlar tez-tez tarqalib turgan bo’lsa-da Mourinyo o’z qo’li ostidagi tarkib bilan sifatli o’yin ko’rsata olishini isbotladi. Kuzdagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin 53 yoshli murabbiy o’z futbolchilari bilan yaxshi natijalarga erishishni baribir uddaladi – so’nggi 7 o’yindagi muvaffaqiyat tufayli hozirda «Yunayted» Premyer Liga peshqadamidan 10 ochkolik farq bilan Chempionlar Ligasi yo’llanmasiga da’vogarlar qatorida turibdi.

Mavsum davomida ilk marta jamoa barqaror markaziy himoya juftligiga ega bo’ldi – Fil Jons va Markos Roxo tandemi bu o’rin uchun ideal ko’rinmasligi ularning ishonchli o’yin ko’rsatishiga xalal bermayapti. Lui van Gaal davrida markaziy himoyada Kris Smolling va Deyli Blind juftligi muntazam ravishda harakat qilgan edi, bu mavsumda ham Smolling Erik Bayi bilan birga mudofaa markazini ta’minlashi kutilgandi.

Biroq ikkala futbolchining ham jarohat olishi Jons va Roxoga yo’l ochildi – endi esa Erik Beylining olti hafta davomida Afrika Millatlar Kubigidagi ishtiroki sabab jamoa ixtiyorida bo’lmasligi ham avvalgidek qo’rqinchli tuyulmayapti. Endi Mourinyo ushbu vaqt davomida ivuarlik futbolchi tomonidan qoldirilgan bo’shliqni to’ldirish o’rniga yangi juftlikni takomillashtirish bilan band bo’ladi.

Qanotlarda ham ishlar yomon emas – o’ng qanotda Antonio Valensiya ishonchni oqlayotgan bo’lsa, chapda Matteo Darmian va Deyli Blind Lyuk Shouning yo’qligini bildirmayapti. So’nggi ikki yarim yilda klub tarkibida faqatgina 41 ta o’yin o’tkazgan angliyalik himoyachida o’yin amaliyoti kamligi muammo tug’dirgan taqdirda Mourinyo uning o’rnini sifatli zaxira bilan to’ldira oladi.

Yarim himoyada Lui van Gaal davrida asosan soyada qolib ketgan Maykl Kerrik va Ander Errera so’nggi ikki oy davomida ajoyib juftlikni hosil qilidi. Pol Pogba esa nihoyat o’zidan kutilgan o’yinni ko’rsatishni boshlab, dunyoning eng qimmat futbolchisi mas’uliyatini yelkasidan tushirishga muvaffaq bo’lmoqda. Mourinyo shuningdek Maruan Fellaynini qanotlatda qo’llashi va Pogbani bir necha pozitsiyada o’ynatishi mumkin.

Yangi jamoasi bilan barcha musobaqalarda 18 gol urishga ulgurgan Zlatan Ibrahimovichning ortida o’ynash uchun esa Pogba, Xuan Mata, Genrix Mxitaryan, Jesse Lingard, Antoni Marsial va unutilib borayotgan Ueyn Runi raqobatlashmoqda. Ibrahimovich jarohat tufayli safdan chiqqan taqdirda ham Reshford, Runi va Marsial uning o’rnini to’ldirishga shay bo’lib turadi.

Mavsum boshida Mourinyo eng yaxshi tarkibni tanlash borasida muammolarga duch kelgan edi – endi esa unda keragidan ancha ortiq muqobillar borligi ko’rinmoqda. Uning jamoasi o’zi o’ziga orttirib olgan vazifa – kuchli beshlikning ortidan quvishni muvaffaqiyatli uddalayapti va bu borada Ser Aleks Fergyussonning iste’fosidan buyon o’zining eng yaxshi o’yini namoyish etmoqda.

Shunga qaramay, «Old Trafford»ga yanvarda bir futbolchi – Lindelof kelishi mumkin. Shvetsiyalik himoyachi «Benfika»ning so’nggi o’yinlarida ko’p ko’rinish bermayapti – biroq rotatsiyaga odatlangan lissabonliklar uchun bu tabiiy hol. «Benfika» 22 yoshli futbolchini 8 million funtdan kamiga sotmaslik siyosatidan voz kechgan taqdirda ushbu transfer shu qishdayoq amalga oshishi hech gap emas.

Biroq lissabonliklar narxni oshirishda davom etsa, so’nggi o’yinlarda o’zini yaxshi ko’rsatayotgan «Manchester Yunayted» uni har qanday narx evaziga qo’lga kiritish istagidan voz kechishi va mavjud tarkibning kuchli taraflariga e’tiborini qaratishi mumkin. Mourinyo hozirda o’zgarishlar qilishga haqli, ammo bunga majbur emas.

Manba: muhokama.com
Kiritildi: 21:34, 07.01.2017.
O'qildi: 7063 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.