Dunyoning ilg‘or futbol akademiyalaridan biri hisoblangan «La Masiya» negadir yosh iqtidorlarni yetkazib berishdan to‘xtab qoldi. Bombardir.ru sayti vakillari bu turg‘unlikning asl sabablarini aniqlashga urinib ko‘rishdi. «Barselona» - Messi ham, Xavi yoki Inyesta ham emas. U shuningdek, hashamatli «Kamp Nou» yoki butun dunyoga sochilib ketgan ulkan fanatlar armiyasi ham emas. «Barselona» - boshqa barcha jamoalardan yaqqol ajralib turadigan yaxlit bir falsafa! «Ko‘k-anorrang» tizim shu yagona g‘oya bilan mushtarak». 2010 yili nufuzli «Oltin to‘p»ga asosiy da’vogarlar sifatida Messi, Xavi hamda Inyesta e’tirof etilganida, «Barselona» o‘zini «ettinchi osmon»da his etgandi. 2012 yilning noyabrida marhum Vilanova «Levante»ga qarshi bahsda klubning 11 nafar tarbiyalanuvchisini maydonga tushirganida, butun dunyo jamoaning naqadar zo‘r ekanligini ochiq e’tirof etdi. Darhaqiqat, mana shu muvaffaqiyat oldida Messining qahramonliklari-yu, «Barsa»ning CHLdagi g‘olibona yurishlari ham xiralashib qolardi. Hozir esa umumiy vaziyat tamoman o‘zgacha. Deylik, Gvardiola jamoani tark etganidan keyin akademiyaning biror tar-biyalanuvchisi asosiy tarkibdan muntazam joy olishni uddalay olmadi. Bu shunchaki, tasodif emas. Xo‘sh, «La Masiya»ga nima «jin» urdi? Nahotki, unga ko‘z tekkan bo‘lsa? Axir bu dargoh «Barselona» muvaffaqiyatlari garovi edi-ku...
«La Masiya» qanday shakllangan?
Akademiyaning tuzilish tizimini 1988 yili Yoxan Kroyff taklif etgan. U bir necha yosh toifalarga bo‘linadi. «Benxaminos» guruhida 12 yoshgacha bo‘lgan bolakaylar, «Kated»da 12-15 yoshlilar, «Infantil»da 15-17 yoshli o‘spirin yigitlar va «Xuvenil»da 17 yoshdan katta o‘smirlar tahsil olishadi. Undan keyingi bosqich - «Barselona-B». Har qaysi toifada 25 nafar tarbiyalanuvchidan iborat bir nechta guruh mavjud. To‘g‘ri, yosh toifasi qat’iy belgilangan emas. Agar qaysidir iqtidor sohibi mahorat bobida o‘z tengdoshlaridan o‘zib ketsa, katta yoshlilar guruhida shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tarbiyalanuvchilar internetda mashg‘ulotlar bilan birgalikda maktab dasturi bo‘yicha saboq oladilar. 90-yillarda akademiyaga kelgan bolalar Kroyff taklif etgan uslub bo‘yicha 2500ta sessiyada ta’lim olishgan. Gvardiola, Xavi, Inyesta, Buskets, Messi, Pike kabi bugungi yulduzlar shular jumlasidan.
Akademiyaning asosiy e’tibori muayyan natijalar ortidan quvish emas, chinakam mahoratli futbolchilarni tarbiyalashga qaratilgan. E’tiborlisi, «La Masiya» futbol olamiga nafaqat yulduz o‘yinchilar, balki Gvardiola, Enrike va Vilanova kabi malakali murabbiylarni ham tuhfa etdi. Ular yangi sohadagi faoliyatni aynan shu akademiyada boshlab, keyin katta futbolga bosh suqishdi.
Hozir nima o‘zgargan?
