Raqamlarga nazar solinsa, Xosep Gvardiolaning «Manchester Siti»si Premyer Liganing 22 turi ortda qolgan bir paytda Manuel Pellegrinining o‘tgan mavsum shu davrdagi natijasidan yaxshiroq ekanligini aytish qiyin. Gvardiola ham Pellegrini singari 13 g‘alaba, 4 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etib, 43 ta gol urgan. Biroq jamoa ushbu mavsumda avvaligisidan 7 ta ko‘p gol o‘tkazgan (28 ta). Xo‘sh, ishlar aslida qay darajada yomon?
Bir necha muhim omillar natijasida jamoada xatolar yuzaga kelgan. Birinchidan, bu Gvardiolaga aloqasi bo‘lmagan xatolardir. «Siti» 2012-yilda Maykonni sotib olganidan keyin qanot himoyachilariga pul sarflamadi. Bakari Sanya 2014-yilda erkin agent sifatida qo‘shilgan bo‘lsa, Gvardiolaning ilk transfer mavsumidagi urinishlar zoye ketdi. Gvardiola haqida kitob yozgan Marti Perarnauning so‘zlariga ko‘ra, u barcha qanot himoyachilari 30 yoshdan oshganligidan va boshqa futbolchilarni olib kelolmaganligidan qattiq ranjigan.
Shuningdek, Gvardiola ikki markaziy himoyachi olib kelishni ham istagan, biroq «Siti» faqat Jon Stounz bilan kifoyalangan. Bilbaoning «Atletik» klubi himoyachisi Aymerik Laporte uchun kurashda esa «shaharliklar» hech narsa qila olmagan. Bularning barchasi Gvardiola mavsumni o‘z talablari darajasida bo‘lmagan himoyachilar bilan boshlashiga majbur bo‘lishiga olib kelgan.
Murabbiy himoya markazida chap oyoqda o‘ynovchi futbolchi bo‘lishini istashi tufayli Aleksandr Kolarov ko‘pincha yaxshi o‘yin ko‘rsatolmaganiga qaramay doimiy ravishda maydonga tushirildi. Laporte kelganida bu muammo bo‘lmas edi. Gvardiolaning tarkibni tanlashdagi bu xatosi butun mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Premyer Liga peshqadami «Chelsi» bilan oradagi farq bunchalik yiriklashganiga izoh berar ekan, «Lester» va «Everton»dan uchralgan mag‘lubiyatlardan keyingi intervyularidan farqli ravishda Gvardiola xotirjam tarzda xatolarini tan olib, muammolarga yechim topish mumkinligini ma’lum qildi. Ispaniyalik mutaxassis «Barselona» va «Bavariya»da yo‘lga qo‘ygan pozitsion o‘yin uning futbol dunyoqarashida eng asosiy jihat ekanligini, buni «Siti»ga joriy etish uchun esa avvalgi jamoalaridan ko‘ra ko‘proq vaqt ketishini aytdi.
«Menimcha, biz juda ko‘p narsa o‘rgandik, boshida ko‘p jihatlarni yaxshilashga erishdik, biroq keyin to‘xtab qoldik. Shunchaki to‘xtadik…Bu kamtarinlik yoki tortinchoqlik bo‘lishi mumkin, ammo bu yerda mening xatoyim bor», – dedi Gvardiola. U tilga olmagan asosiy xato esa ixtiyoridagi futbolchilarni o‘z darajalaridan yaxshiroq deb o‘ylaganidir.
«Siti» boshqaruvidagi dastlabki 12 o‘yinida 10 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etgach oktyabr oyidagi terma jamoalar o‘yinlari ta’tilidan keyin Gvardiola o‘z rejalarini oshkor qila boshladi. U uch kishilik himoya yoki raqibga qarab uch, to‘rt va besh kishilik himoyaga aylana oladigan taktikani qo‘lladi. Buni u yurmasdan oldin yugurishni istadi, deyish mumkin. «Men buni qila olishimizga ishondim, futbolchilar esa ishonmadi», – degan edi u o‘shanda.
«Lester»dan 4:2 hisobida uchralgan mag‘lubiyatdan keyingina u bunday o‘zgaruvchan taktikalarni qo‘llashga hali erta ekanligini tushundi. Barqaror to‘rt kishilik himoyadan foydalana boshlagach, u keyingi 9 o‘yinda 6 ta g‘alaba qozondi. «Tottenxem» bilan 2:2 hisobidagi durang ishlar unchalik yomon emasligini ko‘rsatgan bo‘lsa, «Liverpul» va «Everton»dan uchralgan mag‘lubiyatlar hali yaxshilanadigan jihatlar ancha ko‘pligini yana bir marta namoyish qildi.
Gvardiola jamoasi Leroy Sane va Rahim Sterling singari futbolchilarning tezligi evaziga qarshi hujumlar tashkil etishda va pozitsion hujumni keskinlashtirishda yaxshi ekanligini biladi, biroq himoyaning hamjihatligiga kelganda muammolar jiddiy ekanligini ham e’tirof etadi: «Biz orqada o‘yinni tashkillashtirib, jamoani hujumga qo‘yishni uddalash uchun qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Hozirgi tushunmovchiliklarning sababi shudir».
Ispaniyalik mutaxassis Angliyada «Tottenxem» va «Chelsi» pozision o‘yin bo‘yicha namuna ko‘rsatayotganini e’tirof etgan holda «Siti»ning ham maqsadi aynan shu darajaga chiqish ekanligini aytib o‘tgan. U pozitsion o‘yinni yo‘lga qo‘ya olsa, rahbariyatda unga nisbatan boshqa savol qolmasligi tabiiy. Buning uchun esa avvalgi xatolarni takrorlamasdan, yozda kerakli futbolchialrni olib kelish zarur. Jamoa yanvarda shoshma-shoshar transferlar qilmagani yozga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolatdir.
«Siti» Gvardiola aytganidek sentyabr oyida to‘xtab qolgan joyidan qayta boshlashi kerak. Bu ko‘p vaqtni olishi tabiiy, ammo shunga arziydi ham. «Men bunday yaxshi bo‘la olishimizga aminman. Ko‘pchilik mening bu yerdagi faoliyatim zerikarli bo‘lishiga tayyor edi. Biroq men o‘yinlarimizni va ularning videoyozuvlarini ko‘rganimda hali qiladigan ishimiz juda ko‘pligini aytaman va bu juda yaxshi. Menda hali ham ishtiyoq bor, tugallanmagan ishim bor. Hali qiladigan ishim juda ko‘p», – deydi optimist murabbiy.