Vitaliy Legay boshqaruvidagi «Andijon» yangi mavsumga puxta hozirlik ko‘rishga xarakat qilmoqda.
Jamoa ayni damda o‘z qarorgohida yig‘in o‘tkazmoqda. Murabbiylar ko‘rikda bo‘lib turgan futbolchilarni kun ora sinov-nazorat o‘yinlarini tashkil etgan xolda ko‘zdan kechirmoqda. Bugun ham navbatdagi o‘rtoqlik o‘yini tashkil etildi. Haqqulobodning «Norin» jamoasi Andijonga tashrif buyurdi. Sho‘rbuloq dahasida joylashgan «FIMI» stadionida kechgan uchrashuvda andijonliklar yirik hisobda g‘alaba qozonib muxlislarini quvontirdi. Garchi bahs o‘rtoqlik maqomini olgan bo‘lsada maydonda futbolchilar g‘alaba ilinjida bor kuchlarini berib xarakat qildi. Ayniqsa to‘p uchun kurashlarda futbolchilar bir-birlarini ortiqcha ayab o‘tirmadi. Natijada avvaliga mehmonlardan Javlon Iskandarov keyinchalik mezbonlardan Qahramon Mahamadjonov hakam tomonidan qizil kartochka bilan siylanib, maydonni sheriklaridan oldinroq tark etishga majbur bo‘ldi.
Uchrashuvning tafsilotlariga to‘xtalishdan avval shuni aytib o‘tish joizki, «Norin» tarkibida shu kuni Farruh Turdaliyev, Farruh Nurliboyev, Murod To‘ychiboyev, Javlon Iskandarov, Shukur Jumaboyev, Eldor Ergashev hamda Sarvar Safarov kabi o‘yinchilar xarakat qildi.
O‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlar hisobni ochdi. Maqsud Mahmudov burchak zarbsini amalga oshirdi. Havolatib jarima maydoni ichiga uzatib berilgan to‘pni Baxtiyor Qosimov boshi bilan darvoza to‘riga aniq joylab qo‘ydi - 1:0. Tanaffusga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi.
Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoa murabbiylari tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirib, zaxiradan yangi kuchlarni chiqara boshladi. Bu ko‘proq «Andijon»ga foyda keltirdi. Ayniqsa hujumchi Farruh Shotursunov maydonga tushib, o‘yinni yanada kuchaytirdi. Aynan u ikkinchi golga assisentlik qildi. To‘p bilan raqib jarima maydoni sari yurish qilib, ikki-uch futbolchini aldab o‘tgan xolda to‘pni yanada qulay vaziyatda turgan Abduvohidovga yetkazdi. Alisher esa bundan unumli foydalanib qoldi. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, o‘tgan mavsum yoshlar ligasi bahslarida to‘purarlik salohiyatini namoyish etgan Alisher Abduvohidovdan bu yil muxlislarning umidi katta bo‘lmoqda. Nihoyat u norasmiy o‘yin bo‘lsada, gollari hisobini ochib oldi. Umid qilamizki, iqtidorli hujumchimiz chempionat davomida ham gollari bilan jamoaga katta foyda keltiradi.
O‘yindagi boshqa gollarga to‘xtalib o‘tamiz. Vaziyatlarning birida «Norin» futbolchilari hisobni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Elyor Mo‘ydinov o‘zini ko‘rsatdi - 2:1.
Shundan so‘ng andijonliklar bunga javoban yana ikkita to‘p kiritdi. Shotursunov to‘pni egallab olib raqib jarima maydoni sari yurish qildi. O‘z postini tashlab chiqqan posbon Farrux Turdaliyevni ham ustalik bilan aldab o‘tib, bo‘sh qolgan darvozani aniq nishonga ola bildi - 3:1.
Shundan so‘ng mezbonlar hotirjamlikka berilmadi. Aksincha zahiradan maydonga chiqqan yoshlar katta ishtiyoq bilan hujum tashkil eta boshladi. Avaz Olimjonov jarima maydoni ichida darvozaga kuchli zarba yo‘lladi. Turdaliyev to‘pni arang mushtlari bilan urib qaytardi. Qaytgan to‘pga zarba berish uchun juda qulay turgan Farruh Shotursunov boshi bilan osongina darvozani ishg‘ol etib o‘z dublini rasmiylashtirdi. Shu tariqa uchrashuvda andijonliklar yirik hisobda g‘alaba qozondi. Endi navbatdagi nazorat uchrashuvi 4 mart, shanba kuni Farg‘onada «Istiqlol» jamoasiga qarshi kechadi.
02/03/2017
Nazorat uchrashuvi.
«ANDIJON» - «NORIN» 4:1
Andijon. «FIMI» stadioni.
Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Anvar Marajabov, Ziyodullo Abdurahmonov.
«ANDIJON»: Lochin Dolimov, Mansur Mahsudov, Qahramon Mahamadjonov, Ahror O‘ktamov, Farruh Mirzayev, Baxtiyor Qosimov, Jahongir Maqsudov, Abdulaziz Yoqubov, Maqsud Mahmudov, Shahzod Karimov, Alisher Abduvohidov.
ZAXIRADAN TUSHGANLAR: Aziz Abubakirov, Xusniddin Xusniddinov. Farruh Bekmuratov, Dilyor Rasulov, Avaz Olimjonov, Farruh Shotursunov.