Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Sanjar Shoahmedov: “Lokomotiv” aslo kuchsizlanib qolgani yo‘q"

Sanjar Shoahmedov: “Lokomotiv” aslo kuchsizlanib qolgani yo‘q"

Baho:
+ | -

"Lokomotiv" ishqibozlarining yoqimtoy futbolchilaridan biriga aylangan yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov endi faoliyatini boshqa jamoada davom ettiradi. U ham xuddi Temurxo‘ja Abduxoliqov kabi Qatarning “Al Sayliya” jamoasi a’zosiga aylandi.

“Lokomotiv” safida ancha mazmunli faoliyat olib borgan futbolchi klubimiz matbuot xizmatiga eksklyuziv intervyu berdi.

— Temurxo‘jadan so‘ng siz ham Qatar klubiga yo‘l oldingiz. Bu qanday sodir bo‘ldi?

— “Lokomotiv” jamoasi tarkibida Dubayda o‘tayotgan mavsumoldi yig‘inida qatnashayotgan edim. Bu orada Qatar klubidan taklif kelib tushdi. Dastlab Temurxo‘ja Dohaga bordi va jamoadagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. So‘ngra men ham bu yerga yo‘l oldim.

— Temurxo‘ja bilan yana bir klubda bo‘lishingiz tasodifmi? Bunga o‘zingiz qanday izoh berasiz?

— Bilasizmi, bu – juda ajoyib tasodif. Aytib o‘tganimdek, Dubaydagi yig‘in payti ikkimizga ham xorijdan chorlov bo‘ldi. Qiziq jihati shundaki, ikkalamizga ham bir jamoa qiziqish bildirdi. Bundn xursand bo‘ldik, albatta. Zero bir-birimizga dalda bo‘lgan holda birgalikda to‘p surishimizdan quvondik.

— Futbolchilarning birin-ketin «Lokomotiv»dan ketishi muxlislarni sarosimaga solyapti. Jamoa kuchsizlanib qolmasmikin?

— Yo‘q! “Loko” aslo kuchsizlanib qolmaydi. Chunki tarkibda ajoyib o‘yinchilar yig‘ilgan. Ketgan futbolchilarning o‘rnini bilintirmaydigan yoshlar ham mavjud. Shu boisdan ham jamoa rahbariyati yoshlarga imkon berish maqsadida va tarkibga yangi mahoratli o‘yinchilar qo‘shilganini inobatga olib, xorijdan chaqiruv olgan futbolchilarga ruxsat bermoqda.

— Jeparov va Shoahmedovsiz jamoaning yarim himoya chizig‘i qanday ko‘rinish oladi deb o‘ylaysiz?

— Aytib o‘tganimdek, “Loko” safida juda iqtidorli va mahoratli o‘yinchilar bor. O‘tgan mavsumda kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan futbolchilar mana endi yangi yilda o‘zlarini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lishadi. Bu – futbolda oddiy holat, menimcha.

— «Loko» futbolchilari bilan xayrlashish qanday bo‘ldi?

— Rostini aytadigan bo‘lsam, “Loko”dan ketish men uchun og‘ir. Sababi ushbu jamoa tarkibida juda ajoyib g‘alabalarga erishdim. Mamlakat chempioni degan unvonga aynan mana shu jamoa safida ega chiqdim. Bunday g‘alabalarni so‘z bilan ta’riflab berish qiyin. Lekin qachondir baribir o‘zimni xorijiy chempionatda sinab ko‘rishim lozim edi, deb o‘ylayman.

— Jamoa bu yil ham chempionlik va Kubok uchun kurasha oladimi?

— Albatta! Ishonchim komilki, “Lokomotiv” – 2017 yilda ham O‘zbekiston chempioni bo‘lish uchun asosiy da’vogar. Bunga tarkibda yig‘ilgan futbolchilarning tajriba va mahorati imkon beradi. Qolaversa, yosh iqtidorli futbolchilarning ishtiyoqi ham “Loko”ga yangi mavsumda yangi g‘alabalarni qo‘lga kiritish uchun turtki bo‘ladi.

— Faoliyatingizda birinchi bor O‘zbekistondan chetda to‘p surasiz. Qanday hissiyotlarni boshdan o‘tkazyapsiz?

— To‘g‘risi, biroz hayajon bor. Lekin o‘yinlar boshlangach bu hayajon o‘tib ketishiga ishonaman. Ana endi yangi jamoa safida o‘zimni ko‘rsatib, o‘zbek futboli dovrug‘ini yoyishga harakat qilaman. Umid qilamanki, mendan kutilayotgan o‘yinni namoyish etishni uddalayman.

— Shu o‘rinda «Loko» muxlislariga nimalar degan bo‘lardingiz?

— “Lokomotiv” – mening qalbimda qoladigan jamoa. Uning muxlislarini ham aslo unutmayman. Jamoa ishqibozlari bizni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlab turgani o‘yinchilarga kuch berardi va natijada biz Oliy ligada zafar quchishga muvaffaq bo‘ldik. Shuning uchun ham jamoa muxlislariga minnatdorchilik bildiraman va ularga omad tilayman. Qolaversa, “Loko”da mehnat qilayotgan har bir xodimga, rahbariyat-u futbolchilarga ham ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilayman.

Manba: lokomotiv.uz
Kiritildi: 17:39, 17.01.2017.
O'qildi: 7604 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.