Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir yoki tilidan tutilganlar

O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir yoki tilidan tutilganlar

Baho:
+ | -

Ba’zida muvaffaqiyatdan g‘oyat ruhlangan futbolchi va murabbiylar fantaziyaga berilib ketishadi va haddan tashqari balandparvoz va’dalar berib, keyin mulzam tortib qolishadi. Quyidagi qiziqarli to‘plamda xuddi shunday voqealar jamlangan.

UlYE: Hammasi tezda hal bo‘ladi!

2002 yil martida fransiyalik mutaxassis Jerar Ulye yuragiga bog‘liq muammolar sabab, besh oylik ta’tildan so‘ng «Liverpul» bosh murabbiyi lavozimiga qaytdi. «Enfild»da uning shogirdlari Fabio Kapello boshqaruvidagi «Roma»ni yengib, CHL final bosqichiga yo‘l olishdi. APLdagi ishlar ham chakki emasdi.

Shundan so‘ng mutaxasis OAVga yuzlanib, «Liverpul»­ni buyuklik chegarasidan  o‘ntagina o‘yin ajratib turganini ma’lum qildi. Afsuski, aynan shu chiqishdan keyin jamoadan omad yuz o‘girdi. Avvaliga «Bayer» CHL chorak finalida «qizillar»ning adabini berdi. APLda esa peshqadamlar «Liverpul»dan yetti ochko ilgarilab ketishdi. Kim biladi deysiz, balki Ulye janoblari vaqtida tilini tiyganida, jamoaga ko‘z tegmasmidi?..

Bukmekerlar haq bo‘lganida

2011 yili «Manchester Yunayted» ustozi ser Aleks Fergyuson CHL finalining «Barselona»ga qarshi o‘yinida o‘z shogirdlariga shunchalik qattiq ishongandiki, hatto bukmekerlarni ham ayab o‘tirmadi:

- «Barselona»ni yengamiz va shu bilan barcha savollarga nuqta qo‘yiladi. Bilaman, biz juda kuchli raqibga qarshi o‘ynaymiz, ammo nahotki, siz bizga qarshi pul tiksangiz? Misol uchun, shaxsan men sizning o‘rningizda bunday qilmagan bo‘lardim.

Shunga qaramay, aksariyat bukmekerlar shotlandiyalik mutaxassisga ishonishmadi va to‘g‘ri qilishdi. Zero o‘yin 3:1 hisobida kataloniyaliklarning g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. Fergi esa oxir-oqibat, haqiqatni tan oldi: «Shu paytgacha hali hech kim bizga qarshi shunchalik kuchli o‘yin ko‘rsatmagandi - ular g‘alabaga haqli edilar».

Pardyuning braziliyalik burgutlari

Bir yillik vaqt - jamoani tubdan o‘zgartirish uchun yetarli. 2015 yilning dekabrida Alan Pardyu «Kristal Pelas»ning o‘yinini kuchaytirib, Yevropani hayratga soldi. Hatto «Kristal Pelas» APLda oltinchi o‘ringacha ko‘tarilib, «Manchester Yunayted» bilan teng ochko to‘pladi.

«Tarkibimizda 11 nafar ajoyib o‘yinchilar bor va yetakchilardan qolishmaydigan o‘yin ko‘rsatyapmiz», - degandi o‘shanda har doimgidek dadillik bilan Pardyu. Ustiga-ustak, jamoa «Sanderlend»ni 4:1 hisobida tor-mor qilgach, mutaxassis shogirdlarini Braziliya terma jamoasiga o‘xshatgandi. Afsuski, «Braziliya»ning muvaffaqiyati uzoqqa cho‘zilmadi. 2016 yili «burgutlar» ketma-ket mag‘lub bo‘lavergach, Pardyu Rojdestvoga ikki kun qolganida, iste’foga chiqarildi.

Krishtianu Ronalduning hisob-kitobi

2008 yili, Ronaldu «Oltin to‘p» taqdirlash marosimining doimiy a’zosiga aylanmasdan turiboq o‘zini «dunyoning birinchi, ikkinchi va uchinchi eng yaxshi futbolchisi» ekanini e’lon qilgandi.

Oradan sakkiz yo‘l o‘tgach, aniqrog‘i, 2016 yil fevralida u yana o‘zi haqida balandparvoz gap aytib yubordi. Bu so‘zlar «Atletiko»ga qarshi o‘tgan omadsiz o‘yindan keyin yangragandi: «Agar hamma jamoadoshlarim mening darajamda bo‘lishganida, biz barcha musobaqalarda yetakchilik qilardik».

Qo‘polroq ibora-a? Albatta. Hatto Krishtianu ham keraksiz gapni aytib qo‘yganini sezib, darrov so‘zlarini o‘zgartirdi: «Tabiiyki, men iqtidorni emas, jismoniy holatni nazarda tutgandim. Men hech bir jamoadoshimdan yaxshi emasman».

