Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Yovetich - Batistutaning vorisi

Yovetich - Batistutaning vorisi

Baho:
+ | -

«Sevilya»ning yangi a’zosi Stevan Yovetich Pireney yarim orolida o‘zini ajoyib his qilyapti. Har holda, uning hozirgi o‘yiniga qarab shunday fikr bildirish mumkin.

Bir paytlari «Fiorentina»da porlagan chernogoriyalik futbolchi keyinchalik «Manchester Siti» va «Inter»da yo‘qolib qolgandi. Ispaniyaga kelgach, avvalgi holatiga qaytdi, desak xato bo‘lmasa kerak. Zero shu qisqa vaqt oralig‘ida «Real» darvozasini ikki marta ishg‘ol qilishga erishdi. Ehtimol, Andalusiya uning uchun ideal joydir?

Stevan «Fiorentina»dagi faoliyati orqali Yevropaga tanilgan. O‘sha payt florensiyaliklar unga Batistutaning o‘rinbosaridek qarab, superyulduz hujumchi sifatida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga chin dildan ishonishgandi. Kuchli zarba va ajoyib tezlikka ega bo‘lgan legioner «binafshalar» safidagi  yetakchilardan biriga aylandi. Jiddiy jarohat tufayli butun bir mavsumni o‘tkazib yuborganiga qaramay, ke-yinchalik Yovetich o‘z o‘yinini yanada kuchaytirish barobarida sermahsullikni ham oshirib bordi. So‘ng «A» seriyaning yorqin yulduzlaridan biriga aylangan forvardga «Manchester Siti» 25 million yevro berishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishishgach, Stevan «shaharlik»ka aylandi. Biroq sir emaski, Italiyada o‘ynagan futbolchilarning aksariyati Angliyada ishi yurishmaganidan noliydi. Jumladan, Andrey Shevchenkoni tumanli o‘lkada qanday qismat qarshi olganini oddiy misol tariqasida keltirib o‘tish mumkin. Faoliyati davomida aynan ukrainalik goleadorning o‘yinidan huzur olishini ta’kidlagan Yovetich ham xuddi shunday holatga tushdi - Manchesterda o‘yini qovushmadi.

To‘g‘ri, boshida hammasi binoyidek davom etayotgandi. Yangi muhitga ko‘nikkach, Angliya liga kubogida ikkita gol urib, shu taxlit yana avvalgi holatiga qaytayotgandek taassurot uyg‘otdi. Biroq alamli jarohat hammasini barbod qildi. Qolaversa, bu paytga kelib Serxio Aguero va Edin Jeko ajoyib formada edilar, mazkur holat esa o‘z-o‘zidan Stevanning asosiy tarkibga kirish imkoniyatini pasaytirib yuborardi. Yovetich dastlab Alvaro Negredo, so‘ngra Vilfrid Boni bilan raqobatga kirishib, maydonga onda-sonda tushardi. Xullas, «Fiorentina»da haqiqiy yulduz sifatida qadrlangan hujumchi «Siti»da zaxira vakiliga aylandi-qoldi. Chempionat va liga kubogidagi g‘alabalar uning uchun bor-yo‘g‘i yupanch vazifasini o‘tadi.

2015 yili uni Chernogoriyaning eng yaxshi futbolchisi, deb tan olishdi. Ammo afsuski, Stevanga Angliyada yulduz bo‘lish nasib etmadi va muvaffaqiyatsizlikda murabbiyni aybdor sifatida ko‘rsatdi. «Manchester Siti»da muammolarim bor edi, ammo bunday holat boshqalarda ham kuzatilgan. Hattoki, yaxshi formada bo‘lgan chog‘larimda ham murabbiy meni maydonga tushirmasdi», - deydi Yovetich Angliyadagi faoliyati haqida.

