O‘tgan hafta Ueyn Runiga yo‘naltirilgan olqishlarga boy bo‘ldi. «Stok Siti»ga urgan goli bilan «Manchester Yunayted»ning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purariga aylangan hujumchining faoliyati davomida tashlagan ajoyib qadamlar ko‘pchilik tomonidan birma-bir yodga olindi.
Biroq endi Runi faoliyatining qolgan qismini ham shunday o‘tkazishni o‘ylash vaqti keldi. «Bu katta sharaf. Men jamoa safiga qo‘shilganimda buni xayolimga ham keltirmagan edim, biroq endi bundan faxrlanaman. Hali oldinda ko‘p narsa bor. Faoliyatim yakunlanganda ortga qarashga arziydigan, bolalarim faxr bilan eslaydigan ko‘rsatkich bu», – dedi Runining o‘zi.
Bundan ham muhimrog‘i, «mankunianlar» bosh murabbiyi Joze Mourinyo 10-raqam sohibi kelajakda yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishiga umid bildirdi: «Menimcha, siz bugun va ertaga 24 soat davomida Ueynning rekordi haqida gapirsangiz bo‘ladi, biroq keyin u yana odatiy roliga qaytishi kerak. Mavsum boshidan buyon u o‘ziga bo‘lgan bosimni yengib kelyapti. Bu ajoyib natija, hayot esa davom etadi».
Shu asnoda Runi sermahsullik borasida «Manchester Yunayted»dagi eng yomon mavsumini o‘tkazayotganini esdan chiqarmaslik lozim. 2016/2017-yilgi mavsumda u hozirgacha jami 5 ta gol urishga erishgan. Eng yomoni esa bu ko‘rsatkich uning maydondagi o‘yinining aks etishidir. Hatto Mourinyo ham jamoa sardori mavsum boshidan buyon ko‘ngildagidek o‘yin ko‘rsata olmayotgani va endi u o‘zidan kutilayotgan umidni oqlashi lozimligini e’tirof etdi.
Agar u o‘z o‘yinini keskin ravishda yaxshilashga erisha olmasa, Runining «Old Trafford»da tarixga kirib ulgurugan faoliyati tezda poyoniga ham yetishi mumkin. Jamoa bilan 2019-yil yozigacha yaxshi shartnomaga ega bo‘lishiga qaramay, 31 yoshli futbolchi zaxirada qolishdan ko‘ra ko‘proq asosiy tarkibda o‘ynashni istashi tabiiy.
Runi bungacha «Manchester Yunayted»da faqat bir mavsumda to‘qqiz martadan ko‘p zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan. Bu 2008/2009-yilgi mavsumda asosan UYEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘yinlari evaziga va jamoa ketma-ket ikkinchi yil Chempionlar ligasida g‘olib chiqishga urinishi tufayli yuz bergan va Runi 10 marta o‘yinni zaxirada boshlagan. Hozirgi mavsumda esa buning sababi unga dam berish emas, balki u asosiy futbolchilardan hisoblanmasligidir.
Runi «Manchester Yunayted» unga muhtoj bo‘lganida o‘zining avvalgi formasini ko‘rsata olmadi. Mourinyo uning kelayotgan haftalarda yana o‘sishga erishishiga bildirgan umidi esa uzog‘i bilan uning so‘nggi 1-2 mavsumdagi darajasiga qaytishdga bo‘lgan umiddir. Shunday bo‘lgan taqdirda bor qator Xitoy yoki AQSH klublari jahon futbolidagi eng mashhur nomlardan birini o‘z safida ko‘rish uchun jiddiy harakat qilishi mumkin.
Qator yillar davomida Runi o‘zining 21-asrning eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatidagi mavqeini misqollab qurgan edi. Biroq hozirda u «Manchester Yunayted» ehtiyojlariga javob berolmay qolgan bir paytda angliyalik futbolchining faoliyati bir burchakka taqalib qolmoqda.
Mourinyo ixtiyorida Zlatan Ibrahimovich, Pol Pogba, Antoni Marsial, Markus Reshford, Gyenrix Mxitaryan, Xuan Mata, Jessi Lingard kabi futbolchilar bor, shuningdek yozda Antuan Grizmann kelishi kutilmoqda. Runiga esa uning hozirga holatida shunchaki ehtiyoj yo‘q. Hujumchi Mourinyoga undan kutayotgan darajasiga chiqa olishini ko‘rsatishi lozim, aks holda «Manchester Yunayted» rekordchisi tez orada bu jamoadagi faoliyatini yakunlashi mumkin.