Skruj Blatter

2011 yilning iyunida butun futbol jamoatchiligi FIFAdagi korrupsiyaga bog‘liq mashmashalardan xabar topdi. Lekin bu mojaro amaldagi prezident Zepp Blatterning yana tashkilot rahbarligiga qayta saylanishiga to‘sqinlik qilmadi. U lavozimida qolganidan xabar topgach, baxtiyorligini quyidagicha ifodaladi:

- Hamma narsasi yetarli odamga yana nimani ham tilash mumkin? Menda mablag‘ borasida muammo yo‘q. Yana bir «Porshe» sotib olishni, yangi yaxta va villaga buyurtma berishni istamayman.

Nima ham derdik, omadingizni bersin, janob Blatter...

Alishtirib bo‘lmas Yensning alishtirilishi

Hamisha raqiblariga o‘tkir gaplar tashlashi bilan tanilgan «Arsenal»ning germaniyalik sobiq posboni Yens Lemann bir paytlari jamoadagi o‘rni naqadar muhimligini ishonch bilan ta’kidlagandi.

- Ha, men «Arsenal»dagi raqobatchilarimdan anchagina ustun turaman va bu farqni hali uzoq vaqt o‘zimda saqlab turishga harakat qilaman. Boz ustiga, atrofimda mening o‘rnimni egallashga qodir birorta «supermen»ni ko‘rmayapman, - degan edi Lemann 2007 yilda.

Oradan sakkiz oy o‘tgach, 37 yoshga kirgan darvozabon «Everton»ga qarshi o‘yinda so‘nggi bor «to‘pchilar» sharafini himoya qildi. «Supermen» rolini esa Yens mensimagan Lukash Fabianski bajarib berdi.

Sarobga aylangan orzu

JCH-1978 boshlanishi arafasida Shotlandiya terma jamoasi ustozi Alli Maklaud chiranchoqlik bilan «uyga eng kamida medal bilan qaytish»ni va’da qiladi. Shundan so‘ng jurnalistlar turnir yakunlangach, jamoa nima bilan mashg‘ul bo‘lishi haqida savol berishadi. Murabbiy esa ko‘kragini kergancha: «Sovrinni himoya qilamiz», - deydi.

Lekin Maklaud shu bilan cheklanib qolmaydi. U hukumatga ham murojaat qilib, qahramon futbolchilar maxsus parad o‘tkazib olishlari uchun Xempden xiyobonini ochib berishlarini talab qiladi.

Afsuski, shotlandlar Argentinaga yetib borishgach, ishlar chappasiga ketadi: ular avval Peruga yutqazib, debyutant - Eron bilan durang o‘ynashadi. Gollandiyadan uchralgan mag‘lubiyat esa Maklaud shogirdlarini musobaqadan chiqarib yuboradi.

Braun - «qutqaruvchi»

«Xall Siti» klubining sobiq ustozi Fil Braun 2009 yili olamshumul bayonot bilan chiqdi. Filning aytishicha, u yo‘lda ketayotib, o‘zini ko‘prikdan tashlashga tayyor turgan qizni uchratib qoladi va uni fikridan qaytarib, hayotini saqlab qoladi. Ammo mazkur voqeani ko‘prik qorovuli Xarber ham, jurnalistlar ham, umuman, hech kim tasdiqlay olmaydi.

Eng qizig‘i, bu vaqtda Braun shogirdlarining shunchalik joniga tekkandiki, ular bir necha bor mutaxassisni biror-bir ko‘prikdan pastga uloqtirish kerakligini aytishadi. Albatta, hazil tariqasida. Ammo qaysar Braun 2010 yil mart oyigacha o‘z o‘rnini hech kimga bermaydi. «Xall» esa kutilganidek, Chempionshipga ravona bo‘ladi.

Bendtnerni ko‘rmadingizmi?

Xabaringiz bor, yaqinda «Liverpul» hujumchisi Daniel Starrij o‘zini dunyodagi eng kuchli forvard deb hisoblashini aytgandi. Biroq afsuski, u maqtanchoqlik borasida daniyalik hamkasbi Niklas Bendtnerning oldida ip esha olmaydi.

Negaki, 2010 yilning aprelida «Arsenal»ning sobiq vakili ham o‘ziga-o‘zi yuksak baho berishdan tashqari, navbatdagi jahon chempionatida «Oltin butsa»ni hech kimga bermasligini ham ta’kidlaydi. Ammo u JARdagi mundialda atigi bir dona gol uradi, Daniya termasi esa guruhdan ham chiqa olmaydi.

Niklas 2014 yili «Arsenal»ni tark etayotib, o‘zining saviyasiga «Barselona» yoki «Real» klublaridan biri to‘g‘ri kelishini uqtiradi. Yakunda esa u arang «Volfsburg» safiga qo‘shiladi. Qarangki, Bendtner hatto shu jamoada ham o‘zini ko‘rsata olmaydi. Ayni paytda u «Nottingem Forest»da «javlon urib» to‘p surmoqda.

- O‘sha gaplarimdan hozir afsuslanmayman. Lekin o‘shanda yosh edim va bayonot qilishga biroz shoshilganman. Eng yomoni, bemavrid aytilgan bu so‘zlar meni uzoq vaqt ta’qib qildi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:21, 17.02.2017.
O'qildi: 12194 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.