«Barselona» yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar markaziy hujumchi bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Xulian Alvares transferini amalga oshira olmagan kataloniyaliklar endi boshqa nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda.
RAC1 va Sport ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni «Barselona» sport direktori Deku Portugaliyaga uchib ketgan. Uning kim bilan muzokara o‘tkazishi hozircha ma’lum emas.
Shu bilan birga, OAV «ko‘k-anorranglilar»ni Portugaliya chempionatida to‘p tepayotgan ikki hujumchi bilan bog‘lamoqda. Ular — «Sporting» forvardi Luis Suares va «Benfika» hujumchisi Vangelis Pavlidis.
Avvalroq «Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik klub yangi markaziy hujumchi topishiga ishonch bildirgan va bu masalada Dekuga ishonishini ta’kidlagan edi.













