Kirish Ro'yxatdan o'tish
29/04 00:00 Marsel 2-1 Lans
29/04 00:00 Betis 1-1 Sevilya
29/04 23:45 Jenoa 3-0 Kalyari
30/04 00:00 Barselona 4-2 Valensiya
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid

OCHL: «Qaldirg‘ochlar» «Al-Ahli»ga yangi raqib

OCHL: «Qaldirg‘ochlar» «Al-Ahli»ga yangi raqib

Baho:
+ | -

Jiddaning «Al-Ahli»si yurtimiz jamoalaridan faqat «Nasaf» (4 marta) va «Paxtakor» bilan o‘ynagan. Xususan, jiddaliklar 2015 va 2016 yillarda «Nasaf»ning guruhdoshi bo‘lishdi. Demakki, «Bunyodkor» mazkur jamoa uchun notanish raqib sanaladi. «Al-Ahli» Jiddaning o‘zida ham sovrinlarni qo‘lga kiritish bobida hamshahri «Al-Ittihod»dan orqada. Lekin u Saudiyada tashkil etilgan ilk klublardan biri va shunga yarasha, tarixi juda uzun.

1984 yildan buyon ichki chempionatda g‘olib chiqmagan jamoa avvalgi mavsum ichki arenada yakka peshqadam bo‘ldi. Ya’ni chempionlikdan tash­qari, «Qirol kubogi» va mamlakat superkubogini yutdi. Qolaversa, «Valiahd shahzoda kubogi» finaliga chiqdi. «Al-Ahli» ayni payt turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi va peshqadam «Al- Hilol»dan 7 ochko ort­da qolmoqda. Muhimi, jiddaliklar mahsuldorlik masalasida ajralib turibdilar. Xususan, suriyalik Omar al Soma to‘purarlar bahsida 19ta gol bilan peshqadamlik qilyapti. U eng yaqin ta’qibchisi - misrlik 24 yoshli Qahraboni 6ta golga ortda qoldiryapti. «Al-Ahli» OCHL-2012da finalga chiqqan va hal qiluvchi o‘yin­da «Ulsan Xyunday»ga 0:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi. O‘tgan mavsum esa Jidda jamoasi yurishi guruh bos­qichidayoq to‘xtadi. Xususan, Qarshida qabul qilingan mag‘lubiyat klubning ulkan maqsadlari yo‘lidagi ulkan to‘siq bo‘ldi.

2014 yilning 1 may kuni Jidda shahrida yangi qurilgan «Qirol Abdulloh Sports Siti» stadioni foydalanishga topshirildi. Bu arenaning qad rostlashiga 560 mln. dollar sarflandi. Muhimi, «Al-Ahli» yangi arenaga ko‘chib o‘tgach, uning uy o‘yinlarini bevosita kuzatib boradigan muxlislar soni keskin ortdi. Ayni payt har bir uchrashuvida o‘rtacha hisobda 35-40 ming muxlis to‘planmoqda. Ayniqsa, chempionat doirasidagi markaziy uchrashuvlar chog‘i stadion liq to‘lmoqda.

Bosh murabbiy - Kristian Gross. 1954 yil 14 avgustda Syurix shahrida tug‘ilgan. Yoshligida himoyachi pozisiyasida o‘ynagan. Gross jamoa tepasiga kelgach, jiddaliklar ilk mavsumda birorta mag‘lubiyatga uchramay, 60 ochko bilan 2-o‘rinni egallashdi. O‘tgan yili esa 1ta mag‘lubiyat qayd etishdi va 63 ochko to‘plab, chempionlikka erishishdi. Biroq shundan so‘ng Gross negadir klubdan ketdi. To‘g‘ri, natijalar va o‘yinda mazmun yo‘qola boshlagach, rahbariyat shveysariyalik mutaxassisni ortga qaytardi. Uning jamoasi OCHLda hozircha u qadar yaxshi natija qayd etolmayapti. Umuman, Gross Jiddada 2014 yilning 1 iyulidan buyon ishlamoqda. Hozircha 3ta musobaqada muvaffaqiyatni ta’minladi. E’tiborlisi, «Al-Ahli» 2008 yildan buyon faqat xorijlik murabbiylarga tayanmoqda.

