Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Aleksandr Vostrikov: «O‘zim istamagan holatda faoliyatimga yakun yasadim»

Aleksandr Vostrikov: «O‘zim istamagan holatda faoliyatimga yakun yasadim»

Baho:
+ | -

Bu hujumchi yodingizdami? Uning o‘yinlarini ko‘rgansiz. Faoliyatining yorqin damlarini poytaxt viloyatining «Olmaliq» jamoasi tarkibida o‘tkazib, to‘purarlik mahoratini namoyish etgan. Statistikaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Vostrikov 19ta gol bilan «Olmaliq» tarixidagi merganlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Birinchi pog‘onadagi Mo‘ydin Mamazulunov hisobida 41ta gol bor. Zafar Polvonov esa olmaliqliklar safida 23ta to‘p kiritgan. Ikki yil avval o‘yinchilik faoliyatini yakunlagan Sasha bugungi kunda oilasi bilan birga Rossiyaning Lipesk shahrida istiqomat qilyapti. Biz Vostrikov bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.

- Sasha, futboldagi faoliyatingiz qanday boshlangan? Nima uchun aynan millionlar o‘yinini tanlagansiz?

- Futbolga akam sabab kirib kelganman. Ular bilan birgalikda to‘garakka borganman. To‘g‘ri, dastlabki ikki yil mashg‘ulotlarga muntazam qatnamaganman. Ko‘p mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborardim. Lekin keyinchalik futbolsiz o‘tgan kunimni tasavvur ham qila olmay qoldim. O‘yinchilik faoliyatim Olmaliq shahrida boshlangan. Birinchi murabbiyim Dilshod Hamidullayevich bo‘lganlar. O‘sha payt «Olmaliq» O‘zbekiston chempionatining ikkinchi ligasida qatnashardi. Avvaliga o‘rinbosarlar jamoasida to‘p surdim. 2003 yildan esa asosiy tarkib futbolchisiga aylandim. O‘sha yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, liga g‘olibi bo‘lib, birinchi divizion yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Ammo 2004 yilgi mavsumda faqat bir davra «Olmaliq» sharafini himoya qildim. Yilning ikkinchi yarmida «To‘palang» safiga borib qo‘shildim. Sariosiyoliklar ham quyi ligada o‘ynashardi. Birinchi davrada adashmasam, 12 yoki 13ta to‘p kiritgandim. «To‘palang» libosida yana 12ta golga mualliflik qildim. Yakunda biz oliy ligaga chiqdik. 2005 yil elitadagi debyut mavsumimni o‘tkazdim. Xuddi o‘sha kezlari o‘g‘lim dunyoga keldi. Men uchun qo‘shaloq bayram bo‘lgandi.

- Faoliyatingizdagi eng esda qolarli mavsum qaysi?

- Menimcha, 2009 yil. O‘shanda «Olmaliq»da o‘ynardim. To‘g‘ri, avvaliga ishim yurishmadi. Hamma uchrashuvlarda ham asosiy tarkibda maydonga tushavermadim. Hattoki, o‘yin qaydnomasiga kiritilmagan o‘yinlarim bo‘ldi. Baxtimga birinchi davra oxirlari tarkibimizda jarohatlangan va sariq kartochkasi sabab o‘yinlarni o‘tkazib yuboradigan futbolchilar ko‘payib qoldi. Bu esa men uchun yuzaga kelgan yaxshigina imkoniyat edi. Vaziyatdan unumli foydalanib, asosiy tarkibdagi muqim o‘rnimga ega bo‘lib oldim. Yozgi yig‘inimiz chog‘ida o‘z ustimda astoydil ishladim, o‘zimni umuman ayamadim. Buning natijasida ikkinchi davra uchrashuvlarida maydonda shunchaki, uchib yurdim (kuladi). Mavsum yakunida biz chempionatda 4-o‘rinni egalladik.

- Faoliyatingizni yakunlash haqidagi qarorni qabul qilish oson bo‘lmagandir?

