Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

V. Safarov: "Aniqlikka intilib…"

V. Safarov: "Aniqlikka intilib…"

Baho:
+ | -

«InterFutbol» gazetasining 2017 yil 3 yanvarda chop etilgan ruscha sonida «Gennadiy Krasniskiy nomidagi O‘zbekiston to‘purarlari klubi» nomli maqola muallifi (O. Tursunxo‘jayev) klub a’zolarining soni va gollar haqida ma’lumot so‘ragan edi. Aniqrog‘i, mazkur maqolada juda qiziqarli savol qo‘yilgan: deylik, Odil Ahmedovning «Krasnodar»dagi yoki Sardor Rashidovning Qatar chempionatidagi gollari to‘purarlar klubida inobatga olinadimi? O‘ylashimcha, mazkur savolga javob izlab, yaqin tarixga nazar solsak, chakki bo‘lmaydi.

1967 yili Moskvada nashr qilinadigan «Futbol» gazetasi taniqli tarixchi va statistikashunos Konstantin Yeseninning sa’y-harakatlari bilan Moskva «armiyachilar»ining faxri - Grigoriy Fedotov nomidagi to‘purarlar klubini tashkil etgandi. Bu klubga esa bilasizki, rasmiy turnirlarda 100tadan ko‘p gol urgan futbolchilar kiritilgan. Ortiqcha tafsilotlarga e’tibor bermay, faqat o‘zimizga tegishli ma’lumotlarga to‘xtalamiz: turli yillarda ushbu klubga «Paxtakor»ning uch futbolchisi - Gennadiy Krasniskiy, Birodar Abduraimov va Andrey Yakubiklar kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishganidan keyin esa, aniqrog‘i, 1992 yildan boshlab, o‘zbek futbolida yangi sahifa ochildi.

25 yil muqaddam...

Kelajakning mavhumligi tufayli bir qator muammolar yuzaga kelgandi: endilikda qaysi chempionatlardagi gollarni inobatga olish kerak? Qaysi qoidalarga o‘zgartirishlar kiritish zarur? Xullas, savollar, savollar...

O‘ylashimcha, biz eng maqbul yo‘lni tanlab, hammasini qaytadan boshlashimiz kerakka o‘xshaydi...

Vladimir SAFAROV,

«SPORT» gazetasi, Toshkent, 5 mart 1992 y.

Mustaqil O‘zbekistonning ilk chempionati yakuniga yetgach, aniqrog‘i, 1992 yili «Sport» gazetasida kaminaning «To‘purarlarga yangi klub kerak» nomli maqolam e’lon qilingandi. Sezib turganingizdek, unda men o‘zbekistonlik sermahsul hujumchilar uchun yangi klub tashkil etish g‘oyasini ilgari surganman.

To‘purarlarga yangi klub kerak

Futbol bo‘yicha O‘zbekistonning ilk chempionati yakunida o‘zbekistonlik sermahsul hujumchilarning yangi klubini tashkil etishni taklif qilaman. Ushbu klubga a’zo bo‘lish uchun esa futbolchidan O‘zbekiston jamoalari (yoki jamoasi)da rasmiy o‘yinlarda 100ta gol urish talab etiladi. Albatta, hozircha biror-bir futbolchi haqida to‘liq ma’lumot berishning iloji yo‘q. Zero, buning uchun bir qancha faktlarga aniqlik kiritish lozim. Bu ishni shoshilmay, asta-sekin amalga oshirib, o‘quvchilarni muntazam ravishda aniq ma’lumot bilan ta’minlab boramiz.

Shubhasiz, statistik ma’lumotlar haqqoniy bo‘lishi kerak. Menimcha, ishni xuddi shundan, ya’ni aniqlikdan boshlashimiz zarur. Deylik, birinchi o‘yin qaydnomasidayoq gol urilgan daqiqalar, chetlatish vaqti va hokazolar aniq-tiniq ko‘rsatilishini istardim.

Umid qilamanki, «O‘zbekistonlik to‘purarlar klubi»ni tashkil etish borasidagi fikrimni futbol ixlosmandlari to‘la qo‘llab-quvvatlashadi. O‘z o‘rnida shuni ham ta’kidlab o‘tish joiz, hozirgacha mazkur klubni «Paxtakor»ning eng iste’dodli futbolchilaridan biri - Gennadiy Krasniskiy nomi bilan atash borasida takliflar ham yangradi.

Vladimir SAFAROV,

«SPORT» gazetasi, Toshkent, 26 mart 1992 y.

