Gazetamizda avvalroq berilgan «O‘zimizning Osiyodan qo‘ymasin» maqolasi futbolchilarimizga yoqib tushgan ko‘rinadi. Mana, «Lokomotiv» yanvar oyi boshidayoq 3 nafar a’zosini xorijga «uchirma» qildi. Tez orada «Paxtakor» va «Bunyodkor» futbolchilariga bog‘liq yangiliklarni ham eshitsak, ajabmas. Hozircha yarim himoyachilar - Sardor Rashidov («Al-Jaish») va Sanjar Tursunov («Al-Haraytiyat») ortidan Qatar Yulduzlar Ligasi yana ikki iqtidorli futbolchimiz bilan boyidi. Bulardan tashqari, Osiyoda katta obro‘ga ega Server Jeparov ham faoliyatining so‘nggi qismida yana xorijda to‘p suradigan bo‘ldi. Ya’ni milliy terma jamoamiz rekordchisini Eronning «Istiqlol» klubi o‘z safiga chorladi. Demakki, yangi transferlarni gapirish barobarida Osiyo tomon yuz burgan futbolchilarimizning yangi klublari haqida ma’lumot berishda davom etamiz. Shuningdek, ular o‘z pozisiyalari bo‘yicha kimlar bilan raqobat olib borishlari mumkinligiga ham to‘xtalamiz, albatta.
Server JEPAROV («Istiqlol», Tehron)
2017 yilning 15 yanvaridan
«Istiqlol» - Tehron futbol klubi. Eron pro-ligasi grandlaridan biri. Tashkil topgan vaqti: 1945 yil 26 sentyabr. Klub egasi: Rizo Iftixori (2016 yil avgustdan). Bosh murabbiyi: Alirizo Mansuriyan (2016 yil iyundan). Jamoa sadori: Mehdi Rahmati (darvozabon). Uy stadioni: «Ozodi» (sig‘imi - 78116). 2015|2016 yillar mavsumdagi natijasi: Fors ko‘rfazi pro-ligasida 3-o‘rin. Ekipirovka ta’minotchisi: Li-Ning (2016 yildan). Bosh homiysi: Hamrah Aval mobil aloqa kompaniyasi (2015|2016 yillar mavsumidan). Legionerlari: Robson Januario (himoyachi, Braziliya), Grayr Mkoyan (markaziy himoyachi, Armaniston), Leandro Padovani (himoyachi, Braziliya), Server Jeparov (yarim himoyachi, O‘zbekiston).
Tehronning «Istiqlol» klubida ayni payt avlodlar almashinuvi jarayoni davom etyapti. Jamoa avvalgi mavsum Eron elit divizionida hammadan kam (4ta) mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa hamki, so‘nggi ikki turdagi omadsizlik uni chempionlikdan mahrum etdi. Ya’ni Huzistonning «Istiqlol» jamoasi finish marrasidagina «uloq»ni ilib ketdi. Jamoa yangi mavsumga yangi bosh murabbiy qo‘l ostida kirishdi. 45 yoshli Alirizo Mansuriyan futbolchilik faoliyatini 2008 yili aynan shu klubda yakunlagandi. U «Istiqlol»ga qaytguniga qadar Eron yoshlar termasi (U-23) va «Naft» (Tehron) jamoalarida ishladi. Shuningdek, jismoniy tayyorgarlik murabbiyi - amerikalik Stiven Jons tehronliklarning bir necha frontda muvaffaqqiyatli o‘ynashlariga asosiy javobgar shaxslardan biridir.
Jamoada 44-raqamni tanlagan Server Jeparov yarim himoyadan joy olish uchun Omid Ibrohimi, Jobir Ansori, Farshid Ismoili, Yaqub Karimi kabi futbolchilar bilan bahslashishi kerak. Ansori ko‘p hollarda hujumchi sifatida o‘ynasa, asli himoyachi sanalgan Husro Haydari markaziy hududdagi kamchiliklarni yopib turadi. Omid Ibrohimi garchi stopper rolini bajarsada, o‘tgan mavsum klubning bosh to‘purari bo‘ldi - 11ta gol. Braziliyalik Robson Januario farm-klub «zayavka»sidan joy olganiga qaramay, joriy mavsum asosiy tarkibda 12 marta maydonga tushdi. Umuman, hamyurtimiz yangi klubida yoshi eng katta futbolchi sanaladi. Tajribali yarim himoyachimiz «Istiqlol»ning Osiyo Chempionlar Ligasi-2017dagi imkoniyatlari haqida gapirib, jamoasi bilan kamida chorak finalga chiqishga umid bildirdi. Tehron klubi guruh bosqichiga qo‘shilish yo‘lida 7 fevral kuni o‘z maydonida kechadigan «pley-off» bosqichi o‘yinida Qatarning «Al-Sadd» jamoasini yengishi kerak. Umid qilamizki, tajribali yarim himoyachimiz shu bahsdayoq o‘zini ko‘rsatishni boshlaydi.