«Al-Ahli»ning OCHLdagi ishtiroki

2002|2003: «pley-off»

2005: chorak final

2008: guruh bosqichi

2010: guruh bosqichi

2012: final

2013: chorak final

2015: 1|8 final

2016: guruh bosqichi (3ta g‘alaba, 3ta mag‘lubiyat)

Jamoa legionerlari. Ioannis Fetfasidis (Gresiya). 1990 yil 21 dekabrda tug‘ilgan. Yoshligida xuddi Messiga o‘xshab bo‘yning o‘smay qolishiga bog‘liq gormonal muammoga duch kelgan. O‘sha vaqt unga «Olimpiakos» katta yordam bergan. Bo‘yi 165 santimetr va vazni 61 kilogrammga teng yarim himoyachi Saudiya klubi uchun haqiqiy topilma bo‘ldi. U «Jenoa» va «Kyevo» klublarida katta tajriba to‘plaganidan so‘ng 2015 yil yozda Jidda jamoasi safiga qo‘shildi. Muhammad Abdul Shafi (Misr). 1985 yil 1 iyul­da tug‘ilgan. Chap qanot himoyachisi. So‘nggi Afrika millatlar kubogining finalchisi. 3 mavsumdan buyon klubning almashtirilmas futbolchilaridan biri. Omar Al Soma (Suriya). 1989 yil 28 martda Suriyaning Deyr Al Zor shahrida tug‘ilgan. «Al-Futva» va «Al-«Qadsiya» kabi mahalliy klublarda toblangach, «Al Ahli» vakiliga aylandi (2014 yil iyul oyida). 2015 yili shartnomasini yana 3 mavsumga uzaytirdi. Klub uchun turli turnirlarda 91ta gol urishga ulgurdi. Saudiya pro-ligasida so‘nggi ikki mavsum «Oltin butsa» sovrinini yutdi. Sa’d Abdul Amir (Iroq). 1992 yil 19 yanvarda tug‘ilgan. Markaziy yarim himoya va o‘ng qanotda bemalol o‘ynaydi. Hozirgi klubi safiga 15 yanvar kuni qo‘shildi. Asosiy tarkibga to‘laqonli kirishi uchun yana biroz vaqt kerak.

«Al-Ahli»ning taxminiy tarkibi. Darvozabon: Ahmad al Harbiy. Himoyachilar: Oqil al Sahbiy, Abdulhakim al Fatil, Muhammad Abdul Shafi, Motaz Havsaviy. Yarim himoya­chilar: Taysir al Jassim, Ioannis Fetfasidis, Mustafo al Bassas, Abdulfattoh Asiriy. Hujumchilar: Omar al Soma, Salmon al Moasher.

Oxirgi tur natijalari

«Al-Tavon» Saudiya Arabistoni chempionati 19-turida «Al-Fotih» mehmoni bo‘lib, 2:0 hisobida ustun keldi. Jamoa gollariga Alassan N`Diaye va Jihod al Husayn mualliflik qilishdi. «Tavon» ayni payt 24 ochko bilan turnir jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi. «Al-Ahli» esa aksincha, o‘z maydonida «Al-Nasr»­ga aynan 0:2 hisobida yutqazdi. Natijada jamoa turnir jadvalida 4-pog‘onaga surildi.

Eron chempionatida esa 21-tur o‘yinlari yakunlandi. Uning doirasida kechgan «Istiqlol» - «Piruzi» uchrashuvida maydon egalari Farshid Ismoili, Ali Gurbani hamda Kaveh Rizoi urgan gollar evaziga 3:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. «Istiqlol» ayni payt Eron chempionatida 3-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa hisobida 37 ochko bor. Eslatma, «Lokomotiv» 13 mart kuni OCHL 3-turi doirasida aynan Tehron jamoasi mehmoni bo‘ladi.

Ma’lumot uchun

«Al-Ahli» (Jidda)

Tashkil topgan yili: 1937

Laqablari: «Qirollik klubi», «Millat elchisi»

Klub xo‘jayini: Ahmad al Marzuqiy

Stadioni: «Qirol Abdulloh Sports Siti» (sig‘imi - 62000)

Bosh murabbiyi: Kristian Gross (SHveysariya)

Joriy mavsum (2016|2017) chempionatdagi holati: 19ta o‘yin, 13ta g‘alaba, 1ta durang, 5ta mag‘lubiyat, to‘plar nisbati: 44-23. 4-o‘rin.

Sovrinlari: Saudiya Arabis­toni chempioni (1969, 1978, 1983-1984, 2015-2016); «Valiahd shahzoda kubogi» sohibi (1957, 1970, 1998, 2002, 2007, 2015); «Qirol kubogi» egasi (1962, 1965, 1969, 1970, 1971, 1972, 1977, 1978, 1979, 1983, 2011, 2012, 2016); Saudiya Arabistoni superkubogi sohibi (2016)

Fikrat tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 09:05, 21.02.2017.
O'qildi: 7433 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.