Futbol bo‘yicha XXVI O‘zbekiston chempionatining boshlanishiga ham sanoqli kunlar qolmoqda.
Bahor faslining ilk oyi – martning 3-kunidan mamlakatimiz stadionlarida futbol bo‘yicha XXVI O‘zbekiston chempionati o‘yinlari boshlanadi.
O‘zbekiston kumush medali (2011 yil) va o‘n karra bronza medali sohibi, O‘zbekiston kubogi sohibi (2015 yil) hamda O‘zbekiston superkubogi (2016 yil) sohibi bo‘lgan “Nasaf” jamoamiz joriy chempionatning ilk uchrashuvini safarda “Qo‘qon-1912” jamoasi bilan o‘tkazadi.
Jamoamiz bu yil o‘z tarixida 21-marta oliy ligada ishtirok etadi.
“Nasaf” oliy ligada 1997 yildan ishitirokini boshlagan bo‘lsa, hozirgacha 20 marta mamlakatimiz chempionatlarida ishtirok etdi. Ushbu chempionatlarda jami 588ta uchrashuv o‘tkazildi. Chempionatlarda 330ta g‘alaba, 112 durang va 146 marta mag‘lubiyatga uchraldi. Futbolchilarimiz raqiblar darvozasiga 1068ta to‘p kiritishib, o‘z darvoazasidan 667ta to‘p olib chiqishgan. O‘tkazilgan uchrashuvlarda 1102 ochko qo‘lga kiritilgan. Quyidagi jadval orqali ana shu yutuqlar qaysi murabbiylar boshchiligida qo‘lga kiritilganini bilib olasiz.
Chempionatlar | Yillar | Jamoalar soni | Egallangan o‘rinlar | Murabbiylar |
VI | 1997 | 18 | 6 | Viktor Borisov |
VII | 1998 | 16 | 5 | Viktor Borisov |
VIII | 1999 | 16 | 11 | Viktor Makarov |
IX | 2000 | 20 | 3 | Bahrom Hakimov |
X | 2001 | 18 | 3 | Bahrom Hakimov |
XI | 2002 | 16 | 4 | Bahrom Hakimov |
XII | 2003 | 16 | 4 | Bahrom Hakimov |
XIII | 2004 | 14 | 4 | B.Hakimov, Z.Turaqulov |
XIV | 2005 | 14 | 3 | Oleg Morozov, Z.Turaqulov |
XV | 2006 | 16 | 3 | Bahrom Hakimov |
XVI | 2007 | 16 | 6 | B.Hakimov, V.Ni, V.Fomichev |
XVII | 2008 | 16 | 9 | V.Borisov, E.Gess, U.Toshev |
XVIII | 2009 | 16 | 3 | Viktor Kumikov |
XIX | 2010 | 14 | 3 | V.Kumikov, A.Demyanenko |
XX | 2011 | 14 | 2 | A.Demyanenko |
XXI | 2012 | 14 | 4 | R.Berdiyev, U.Toshev, R.Berdiyev |
XXII | 2013 | 14 | 3 | Ro‘ziqul Berdiyev |
XXIII | 2014 | 14 | 3 | Ro‘ziqul Berdiyev |
XXIV | 2015 | 16 | 3 | Ro‘ziqul Berdiyev |
XXV | 2016 | 16 | 3 | Ro‘ziqul Berdiyev |
Tarkibdagi o‘zgarishlar
O‘tgan mavsum nihoyasiga yetkach, jamoamizni 4 nafar futbolchi tark etdi. Tajribali yarim himoyachimiz Fozil Musayev Yaponiya klubiga o‘tgan bo‘lsa, Ildar Mamatkazin ham xorijda to‘p tepadigan bo‘ldi. Azamat Allaniyozov esa “Qizilqum”ga, Shuhrat Muhammatiyev “Lokomotiv” jamoasi a’zosiga aylandi.
O‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida jamoamiz safida faoliyat yuritgan Ognen Krasich bilan shartnoma muddati uzaytirilmadi.
Bu yildan jamoamiz safiga tajribali himoyachi Akmal Shoraxmedov qo‘shildi. Bungacha “Bunyodkor” jamoasida to‘p tepgan futbolchi, milliy terma jamoamiz safida ham ko‘plab maydonga tushganligi haqida bilasiz. Shuningdek bungacha o‘rinbosarlar va quyi ligada ishtirok etgan jamoalarimizdan bir qator yosh futbolchilar asosiy tarkibimiz o‘yinchilariga aylanishdi.
Keyingi yillarda “Nasaf” klubi o‘z tarkibini futbol maktabimiz tarbiyalanuvchilari hisobiga to‘ldirib borishi klubning ustivor yo‘nalishiga aylandi. Bu holat ko‘pgina yosh futbolchilarimizga futbol maktabida olgan bilim va mahoratini katta futbolda sinab ko‘rish imkonini yaratdi. Ularda asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanishiga katta ishonch ham paydo qildi. Hozirgi paytda “Nasaf”ning asosiy tarkibida ana shunday o‘n uch nafar futbolchi borligi albatta quvonarli hol. Bundan tashqari yosh futbolchilarimizga endi yevropaning yetakchi klublari ham qiziqish bildirayotgani faxrlidir. Demak, “Nasaf” klubining futbol maktabi faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan va maktabda faoliyat yuritayotgan murabbiylarimizning mehnati o‘z mevasini bera boshladi.
Xullas, jamoa tarkibi shakllantirildi. Endi futbolchilarimiz klubimiz rahbariyati, murabbiylarimiz va muxlislarimiz ishonchini oqlashsa bo‘ldi.
Yangi mavsum tayyorgarliklari
Yangi mavsum tayyorgarliklarini 2016 yil 20 dekabr kunidan boshlagan jamoamiz shu paytgacha nafaqat Qarshi shahrida balki xorijda ham yig‘in o‘tkazdi. Xorijiy yig‘inda 6ta nazorat uchrashuvi o‘tkazilib, unda asosan yevropa klublari jamoamizga sparring raqiblar bo‘ldi. Xorijda o‘tkazilgan nazorat uchrashuvlarining barchasida jamoamizning qo‘li baland keldi.
O‘ylaymizki, jamoamiz uchun yangi mavsum tayyorgarliklari ko‘ngildagidek o‘tdi.
Maqsad va vazifalar
Jamoamiz oldidagi asosiy maqsad, avvalo futbol ishqibozlariga chiroyli va mazmunli o‘yinlarni taqdim etish. Mamlakatimiz milliy terma jamoasi tarkibiga munosib o‘yinchilar yetkazib berish. Jamoamiz oldidagi vazifa hech qachon o‘zgarmaydi. Bu mamlakat chempionatida yuqori natijaga erishish va O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish. Bu orqali qit’amizning klublar o‘rtasidagi nufuzli musobaqasi - Osiyo chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Jamoamiz ana shu maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz yashil maydonlarida kurash olib boradi.