- Bilasizmi, o‘zim istamagan holda futbolchilik faoliyatimni yakunlashga majbur bo‘ldim. 2014 yili birinchi ligada «Sho‘rtan» jamoasi sharafini himoya qildim. Afsuski, ikkinchi davra boshlanishiga bir hafta qolgan bir paytda mashg‘ulot chog‘ida jiddiy jarohat oldim. Buning natijasida to‘rt oyga safdan chiqdim. Oyog‘imga gips qo‘yishdi. 2015 yilning yanvar oyiga kelibgina yugurishni boshladim. Ammo kerakli sport formaga kira olmadim va buning natijasida jamoasiz qolib ketdim. Keyinchalik o‘ylab ko‘rib, Rossiyaga ketishga qaror qildim. 2015 yilning yozida ko‘chib ketdim. Hozir Lipeskda oilam bilan birga yashayapman. Ikki yilga yaqin vaqt mobaynida futboldan yiroqda bo‘ldim. Lekin bu uzoq muddat davom eta olmasdi. Klin shahrining «Titan» klubi bilan shartnoma tuzdim. Bu jamoa Moskva viloyatining uchinchi ligasida qatnashadi. Afsuski, eski jarohatim yana pand berdi va faoliyatimni uzil-kesil yakunladim.

- Bugungi kunda nimalar bilan bandsiz? Qayerda ishlayapsiz?

- Nima bilan shug‘ullanayotganimni ayta olmayman. Shunchaki, ishlayapman.

- Murabbiylik qilish istagi yo‘qmi?

- Albatta, xohlardim. Lekin hozircha buning imkoni ham, iloji ham yo‘q. Birinchi galda murabbiylik guvohnomasi kerak. Buning uchun maxsus kurslarda tahsil olishim shart. Diplomsiz sizni hech kim ishga olmaydi.

- Farzandlar ota izidan ketishdimi?

- To‘ng‘ich farzandim futbolni juda yaxshi ko‘radi. «Olmaliq»da o‘ynab yurgan kezlarim u har bir uy uchrashuvimizga onasi bilan birga kelardi. Lipeskka ko‘chib kelganimizdan keyin ham ma’lum muddat o‘yinlarga borib turdi. Lekin keyin dangasaligi tutib, umuman futbolga bormay qo‘ydi. Kichik o‘g‘lim yaqinda bir yoshga to‘ldi. Agar o‘zlari xohlashsa, bunga to‘sqinlik qilmayman. Majburlab futbolga olib borish niyatim yo‘q.

- «Olmaliq» klubi hayotingiz va faoliyatingizda alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda ham jamoaning o‘yinlarini internet orqali bo‘lsada kuzatib borasizmi?

- Avvaliga har bir turni kuzatib borardim. Qaysi jamoa nechanchi o‘rinni egallab turibdi? Kimlar to‘purar bo‘lyapti? Ammo hozir biroz vaqtim chegaralangan. Shunday bo‘lsada, imkon qadar ko‘rishga harakat qilaman.

- «Olmaliq» jamoasiga ulkan mehnati singan Igor Shkvirin jamoadan ketdi. Bundan xabaringiz bormi?

- Ha, bu haqda do‘stlarimdan eshitdim. Bilmaysizmi, u hozir qaysi jamoada ishlayapti?

- Yaqinda «Metallurg» klubida seleksioner murabbiy sifatida ish boshladi. Sasha, O‘zbekiston klublarida o‘ynab yurgan kezlaringiz hujum chizig‘ida qaysi futbolchi bilan o‘yiningiz chiroyli chiqardi?

- Mo‘ydin Mamazununov bilan bir-birimizni juda yaxshi tushunardik. Shuningdek, Arturas Fomenko bilan ham. U raqib jarima maydonchasiga to‘pni havolatib yetkazib berardi. Mendan esa to‘pga boshimni shunchaki, tekkizib qo‘yish talab etilardi, xolos (kuladi).

- Futbolchilik faoliyatingizdan ko‘nglingiz to‘lganmi?

- Albatta. Yuqorida aytganimdek, «Olmaliq», «To‘palang» jamoalarida juda yaxshi o‘yinlar o‘tkazdim. Gollar urib, to‘purar bo‘ldim. Lekin jarohat sabab faoliyatimni erta yakunlaganimdan afsuslanaman. Jarohatga duch kelmaganimda hamon maydonda javlon urayotgan bo‘lardim. Chunki hali kuchga to‘laman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:43, 06.02.2017.
O'qildi: 6216 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.