«Real» avval ham bunday vaziyatga tushgandi. 2014 yildagi 22 o‘yinlik g‘alabalar seriyasidan keyin «Qirollik klubi» jahon futboli taxtini egallagandek tuyulgan edi. Biroq jarohatlar va sport formasi yo‘qotilishi madridliklarning o‘sha mavsumdagi umidlarining aksariyati 2015 yilning ilk oylarida yo‘qqa chiqishiga sabab bo‘lgandi.
Tarix yana takrorlanmoqda. Zidan jamoasi 40 ta mag‘lubiyatsiz o‘yin o‘tkazib, Ispaniyada rekord o‘rnatdi. Hammasi ajoyib tarzda ketayotgandi. Biroq La Ligada «Sevilya»dan 2:1 hisobida yengilgan «Real» Qirol Kubogida «Selta»dan aynan shu hisobda mag‘lub bo‘ldi va javob o‘yinida ham vigoliklardan bu ustunlikni tortib ololmadi.
Endi trebl haqidagi barcha gaplarga yakun yasaldi. Madridliklar Denis Cherishev mojarosi tufayli erta yakunlangan o‘tgan mavsumdagidan uzoqroqqa borgan bo‘lsa ham, ketma-ket uchinchi yil Qirol Kubogini erta yakunlamoqda. 2014/2015 yilgi mavsumda Anchelottining jamoasini nimchorak finalda «Atletiko» to‘xtatgan edi. Futbolchi sifatida ushbu sovrinni yuta olmagan Zidan uchun esa Kubok murabbiy sifatida ham armon bo‘lib qolmoqda.
«Santyago Bernabeu»da kechgan dastlabki o‘yinda «Real» 40 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyadan keyin ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatni qabul qilib olgan edi. Shunga qaramay jamoa o‘zini o‘nglab olib, La Ligada «Malaga»ni 2:1 hisobida mag‘lub etishga erishdi, biroq bu o‘yinda Marselo va Modrichning yo‘qotilishi qimmatga tushdi. Garet Beyl hali ham safga qaytmagan, Xames Rodrigesning jarohati jiddiylashgan, Pepe, Dani Karvaxal va Rafael Varan ham ushbu ro‘yxatda bo‘lgan bir paytda jarohatlar tufayli yo‘qotishlar o‘z so‘zini ayta boshladi.
Vigoda Zidan kutilmaganda Kazemironi markaziy himoyaga, Ramosning yoniga joylashtirdi, qanotlarda esa Danilo va Nacho o‘yinni boshladi. Bu esa o‘zini oqlamadi. Braziliyalik yarim himoyachi yangi pozisiyada o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Birinchi golda esa Nacho xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, Danilo uni o‘z darvozasi tomon to‘g‘rilab qo‘ydi.
Oldingi chiziqda Ronaldu va Benzema ko‘pincha bir-biriga xalal berdi, shunday bo‘lsa ham portugaliyalik futbolchi ikkita xavfli vaziyatni yuzaga keltira oldi. 62-daqiqada esa to‘rt karra «Oltin to‘p» sohibi jarima zarbasini ajoyib tarzda golga aylantirib, jamoasiga yangi umid bag‘ishladi. Biroq madridliklar ikkinchi golga harakat qilayotgan bir vaqtda Daniel Vass «Selta»ni yana oldinga olib chiqdi. Lukas Vaskesning goli esa natija uchun yetarli bo‘lmadi va «Selta» haqli ravishda yarim finalga yo‘l oldi.
«Real» uchun Vaskesning goli oldinroq urilganida balki foydasi bo‘lishi mumkin edi. Ammo 4-4-2 taktik sxemasida na oldingi chiziqdagi Ronaldu va Benzema, na orqa chiziqdagi Kazemiro va Danilo o‘zini yaxshi his qilmadi. Zidan taktika va tarkibni tanlashda xatoga yo‘l qo‘ydi.
40 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyadan keyin jarohatlar inqirozi madridliklarning trebl orzusini yo‘qqa chiqardi. Endi esa Beyl, Marselo, Modrich singari yetakchilar safga qaytguncha «Real» La Liga va Chempionlar ligasi uchun kurashni davom ettirishiga umid qiladi.