Bu maqola chop etilgan vaqtda bizning futbolimiz o‘zining ilk qadamlarini tashlayotgan edi va ehtimol, shu bois o‘zbekistonlik to‘purarlar klubini tashkil etish g‘oyasi darhol inobatga olinmadi. 2001 yili O‘zbekiston futbol federasiyasining «Nash futbol» gazetasi Birodar Abduraimov nomidagi to‘purarlar ro‘yxatini tashkil etish g‘oyasi bilan chiqdi. Bu klubga turli chempionatlar, turli mamlakatlar kuboklari (e’tibor bering, turli mamlakatlar deyilmoqda)ning rasmiy o‘yinlarida 200dan ortiq gol urgan futbolchilar qabul qilinadi.

Bunday klub tashkil etishning asosiy sababi shundaki, o‘zbekistonlik mashhur hujumchi Azamat Abduraimov (Birodar Abduraimovning o‘g‘li) o‘zining futbolchilik faoliyati davomida 200talik marrani zabt etgandi.

Mana mening «Nash futbol» gazetasida chop etilgan maqolam:

- Azamat Abduraimovning 200talik marrani zabt etishi «havoda muallaq turgan» g‘oyani yana yodga olishga undadi.

Ta’kidlash lozim, o‘zbek futbolining yangi tarixida o‘tkazilgan so‘nggi o‘nta chempionat davomida bir qancha hujumchilar o‘zlarini ko‘rsatishga ulgurishdi. Ularning olti nafari chempionat doirasidagi rasmiy bahslarning o‘zidayoq 100lik marrani zabt etishgan. Biz bu haqda bir necha marta ma’lumot berdik. Qolaversa, ushbu marraga yaqinlashib qolganlar ham bor. Lekin shu bilan birga, ilgariroq bunday natijaga erishgan futbolchilarni ham unutib yubormasligimiz kerak. Shundan kelib chiqib, o‘zbekistonlik to‘purarlar klubiga asos solish vaqti kelgani haqida yana bir marta eslatmoqchiman. Bu klubga chempionat, kuboklar, terma jamoa va xalqaro uchrashuvlarda 200tadan ortiq gol urgan futbolchilar kiritilishi lozim. Ammo buning uchun uch muhim omilga e’tibor qaratishimiz zarur. Birinchidan, klub a’zoligiga da’vogar futbolchi albatta, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi shart. Ikkinchidan, agar Rossiyada to‘purarlar klubi sobiq ittifoq chempionatida 100dan ortiq to‘p kiritgan Grigoriy Fedotov nomi bilan atalsa, demak, o‘zbek to‘purarlari klubiga Birodar Abduraimov nomi qo‘yilishi lozim. Nega? Chunki aynan Birodar Abduraimov bizning futbolchilar orasida birinchi bo‘lib rasmiy o‘yinlarda 200tadan ortiq gol urgan.

Qolaversa, Birodar Abduraimovning naqadar kuchli iste’dod sohibi bo‘lganidan guvohlik beruvchi boshqa omillar ham bor:

* Abduraimov birgina chempionat doirasida 425ta o‘yin o‘tkazib, yaqqol rekord o‘rnatgan;

* Toshkentning «Paxtakor» klubi sharafini 13 mavsum davomida himoya qilib, chempionatda jamoaning 358 o‘yinida ishtirok etgan;

* Abduraimov 1968 yilgi chempionat (oliy liga) to‘purari bo‘lgan - 22ta gol, shuningdek, 1972 yilgi bahslar (birinchi liga)da ham o‘z nomiga 34ta gol rasmiylashtirgan;

* 1968 yili Birodarni sobiq ittifoqning eng yaxshi 33 futbolchisi safiga kiritishgan;

* Sobiq ittifoq kubogining finalida qatnashgan;

* Toshkentning «Paxtakor» klubi murabbiyi sifatida 1988 yili birinchi liga kubogini qo‘lga kiritgan;

* Namanganning «Navbahor» klubi bosh murabbiyi sifatida 1992 yili O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘lgan;

* O‘zbekiston milliy terma jamoasining katta murabbiyi sifatida 1994 yili XII Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan.

Bir so‘z bilan aytganda, Birodar Abduraimov yosh futbolchilar uchun namuna hisoblanadi. U sobiq ittifoq terma jamoasi tarkibida Braziliyaning mashhur «Marakana» stadionida, 140 ming (!) muxlis ko‘z o‘ngida g‘alaba nashidasini surgan futbolchi!

