Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Dilshod Rahmatov: «Shanxaydagilar Ahmedovning suratini ko‘rsatib, rosa maqtanishdi»

Dilshod Rahmatov: «Shanxaydagilar Ahmedovning suratini ko‘rsatib, rosa maqtanishdi»

Baho:
+ | -

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Dilshod Rahmatov faoliyatini Xitoy chempionatida davom ettiryapti. Tajribali futzalchimiz Chin yurtining «Dalyan Puvan Anbo» klubi bilan shartnoma imzoladi. Klub va Rahmatov o‘rtasidagi kelishuv bir yilga mo‘ljallangan. Agar hammasi risoladigidek davom etsa, shartnoma yana bir yilga uzaytiriladi. Bu klub o‘tgan mavsumda Xitoy vise-chempioni bo‘lgan edi. Hozircha o‘tkazilgan uchta turdan so‘ng Xitoy chempionatida aynan «Dalyan» klubi 9 ochko bilan to‘plar nisbatiga ko‘ra peshqadamlik qilyapti. «Shenjen» klubi ham peshqadamlar safida bormoqda. Ma’lumot uchun, Xitoy chempionatida 10ta jamoa ishtirok etyapti. 2016 yilning so‘nggi kunida, ya’ni 31 dekabr sanasi futzalchimiz o‘ynayotgan «Dalyan Puvan Anbo» klubi chempionatning 3-tur uchrashuvini o‘tkazdi. «Dalyan» o‘z maydonida «Shanxay» jamoasini qabul qilib, zafar quchdi (8:4). Rahmatov garchi uchrashuvda faol harakat qilgan bo‘lsada, bu safar raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadi. Bundan avvalgi ikki o‘yinda u 3ta gol urgandi. Biz aynan «Shanxay»ga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng Dilshod Rahmatovdan intervyu oldik.

- Dilshod, Xitoy varianti qanday paydo bo‘ldi? Transferingiz qay tarzda amalga oshdi? Agent orqali gaplashildimi?

- Ha, Xitoy klubiga agent orqali o‘tdim. O‘tgan yili fevral oyida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionati chog‘ida Xitoy klubidan taklif tushgan edi. O‘shanda og‘zaki kelishuvga erishgandik. Faqat biz bitta shart qo‘ygan edik. Ya’ni, Xitoy klubi bilan rasmiy muzokaralar va ko‘rik jarayoni Kolumbiyadagi jahon chempionatidan so‘ng o‘tkazilishiga kelishib olgandik. Amalda ham shunday bo‘ldi. Bordim, mashg‘ulotlarda ishtirok etdim, tibbiy ko‘rikdan o‘tdim va shartnomaga imzo chekdim.

- Siz uchun Xitoy chempionati begona emas edi. Avval ham o‘ynagansiz. Shu ma’noda yangi muhitga moslashish jarayoni qiyin kechmayotgan bo‘lsa kerak?

- Xuddi shunday. 2014 yili Xitoyning «Gansu Masray» klubi sharafini himoya qilganman. O‘shanda terma jamoamizning yana bir a’zosi Shuhrat Tojiboyev bilan birga bir mavsum «Gansu» tarkibida to‘p surgan edik. O‘sha yili «Ardus» bilan amaldagi shartnomam bor edi. Shu sababli ham Xitoy klubida ijara asosida o‘ynadim. Ijara muddati yakunlanganidan so‘ng xitoyliklar shartnomani uzaytirish taklifi bilan chiqishdi. Lekin Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko‘rish uchun ortga qaytishim kerak edi. Xose Mariya Mendez terma jamoaga nomzod barcha futzalchilarning O‘zbekis­tonda o‘ynashlarini istadi. Shu tariqa «Ardus»ga qaytishimga to‘g‘ri keldi.

- Yuqorida Xitoyga o‘tishim agent orqali amalga oshdi, dedingiz. Shu masalaga aniqlik kiritsangiz.

- Terma jamoamiz bosh murabbiyi Xose Mariya Mendezning yaqin do‘sti agent vazifasini bajardi. U Xitoy vise-chempionidan taklif bo‘layotganini aytdi. Jahon chempionatidan ke­yin menga rasmiy shartnoma imzolash taklifi bilan chiqishdi va transferim amalga oshdi.

- Xitoy klubi tarkibida sizdan boshqa legioner futzalchilar ham bormi?

- Ha, albatta bor. Bir nafar braziliyalik futzalchi Diyego Enrike o‘ynaydi. U universal o‘yinchi.

- Jamoa bosh murabbiyi xorijlik mutaxassismi?

- Yo‘q. Mahalliy mutaxassis jamoaga murabbiylik qiladi. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyimiz braziliyalik.

- Xitoy futbolida legionerlarga bo‘lgan e’tibor keskin oshib ketdi. Boshni aylantiradigan darajadagi transferlar amalga oshirilyapti. Futzalda ham shunga yaqin ko‘rinish ko‘zga tashlanyaptimi?

- Xitoy oliy ligasidagi 10ta jamoadan 8tasida legioner futzalchilar bor. Klublarda xorijlik mutaxassislar ishlashyapti.

- Xitoy chempionatida bizdan yagona vakil sizmi?

- Yo‘q, nega endi? Oldingi o‘ynagan jamoamda, ya’ni «Gansu»da Shuhrat Tojiboyev va To‘ychiboy Berdiyev to‘p surishyapti. Bu borada ham yolg‘izlanib qolmayman.

- Sizga yaratib berilgan sharoitlar yaxshimi?

- Nolimayman. Yaxshi uy-joy bilan ta’minlashdi. Alohida yashayman. Murabbiy va futzalchilar bilan tarjimon orqali gaplashaman.

- Xitoy chempionatining saviyasi qanday?

- Bizning chempionatdan sezilarli darajada kuchli ekan, deya olmayman. Aksincha, menga O‘zbekiston chempionati kuchlidek tuyulyapti.

- Chempionati biznikiga o‘xshaydimi?

- Yo‘q. Biroz farq qiladi. Bizda jamoalar bir shaharda to‘planib, tur o‘yinlarini qandaydir 4-5 kun ichida o‘tkazishadi. Xitoy chempionati har haftada o‘tkaziladi. Aniqrog‘i, har bir jamoa bir haftada bitta uchrashuvda maydonga tushadi. O‘yinlar uy-safar tizimida tashkil etiladi. 

- «Shanxay»ga qarshi kechgan so‘ng­gi o‘yin haqida fikringiz qanday?

- Gol urolmaganimni inobatga olmasa, hammasi a’lo darajada. Uchta o‘yinda 3ta g‘alabaga erishdik. Bundan avvalgi ikkita o‘yinda 3ta to‘p kiritgandim. Bu safar raqib darvozasini ishg‘ol qilish nasib etmadi. Shunday bo‘lsada, bir narsadan juda-juda xursand bo‘ldim. «Shanxay» futzal klubining o‘yinchilari, murabbiylari Odil Ahmedovning suratini ko‘rsatib, «Bu futbolchi bizning katta futboldagi jamoamizga keldi», deb rosa maqtanishdi. Albatta, bundan juda ham faxrlandim.

 

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 21:08, 12.01.2017.
O'qildi: 13155 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.