Kataloniya klubi sobiq prezidenti Sandro Rossel 2012 yili «Barselona-B» bosh murabbiyi lavozimiga eski tanishi Eusebio Sakristanni, akademiya rahbarligiga esa Alberto Puigani taklif etdi va shu bilan o‘zgarishlar boshlandi. Vaholanki, Xose Alesanko akademiyani 20 yil davomida muvaffaqiyatli boshqarib kelgandi. U o‘z qat’iyati va qoidalarni birinchi o‘ringa qo‘yishi bilan dong taratgandi. Muhimi, Alesanko qattiqqo‘l rahbar bo‘lishiga qaramay, muhtojlardan yordamini ayamasdi. Masalan, Messining tarixi bunga yaqqol misol. Alesanko ichki tartib-intizomga rioya qilmagan talabalarni zudlik bilan akademiyadan chetlatardi. Uning o‘rnini Alberto Puiga egallagach, «La Masiya» tanazzulga yuz tutdi. Ha, o‘tgan yili «Barsa» tizimidagi jamoalar 14ta musobaqaning 13tasida g‘olib chiqib, Xosep Bartomeu va uning safdoshlari «ko‘cha»siga bayram olib kirishdi. Biroq ko‘zni qamashtiruvchi yorqin zafarlar zamirida ayanchli fojia yashirin edi. Ya’ni yangi rahbariyat ta’sirida «La Masiya»ning faoliyat yo‘nalishi batamom o‘zgardi, sovrinlarni qo‘lga kiritish bosh vazifaga aylandi. Oqibatda bir necha yillar davomida segundada hukmronlik qilgan jamoa bir qator braziliyalik iqtidorlarni xarid qildi. Boz ustiga, Dos Santos, Oyer, Telyo va Bartra bilan tuzilgan shartnomalarga har qanday vaziyatda ularning bosh jamoada to‘p surishlari kafolatlanishi xususida alohida band qo‘shib qo‘yildi. Yakunda esa jamoa yosh iqtidor sohiblarini qonunga xilof ravishda xarid qilgani uchun segundadan chetlatildi. Tabiiyki, bosh jamoaga ham hech qanday naf tegmadi, yuqoridagi futbolchilardan faqat Bartragina «Barselona»da to‘p surish imkoniyatini saqlab qoldi. Yosh iqtidor sohiblarini izlab topish vazifasi Alberto Puigaga topshirilgach, u chekka hududlarni kezish o‘rniga «Real» bilan mamlakatdagi mahoratli futbolchilarni talasha boshladi. Tez orada 37ta surishtiruv ishlari natijasida 9 nafar legioner jamoa tarkibidan chetlatildi. Bu klubning nufuziga jiddiy putur yetkazdi. «La Masiya»dagi tartib-intizom izdan chiqqanligi bois, uning samaradorligi pasayib ketdi. Akademiyada 20 yildan ko‘proq faoliyat yuritgan, rahbariyatdagi o‘zgarishlar tufayli ishsiz qolgan Albert Benayges shunday hikoya qiladi: «Alesanko ketganidan keyin «La Masiya» inqirozga yuz tutdi. Uning faoliyatida sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, kichik guruhlardagi tarbiyalanuvchi qoidani buzsa, uni jazolashardi. Lekin yoshi kattaroq futbolchi o‘zini talab darajasida tutmasa-chi? Bir paytlar «quloqsiz» «kated»ni «benxamin»lar davrasida shug‘ullanishga majbur etganmiz. Qo‘shimchasiga, yoshi kichik futbolchilar buyumlarini ko‘tarib yurishni ham uning zimmasiga yuklardik. Bundan tashqari, o‘sha qoidabuzarning Nike bilan tuzgan shartnomasini bekor qilib, boshqa shaharlarda bo‘ladigan turnirlarga borish huquqidan mahrum etardik. Mana shu choralar unga achchiq saboq sifatida xizmat qilib, yakunda mahoratli futbolchiga aylanardi. Hozir esa intizom bo‘shashib ketgan, mashg‘ulotlarga kechikib kelish kuzatilmoqda».
Nima uchun shunday bo‘lyapti?
Qaysidir ma’noda «Barsa» mutasaddilarini ham tushunish mumkin. Iqtidorli yigitlar 16 yoshdayoq yirik shartnomaga ega bo‘lmoqdalar. Taajjubki, Buskets, Pedro va ularga o‘xshash noyob iqtidor sohiblarining Gvardiola davridagi muvaffaqiyati keyinchalik salbiy o‘zgarishlarga yo‘l ochdi. O‘sha davrda har bir tarbiyalanuvchi qachondir «Kamp Nou»da maydonga tushshiga aniq ishonardi. Jamoa asosiy urg‘uni qimmatbaho legionerga qarata boshlagach, akademiya a’zolari uchun eshiklar yopilib qoldi. Natijada hafsalani yo‘qotgan ko‘plab talabalar boshqa jamoalar tizimiga o‘tib ketishdi. «Kated» guruhlaridagi yoshlarga «Barselona» 3 yillik shartnoma taklif etib, ularni mos ravishda yiliga 8-10 va 12 ming yevrolik ish haqi bilan ta’minlab turadi. Yosh futbolchilar muvaffaqiyatli to‘p surgan taqdirdagina navbati bilan «Xuvenil-B» va «Xuvenil-A» jamoalarida o‘ynash imkoniyatini hosil qilishadi. Endi bir o‘ylang, ayni shu payt yosh iqtidor sohiblari «Chelsi», «Arsenal» yoki «Roma» kabi shartli grandlardan 100-150 minglik taklif olishadi. Qo‘shimchasiga, asosiy tarkibda mashg‘ulot o‘tash imkoniga ham ega bo‘lishadi. Buning oqibatida «Barsa» o‘z vaqtida Fabregas va Pikeni qo‘ldan chiqargandi. Keyinchalik, Oriol Romeu («Chelsi»), Ruben Rochina («Blekbern»), Patrik («Lasio»), Luis Alberto («Liverpul»), Denis Suares («Manchester Siti») va Grimaldo («Benfika») kabilar klubni tark etishdi. Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Vaziyatni qanday o‘zgartirish mumkin?