Uchinchidan, biz to‘purarlarning yangi klubini tashkil etayotganimizda, mo‘ljalni biroz balandroq olishimiz kerak - 200ta gol. Sababi, ana shundagina klub safidan o‘tmish va hozirgi zamonning eng kuchli futbolchilari o‘rin olishadi. Boz ustiga, yetib bo‘lmas cho‘qqidek tuyulgan natija yosh hujumchilarni yanada g‘ayratlantirsa, ajabmas. Albatta, maqsadga erishish oson bo‘lmaydi, ammo bu vazifani uddalaganlar abadiy shon-shuhratga ko‘milishlari tayin.

Hozirgi hisob-kitoblarimizga ko‘ra, bu klubga sobiq futbolchilardan Birodar Abduraimov, Gennadiy Krasniskiy, Yuriy Sarkisyan, Furqat Esonboyev, Pyotr Ageev, faoliyatini davom ettirayotganlardan Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov, Ja’far Irismetov, Mirjalol Qosimovlar qo‘shilishlari mumkin. Rustam Do‘rmonov, Oybek Usmonxo‘jayev, Ravshan Bozorov kabi yana bir qancha futbolchilarning natijalarini esa qaytadan hisoblab chiqish lozim.

O‘zbek to‘purarlari klubining jamoatchi kotibi Vladimir SAFAROV,

«NASH FUTBOL» gazetasi, Toshkent, 29 noyabr, 2001 y.

O‘shanda, ya’ni 2001 yili B.Abduraimov klubiga jami 12 nafar futbolchi, shu jumladan, Yuriy Sarkisyan, Pyotr Ageev, Furqat Esonboyevlar ham kiritilgandi. Shuningdek, ro‘yxatdan sobiq ittifoq oliy ligasida nom taratgan Gennadiy Krasniskiy va Birodar Abduraimovlar o‘rin olishgan. Mustaqillik yillarida esa Igor Shkvirin, Ravshan Bozorov, Azamat Abduraimov, Ja’far Irismetov, Rustam Do‘rmonov, Mirjalol Qosimov, Oybek Usmonxo‘jayevlar o‘zlarini ko‘rsatishdi.

***

O‘zbekiston futbol faxriylari kengashining raisi Narimon Jalolovich Jalilov mashhur hujumchi Gennadiy Krasniskiyning 70 yillik yubileyi paytida O‘zbekiston to‘purarlari klubini tashkil etish g‘oyasi bilan chiqdi va bu fikr ma’qullandi. Shunday qilib, 2010 yili O‘FF ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tarkibiga 30dan ortiq futbolchi kiritilgan klub tashkil etildi.

Nomni tasdiqlash to‘g‘risida: O‘zbekistonning XX asrdagi eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Gennadiy Krasniskiy nomidagi O‘zbekiston to‘purarlari klubi qoidaga ko‘ra, mazkur klubga O‘zbekiston chempionati, kubogi va Osiyoning klublar miqyosidagi turnirlarida, shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasining rasmiy o‘yinlarida jami 100dan ortiq to‘p kiritgan futbolchilar qabul qilinadi. E’tiborlisi, ushbu klubdan shuningdek, O‘zbekiston jamoalarida to‘p surib, 100dan ortiq gol urgan xorijlik futbolchilar kiritilishi ham mumkin.

Ana endi O‘FF ijroiya qo‘mitasining qarorini e’tiboringizga havola qilamiz:

Gennadiy Krasniskiy nomidagi to‘purarlar klubini tashkil etish to‘g‘risida

I. Umumiy qoidalar

1. Gennadiy Krasniskiy nomidagi klub ramziy maqomga ega bo‘lib, o‘zbekistonlik sermahsul futbolchilarni jamlash uchun xizmat qiladi. Mazkur klub «Paxtakor» jamoasida bir qator rekordlarni o‘rnatgan o‘zbekistonlik afsonaviy futbolchi Gennadiy Krasniskiy nomi bilan ataladi. G.Krasniskiy 1958 yildan boshlab «Paxtakor» sharafini himoya qilib, jamoada 13 mavsum to‘p surgan va turli rasmiy o‘yinlarda 400 martadan ortiq maydonga tushib, 200tadan ko‘proq gol urgan.

