4 fevral kuni Angliya Premyer Ligasida 24-tur uchrashuvlariga start beriladi.
Mazkur turda muxlislarning e’tibori shubhasiz London derbisiga ya’ni “Chelsi” – “Arsenal” uchrashuviga qaratilishi aniq. Bo‘lajak o‘yin oldidan jamoa murabbiylari va futbolchilarning fikri esa quyidagicha.
Antonio Konte (“Chelsi” bosh murabbiyi) – “Biz jadvalni boshqarib boryapmiz, bu ajoyib natija. Asosiy e’tiborimizni raqib jamoalarning uchrashuvlariga emas, aksincha faqat o‘z o‘yinimizga qaratib g‘alaba qozonmoqdamiz. Yana 15 ta uchrashuv qoldi, bu 45 ochko degani. Albatta “Liverpul” bilan durrang o‘ynaganimiz yaxshi bo‘ldi, lekin endi bizni yana bir yetakchi jamoa “Arsenal” bilan o‘yin kutmoqda. Birinchi davrada 0:3 hisobida imkoniyatni boy berganimizni yoddan chiqarganimiz yo‘q. Ikkinchi davrada bo‘ladigan o‘yinda biz o‘sha vaqtdagi jamoadan qanchalik o‘zgarganimizni isbotlashimiz mumkin bo‘ladi. Biz uyda o‘ynaymiz, bu juda muhim o‘yin, ammo mazkur uchrashuv biz uchun yengil o‘tmasligi aniq”.
Arsen Venger (“Arsenal” bosh murabbiyi) – “Tan olish kerak biz kuchsiz jamoalarga qarshi baxsdan oldin yetarlicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan emasmiz. "Uotford"ga qarshi kechgan uchrashuvda ham aynan shu jihat bizga pand berdi. Aslida esa biz har bir o‘yinda g‘alaba qozonishga intilamiz. Jumladan “Chelsi”ga qarshi uchrashuvda biz albatta o‘z kayfiyatimizni yana ko‘tarib olamiz deb o‘ylayman. Bo‘lajak uchrashuvda Arsenal o‘z o‘yinini namoyish etadi va kamchiliklarini to‘g‘irlaydi. Tarkibga to‘xtalsak, Remsi maydonga tusha olmaydi, Jiru va Oksleyd-CHemberlenni esa oldinda tibbiy ko‘rik kutmoqda. Uelbek esa uchrash qaydnomasiga kirsa kerak.
Sesk Fabregas (“Chelsi” klubi yarim himoyachisi) - “Dunyoda shunday narsalar borki, u hech qachon o‘zgarmaydi. Men va “Arsenal” haqida ko‘p gaplar gapirilgan. Insonlarning men haqimda nimalar deyayotgani meni ortiq bezovta qilmaydi. “Arsenal” har doim menga juda ham ishongan va imkon bergan jamoa sifatida qalbimda doim abadiy qoladi. 16 yoshimida “Barselona” akademiyasi taribyalanuvchisidan London klubi a’zoasiga aylanganman. Arsen Venger va jamoa menga barcha narsani bergan. Ularsiz men na jahon va na Yevropa chempioni bo‘la olmasdim. Faoliyatimdagi barcha muvaffaqiyatlar aynan shu jamoa bilan bog‘liq. Shu sabab ulardan bir umr minnatdorman”
Rober Pires (“Arsenal”ning sobiq futbolchisi) – "Uotford"ga qarshi dahshatli mag‘lubiyatdan so‘ng “Arsenal” uchun bu uchrashuv og‘ir o‘tishi aniq. Meni o‘ylashimcha bu o‘yin APLning final baxsi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Agarda “Chelsi” “Arsenal”ni mag‘lub etsa chempionlik masalasi hal desa ham bo‘ladi. “Chelsi”ning o‘yini juda kuchli va ular o‘zaro jips o‘yin ko‘rsatishadi. Ularda italyancha faylasufona fikrlash bor va jamoaviy o‘yin kuchli. Fikrimcha ayni damda “Chelsi” kuchliroqdir, lekin Venger shogirdlari o‘zlariga ishonishlari kerak”
Aytib o‘tish kerak mazkur jamoalar o‘zaro 188 marotaba to‘qnash kelishgan va unda 73ta baxsda to‘pchilarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 61ta o‘yinda aristokratlar zafar quchishgan. Qolgan 54ta o‘yinda esa g‘olib nomi aniqlanmagan. To‘plar nisbati esa 245-263 “Arsenal” foydasiga.
Eslatib o‘tamiz uchrashuv UZREPORT telekanalida soat 17:30da boshlab jonli efirda namoyish qilinadi. O‘tkazib yubormang!