Rossiya terma jamoasi va Ispaniyaning «Espanyol» klubi sobiq futbolchisi Dmitriy Kuznesov 2026 yilgi jahon chempionatidan kutayotgan umidlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Jahon chempionatida men Ispaniya terma jamoasiga muxlislik qilaman, chunki La Ligada o‘ynaganman. Shuningdek, Rossiyaga yaqin bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasini ham qo‘llab-quvvatlayman. O‘zbek futbolchilari pley-off bosqichiga chiqishini juda istardim. Garchi ular uchun jahon chempionatiga yo‘llanma olishning o‘ziyoq tarixiy yutuq va haqiqiy jasorat bo‘lsa-da.
Mening fikrimcha, mundialning asosiy favoritlari — Argentina, Braziliya va Fransiya. Fransiya terma jamoasi futbolchilar tanlovi nuqtai nazaridan juda kuchli tarkibga ega. Shuningdek, Portugaliya ham kutilmagan natija qayd etishi mumkin», — dedi Kuznesov.