2. G.Krasniskiy nomidagi klubga sportdagi faoliyati davomida 100dan ortiq gol urgan futbolchilar qabul qilinadilar.

II. Klubning maqsad va vazifalari

- G.Krasniskiy nomidagi klubning asosiy maqsad va vazifalari:

- yosh futbolchilarni yuksak maqsadlar sari undash;

- futbolga oid turli musobaqalarni tashkil etish;

- O‘zbekistonda yuqori saviyali futbolchilarni tayyorlashga hissa qo‘shish;

- Respublikaning yetakchi futbolchilariga turli jabhalarda yordam berish;

- futbol orqali tinchlik, do‘stlik va hamkorlikni targ‘ib qilish;

- yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash;

- aholining keng qatlamlarida futbol va faol dam olish vaqtini targ‘ib qilish;

- futbolchilarning huquq va qiziqishlarini himoya qilish va hokazo.

III. Gollarni hisobga olish tartibi

- G. Krasniskiy nomidagi klubga O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan futbolchilarning milliy chempionat, O‘zbekiston kubogi bahslari, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida va Osiyoning klublar miqyosidagi turnirlarida kiritgan to‘plari inobatga olinadi.

Xorijlik futbolchilarning esa faqat O‘zbekiston klublari safida urgan gollari hisoblanadi.

- Gollarni hisoblash:

Chempionat! Kubok! Osiyo kuboklari! Terma jamoa! Jami!

- Klub a’zolari bevosita futbol o‘yinlari vaqtida topshiriladigan maxsus medallar bilan taqdirlanishadi.

IV. Xulosa

- Mazkur qoidalarga zaruriy hollarda o‘zgartirishlar va to‘ldirishlar kiritilishi mumkin.

Gennadiy Krasniskiy nomidagi O‘zbekiston to‘purarlari klubining qoidalari O‘zbekiston futbol federasiyasining ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlandi.

***

Guvohi bo‘lganingizdek, G.Krasniskiy nomidagi to‘purarlar klubida faqat O‘zbekiston jamoalari uchun urilgan gollar hisobga olinadi. Mazkur hujjat yuqori futbol tashkiloti tomonidan ma’lum qoidalar asosida qabul qilingani bois, o‘zgartirishlar kiritish o‘rinsiz. Birodar Abduraimov nomidagi klub esa 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga dastavval (yuqorida nomlari keltirilgan) 12 nafar a’zo qabul qilingan edi. 2017 yil 1 yanvar holatiga esa ular qatoriga faoliyati davomida 200tadan ortiq gol urgan yana olti nafar futbolchi qo‘shilgan. Bular - Anvar Berdiyev, Zafar Xolmurodov, Anvar Soliyev, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Baxtiyor Hamidullayev va Umid Isoqov. Shunday qilib, ayni payt O‘zbekistonda to‘purarlarning ikki klubi mavjud: rasmiy, O‘FF tomonidan tasdiqlangan Gennadiy Krasniskiy nomidagi «100» klubi va «Nash futbol» gazetasi tomonidan asos solingan Birodar Abduraimov nomidagi «200» klubi.

Mavzuga doir yana bir qo‘shimcha: ayni kunlarda kaminaning qalamiga mansub «Forvardo‘ Uzbekistana» kitobi nashrga tayyorlanmoqda. Mazkur kitobning yuzaga kelish tarixi quyidagicha:

1990 yili o‘zim yozgan ilk kitob - «Paxtakor»: matchi, kotoro‘ye ne zabo‘t...»ning bir nusxasini yozuvchi, Moskvaning «Futbol» gazetasida ko‘p yillar muharrirlik qilgan va G.Fedotov klubiga asos solgan insonlardan biri Lev Filatovga sovg‘a qilgandim. U esa javob tariqasida menga esdalik xati yozilgan «Forvardo‘» kitobini tuhfa qildi. Mazkur asarda asosan G.Fedotov klubi a’zolari haqida so‘z borgandi. O‘shanda menda ham o‘zidan yorqin iz qoldirgan va qoldirayotgan o‘zbekistonlik hujumchilar haqida asar yozish g‘oyasi tug‘ildi. Mana, oradan chorak asr o‘tib, o‘sha orzu ushalish arafasida turibdi. «Forvardo‘ Uzbekistana» tez orada o‘zbek va rus tillarida peshtaxtalarga chiqariladi. Tabiiyki, bu kitobning birinchi bobi Birodar Abduraimov nomidagi «200» klubiga, ikkinchi bobi esa Gennadiy Krasniskiy nomidagi «100» klubiga bag‘ishlangan. Ehtimol, o‘zingizni qiziqtirgan boshqa savollarga javobni aynan shu kitobdan toparsiz...

Vladimir SAFAROV

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:59, 03.02.2017.
O'qildi: 10897 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.