Fakt. Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlavi, shuningdek, mamlakatdagi 30 nafardan ortiq mashhur aktyor va aktrisa aynan «Istiqlol»ga muxlislik qilgan. Umuman, Jeparovning yangi jamoasi fors zaminidagi eng mashhur klublardan biridir. Deylik, «Istiqlol» nafaqat Fors ko‘rfazi mamlakatlari, balki Yevropa va Amerikada ham muxlislar klubiga ega.
(Eslatib o‘tamiz, mazkur mavola yozilganidan so‘ng «Istiqlol» jamoasi feyr-pley bilan bog‘liq muammoga duch keldi va Server Jeparovni ijara asosida «Sepaxon» jamoasiga qo‘yib yubordi)
Temurxo‘ja ABDUXOLIQOV va Sanjar
SHOAHMEDOV («Al-Sayliya», Qatar)
2017 yil 16-17 yanvardan
«Al-Sayliya» sport klubi. Qatar Yulduzlar ligasi o‘rtamiyonalaridan biri. Tashkil topgan vaqti: 1995 yil 10 oktyabr («Al-Qodisiya» nomi ostida). Klub egasi: shayx Nosir bin Hamad bin Nosir al Tani. Uy stadioni: «Ahmad bin Ali Stedium» (sig‘imi - 25000). 2015|2016 yillar mavsumidagi natijasi: Qatar Yulduzlar ligasida 7-o‘rin. Bosh murabbiyi: Sami Trabelsi (Tunis, 2013 yil 8 iyundan).
«Sayliya» Qatardagi aksariyat klublar singari al Tanilar oilasiga qarashli. Hozirgi nomini 2003 yili oldi. Shundan bir yil o‘tib esa, ilk marta Yulduzlar Ligasiga yo‘l oldi. Keyinchalik oliy va birinchi divizion o‘rtasida sarson yurdi. Jamoa boshqaruvi Tunis termasi sobiq bosh murabbiyi Sami Trabelsiga topshirilgach, ligalar aro «sayr»ga barham berildi. Darvoqe, klubning internet tarmog‘idagi profilida mashhur 5 nafar futbolchisi qatorida Sanjar Shoahmedov va Temurxo‘ja Abduxoliqov ham qayd etilgan. Vaholanki, hamyurtlarimiz «Sayliya» bilan yaqindagina shartnoma tuzishdi.
Ayni payt 5ta gol urgan himoyachi Muhammad Muddater jamoa to‘purari bo‘lib turibdi. Shu sababmi, murabbiylar shtabi hujum chizig‘ini kuchaytirishga qaror qildi. Kamerunlik 33 yoshli Alo`O Efoulou hisobida esa 4ta gol bor. Murabbiylar shuningdek, 38 yoshli Mirg‘ani Babikerga naq 13ta o‘yinda to‘liq ishonch bildirishdi, lekin u loaqal bitta gol urolmadi va boz ustiga, 4 marta sariq kartochka oldi. Yarim himoyachilar - Mustafo Hafiz, Sayaf Muhsin, Hamad al Obaydi va Majdi Siddiq to‘rtligi esa atigi 2ta gol hosil qildi. Xullas, Sanjar Shoahmedov aqlli to‘p oshirishlari, sheriklarini qulay pozisiyaga chiqarishi bilan yangi jamoasi asosiy tarkibidan joy olishga urinib ko‘radi.
Fakt. Temurxo‘ja Abduxoliqov avvalgi mavsum yakunlangach, Malayziya klublari e’tiboriga tushgandi. Lekin u 29 dekabr kuni «temiryo‘lchilar» bilan 1 yillik yangi shartnoma tuzdi. Aynan shu kelishuv yakunda Toshkent klubiga transferdan daromad (0,85 mln. dollar) keltirdi.
Qirg‘iziston chempionati qanchalik kuchli?
Alisher Azizov («Dordoy», Qirg‘iziston)
2017 yil 14 yanvardan
So‘nggi ikki mavsumni «Obod» jamoasida o‘tkazgan, 2015 yil O‘zbekiston birinchi ligasi to‘purariga aylangan va poytaxt klubining elitaga chiqishiga katta hissa qo‘shgan Alisher Azizov esa faoliyatini yaqin xorijda davom ettiradi. Hujumchi Qirg‘izistonning «Dordoy» jamoasi bilan bir yillik shartnomani rasmiylashtirdi. Bishkek klubi 2016 yili 7ta ishtirokchi o‘rtasida o‘tkazilgan Qirg‘iziston oliy ligasida 43 ochko bilan 2-o‘rinni band etdi. Qolaversa, mamlakat kubogi aynan «Dordoy»ga nasib qildi. Umuman, bu jamoa 2004 yildan buyon turnir jadvalida biror marta 2-o‘rindan pastga tushmagan.