Mavjud vaziyatda darhol qandaydir o‘zgarish kiritishga ehtiyoj tug‘ilgandi. Biroq Manuel Pellegrini chernogoriyalik shogirdini sotishni xohlamasdi (balki, bu bilan o‘z xatosini tan olgandir?). Oxir-oqibat Stevan ijara asosida «Inter»ga yo‘l olib, u yerda «shaharliklar»ning sobiq ustozi Roberto Manchini bilan uchrashdi. Bir yarim yillik ijara shartlariga ko‘ra, Yovetich asosiy tarkibda bitta o‘yin o‘tkazsa ham milanliklar uni 14,5 million yevroga sotib olishlari ko‘zda tutilgandi. Italiyada Yo-Yo(Apennin yarim orolida shunday atashardi)ga darhol joy topildi. Manchini uni Mauro Ikardiga sherik qilib qo‘yishni rejalashtirgandi va Stevan dastlab murabbiy ishonchini oqlashga erishdi - 13ta o‘yinda 5ta gol va 2ta golli uzatma. «Ikardi va Yovetich yonma-yon o‘ynashlari kerak. Maydonda ikki hujumchi bo‘lsa, bir-birining o‘rnini to‘ldirib turadi. Ulardan ko‘plab gollarni kutyapmiz», - degandi «Inter» ustozi. Ammo ko‘p o‘tmay, chernogoriyalik forvardning faoliyatida yana pasayish kuzatildi. Natijada u debyut mavsumda 28ta o‘yin o‘tkazib, atigi 7ta gol urdi. Bu ko‘rsatkich yiliga 3,5 million yevro maosh oladigan, narxi 14,5 millionlik o‘yinchi uchun yetarli emasdi. Stevan tez-tez mamlakat terma jamoasidan chaqiruv olgani bois, shu tariqa o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. «Yaxshi ishlardim, o‘ynashga ham tayyor edim, ammo menga imkoniyat berishmadi. Gap nimadaligini bilmasdim. Muammo menda emasdi, chunki Chernogoriya termasidagi o‘yinlarim yaxshi formada ekanimni isbotlardi. Xo‘sh, nega o‘ynashga ruxsat berishmadi? Yaxshisi menga bunday savol bilan murojaat etmaganingiz ma’qul», - degandi Yovetich «Inter»dagi ahvoli haqida gapirarkan.

Keyinchalik «neradzurri»ning Yevropa Ligasi uchun taqdim etgan «zayavka»sidan o‘rin ola bilmagani Yo Yoning sabr kosasini to‘ldirdi. Stevan uchun bu juda qayg‘uli holat edi. Natijada, u xufyona tarzda vaziyatdan chiqish choralarini izlay boshladi. Chunki shu paytga kelib, fursatdan unumli foydalanish taraddudiga tushgan «A» seriya klublari o‘yinchi bilan aloqaga chiqa boshlashgandi. Ular orasida eng qiziqqani «Fiorentina» bo‘ldi, ammo Yovetich «Sevilya»ga ijaraga ketdi.

Ispaniyadagi faoliyati muvaffaqiyatli boshlandi: maqsadsiz «Inter»­ni «Sevilya»ga almashtirgan Yo Yo «Real»ga ikkita gol urdi. Dastlabki bahsda durang qayd etilgan bo‘lsa, ke-yingi uchrashuvda chernogoriyalik hujumchi kiritgan to‘p andalusiyaliklarga g‘alaba keltirdi. Chindan ham omadli debyut. «Mehmonxonadan chiqqanimizda meni qo‘llab-quvatlashlarini ko‘rib, faxr tuydim. O‘yin payti «Sevilya» hisobni tenglashtirganida esa, ishqibozlar bizni boshqacha tarzda olqishlashdi. Bu holat esa, tabiiyki, «Real» darvozasiga g‘alaba golini urishimizga turtki vazifasini o‘tadi», - dedi futbolchi «Qirollik klubi»ning g‘alabali seriyasiga nuqta qo‘-yilgan uchrashuvdan so‘ng.