«Ayaks»dan ibrat olish bilan! Birinchidan, bu jamoa yosh futbolchilarga ijara kelishuvi asosida to‘p surish imkonini beradi. Ikkinchidan, ularda klubga sodiqlik fazilatini singdiradi. Uchinchidan, yoshlik paytidanoq agentlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan iqtidor sohibini o‘z tizimiga qabul qilmaydi. «La Masiya» yangi mutasaddilar tasarrufiga o‘tganidan keyin shunga o‘xshash qadriyatlar qo‘ldan boy berildi va oqibatda «Xuvenil» bosqichidayoq ko‘plab iqtidorlar qo‘ldan chiqarildi.
Murabbiylar
Andoni Subisaretta 2012 yili umumiy holatni o‘nglash maqsadida yosh futbolchilarni tayyorlash uslubini takomillashtirish xususida faoliyat yuritadigan maxsus bo‘lim tashkil etdi. Biroq nazariy mashg‘ulotlar shunchalik zerikarli edi-ki, tinglovchilar ma’ruza payti pinakka ketib qolishardi. Murabbiylar ham qandaydir manfaat olish yo‘lini topa olishmadi. Shu tariqa klub falsafasidan chekinib, g‘alabaga erishishning yengilroq yo‘llarini qidira boshladilar. Jumladan, jismoniy jihatdan baquvvat sanalgan afrikalik futbolchilarga ko‘proq e’tibor bera boshlashdi. Biroq birgina Adama Tra-oreni hisobga olmasak, «qora qit’a» vakillarining hech biriga «Kamp Nou»da maydonga tushish nasib etmadi. «Real»ning bu boradagi siyosati tamoman o‘zgacha. Poytaxtda uslubiyatga emas, jarangdor nomlarga e’tibor beriladi. «Kastilya» tizgini Zidan, De la Red, Guti va Solari kabi afsonalar qo‘lida. Bu esa samara bermoqda. Morato, Nacho va Xese kabi yulduzlar shu tariqa kashf etildi. «Barsa» esa o‘z falsafasidan ham, uslubidan ham voz kechdiki, murabbiylar orasidan ulkan tajribaga ega malakali shaxslar yetishib chiqishmadi. Eusebio Sakristan «Barselona-B»ning bosh murabbiyi maqomini olgach, futbolchilarning taraqqiyoti ikkinchi masalaga aylanib, natija birinchi o‘ringa chiqdi. Murabbiylar shtabi himoyaviy futbolni tanlab, muayyan natijalarga erishdi. Ammo o‘yinchilar o‘sishdan shunchaki, to‘xtab qolishdi. Sakristanning o‘zi 4 yillik faoliyatidan so‘ng «Valensiya»ga o‘tib, jamoani tez orada inqiroz ko‘chasiga sudrab kirdi...
Hozirgi vaziyat qanday?
Akademiyaning qoniqarsiz natijalari bois, Puiga va Amor iste’foga chiqarildilar. O‘z vaqtida bosh murabbiy yordamchisi vazifasini ado etgan Jorji Roura prezident etib tayinlandi. «Barselona-B» «ruli» esa Jerar Lopesga topshirildi. U akademiyaning bugungi javohiri hisoblangan Karles Alenya («Barselona-B»ning yagona umidi)ga ustozlik qilmoqda. Xullas, 5 yil ichidagi ajabtovur islohotlar «La Masiya»ni tanazzulga olib keldi. Mo‘ljalni yo‘qotgan mutasaddilar avvalgi holatni tiklash yo‘lini topa bilishmayapti.
Gvardiola davrida «Barselona» asosiy tarkibida debyut qilgan «La Masiya» tarbiyalanuvchilari: Buskets, Pedro, Tyago, Rafinya, Kuenka, TelYO, Dos Santos, Botiya, Vaskes, Planas, Gomes, Bartra, Xeffren, Fontas, Munyesa, Oyer, Nolito, Romeu, Deulofeu, Roberto, Montoyya
Gvardiola ketganidan keyin «Barselona» asosiy tarkibida debyut qilgan «La Masiya» tarbiyalanuvchilari: Adama, Masip, Munir, Sandro, Gumbau, Samper, Alenya