Unai Emeri boshqaruvida mustahkam jamoaga aylangan «Sevilya» Xorxe Sampaoli qo‘l ostida yanada yorqinroq natijalarni ko‘rsatib kelyapti. Garchi argentinalik murabbiy kasbdoshidan ancha baquvvat kollektivni qabul qilib olgan bo‘lsada, baribir, tarkibda jiddiy yo‘qotishlarga duch kelgandi. Banega, Gameyro va Krixov-yak kabi yetakchi o‘yinchilar klubni tark etishdi. Shunga qaramay, andalusiyaliklar ularga munosib o‘rinbosar topishdi, zaxiradan unumli foydalanishdi. Mana, bu safar ham Sampaoli aniqlik bilan jamoani kuchaytira oldi va ixtiyoridagi ijrochilardan uning umidi katta. Mavsumlar oralig‘ida jamoaga bir qator yuksak saviyali futbolchilar kelib qo‘shilishdi (Nasri, Ganso, Kranevitter, Korrea, Vaskes). Janob Xorxe shogirdlari bilan til topishishda ustasi farang mutaxassis ekanligini yana bir karra isbotlamoqda.

Yovetichning «Sevilya»ga o‘tishi - 100 foiz Sampaolining qarori, chunki unga hujumchi juda zarur edi. Argentinalik murabbiy dastlab golli vaziyatlardan unumli foydalana olmaydigan Vyettoni hujumga qo‘ygan bo‘lsa, keyinchalik Vaskesning xizmatlariga murojaat etdi. Biroq hali-hanuz Gameyroning o‘rnini bosa oladigan o‘yinchi topilganicha yo‘q. Andalusiyada Ben-Yederga umid bog‘lashyapti, ammo baribir, qo‘shimcha forvardga ehtiyoj sezil-yapti. Jamoa «zayavka»sida 3 nafar hujumchi bor, xolos (ularning biri 1996 yilda tug‘ilgan). Chempionlik uchun kurashish va Chempionlar Ligasiga chiqish uchun qulay imkoniyat paydo bo‘lgan bir pallada ushbu holat xavotir uyg‘otishi tabiiy. Joriy mavsum «Sevilya»ning aksariyat gollariga asosan yarim himoyachilar mualliflik qilishmoqda. Nasri kerakli paytda keldi, uning texnikasi va tajribasi maydon markazida juda asqotyapti. Yovetich esa bundan unumli foydalanib qolishi mumkin. Sampaoliga xuddi shu narsa kerak.

Ma’lumotlarga qaraganda, Stevanning narxi 9 million yevroni tashkil qiladi. Bu summani «Sevilya»ning cho‘ntagi ko‘tara oladi. Albatta, hammasi chernogoriyalik futbolchining o‘ziga bog‘liq. Buning uchun eng avvalo, undan raqiblar darvozasini ko‘proq ishg‘ol qilish talab etiladi, shundagina zaxirada qolmaydi yoki ijarama-ijara sarson bo‘lmaydi.

O‘z vaqtida shunga o‘xshash holatga tushib qolgan Sulsherning «Manchester Yunayted»ga juda katta foydasi tekkandi. Ko‘ramiz, Yovetich qanchalik samarador bo‘larkin. Ko‘pchilik uning imkoniyatlarini biroz unutib qo‘yganga o‘xshaydi. Stevan «Sevilya»da asosiy goleadorga aylana olsa, birinchidan, faoliyatida tub burilish yasaydi. Ikkinchidan, tomoshabinlar yoqimtoyiga aylanadi («Real»ga urgan ikkita golidan so‘ng ushbu maqsad yo‘lida juda katta qadam tashladi). Uchinchidan, o‘z qobig‘idan chiqadi. Omadsizliklar va murabbiylar bilan yuzaga kelgan muammolardan keyin, aynan professor Sampaoli ushbu o‘yinchidagi eng kuchli jihatlarni ro‘yobga chiqarishi mumkin. Endi Yovetich katta klublar nog‘orasiga o‘ynamay, haqiqiy yulduzga aylanish taraddudini ko‘rishi lozim, hozir buning ayni payti. Axir bir vaqtlari uni Batistutaga qiyoslashgan. Bu esa ko‘p narsadan dalolat.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:52, 18.02.2017.
O'qildi: 5827 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.