Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/06 00:00 Germaniya 2-0 Daniya
30/06 05:00 Kanada 0-0 Chili
30/06 05:00 Argentina 2-0 Peru
30/06 20:00 Nasaf 3-2 Navbahor
30/06 20:00 Metallurg 1-4 Olimpik
30/06 21:00 Angliya 2-1 Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya 4-1 Gruziya
01/07 05:00 Yamayka 0-3 Venesuela
01/07 05:00 Meksika 0-0 Ekvador
01/07 19:30 Neftchi - Paxtakor
01/07 21:00 Fransiya - Belgiya
02/07 00:00 Portugaliya - Sloveniya
02/07 06:00 AQSh - Urugvay
02/07 06:00 Boliviya - Panama
02/07 21:00 Ruminiya - Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya - Turkiya

«Chelsi» va trio. APL kuchli to‘rtligiga kim munosibroq?

«Chelsi» va trio. APL kuchli to‘rtligiga kim munosibroq?

Baho:
+ | -

Angliya premyer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurash turdan-turga o‘ta keskin tus olmoqda. «Chelsi» yaqin ta’­qibchilarini sezilarli farq bilan ortda qoldirayotgan bo‘lsa, YECHL yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlarga da’vogar klublar o‘rtasidagi tafovut katta emas. Keling, APLning joriy mavsumida kuchli to‘rtlikdan joy olishga loyiq jamoalar imkoniyatlarini bir chamalab chiqsak. Axir yakunda Manchester va London grandlaridan birining Chempionlar Ligasidan chetda qolishi aniq-da.

1. «CHELSI»

«Chelsi»ning ushbu kurashda ustunlikka erishishiga sabablar yetarli: barqarorlik, yulduzli tarkib, har bir chiziqdagi yetakchilarning ajoyib formada ekanligi. O‘z navbatida, taktikani ham yoddan chiqarmaslik darkor, zero 5-2-3-1 sxemasidan kerakli paytda himoyalanishda foydalanish mumkin. «Aristokratlar» atigi ikki marta durang o‘ynashdi, ammo charchoq alomatlari sezilganda yanada ehtiyotkorlikka urg‘u berish imkoniyatiga egalar. Xullas, Kante va uning sheriklari hozir kuchli to‘rtlik emas, chempionlik haqida o‘ylashmoqda. Jamoani bahorda qandaydir omadsizlik kutib olishiga ishonish qiyin, boz ustiga, londonliklarni yevrokuboklar ham chalg‘itmayapti.

Chempionat yakuniga 13 tur qolgan bir pallada «ko‘klar» turnir jadvalidagi beshinchi jamoa hisoblangan «Liverpul»ni 11 ochkoga ortda qoldirishmoqda. O‘rtaga 39 ochko qo‘yilgan, shu bois yetakchi faqat nazariy jihatdan beshinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin. «Chelsi»ga qarshi boshqa sabab topish qiyin, qarshingizda APLning bugungi kundagi haqiqiy yetakchisi turibdi. «Aristokratlar» bu borada hozircha yagonalar, qolgan uchta o‘rin uchun esa jiddiy kurash borishi tayin.

APLni top-4da yakunlash ehtimoli: juda yuqori. «Chelsi» nazariy jihatdan birinchi o‘rinni boy berishi mumkin, ammo kuchli to‘rtlikni tark etishiga ishonish qiyin.

2. «MANCHESTER SITI»

Gvardiolaning muvaffaqiyatli startidan so‘ng aksariyat muxlisu mutaxassislar chempionlikni unga topshirib qo‘yishgandi. Ammo keyinchalik vaziyat o‘zgardi, «shaharliklar» Xosepning topshiriqlarini bajarishga ojizlik qilishdi. Qolaversa, ispaniyalik mutaxassis ham ko‘pincha xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bu o‘rinda gap faqat taktika to‘g‘risida ketmayapti: darvozabonlarning «qovun tushirishi», himoyadagi nuqsonlar, tayanch chizig‘idagi noto‘g‘ri o‘yin, hujumchilarning imkoniyatlarni ko‘kka sovurishlarini unutmaslik darkor.

Ha, Gvardiolaning «ko‘zir»i - Gabriel Jezusdan tashqari boshqa yulduzlar ham bor. Misol uchun, o‘yinni tashkil etuvchi Kevin de Bryuyne. Agressiv Otamendi, avvalgi holatini tiklayotgan Yaya Ture. «Manchester Siti» APLda to‘pni egallashda 60 foizlik ko‘rsatkich qayd etayotgan yagona klub. Darhaqiqat, jasur, ammo omadsiz jamoa.

Bir tomondan, «shaharliklar» uchun YECHL muhimligini saqlab qolmoqda. Ikkinchidan, «Siti» barqarorlik bobida maqtana olmaydi. Uchinchidan, Gvardiola to‘pni olib qo‘yishga urg‘u beradigan murabbiylar toifasidan emasligini ta’kidladi. Vaholanki, APLda yakkakurashlar muhim ahamiyat kasb etadi, Angliyada jiddiy to‘qnashuvlardan keyin ham gollar inobatga olinadi.

Mabodo «Manchester Siti» mudofaa chizig‘idagi qusurlarni yo‘qotmay, YECHLda ko‘p kuch sarflasa, mart oyi yakunlariga borib, muxlislarini ranjitishi hech gapmas. Axir uch hafta ichida «Monako», «Liverpul», «Arsenal» va «Chelsi»ga qarshi o‘ynash oson emas. Tumanli o‘lkada shunday qiyinchiliklar kutib turgani Gvardiolaning tushiga ham kirmagan bo‘lsa kerak. Ha, YECHLning kelgusi mavsumi yo‘llanmasiga ega chiqish uchun o‘ta murakkab yo‘lni bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

APLni top-4da yakunlash ehtimoli: baland, faqat... Agar «shaharliklar» chempionlikdan umid uzib, asosiy raqobatchilari tezlik olishsa, Xosepning shov-shuvli tarzda kuchli to‘rtlikdan chiqib ketishi ehtimoli yo‘q emas. Hozircha Angliyada ko‘pchilik «Manchester Siti»ning ikkinchi o‘rinni olishini bashorat qilishmoqda.

3. «TOTTENXEM»

Keynning aytishicha, «shporlar» «Chelsi»ni to‘xtatish uchun turli yo‘llarni qo‘llashga tayyorlar. Ammo «Tottenxem» avval ochko yo‘qotmaslikni o‘rganishi, raqiblar va taqvimdan kelayotgan bosimni yengishi lozim. Umuman, Pochettino qo‘l ostida yosh jamoa bor, ular Yevropa Ligasiga jiddiy qarashlari mumkin. Biroq YECHLda orttirilgan tajriba (garchi omadsiz bo‘lsada) kuchni to‘g‘ri taqsimlashda asqotishi aniq.

«Tottenxem»ning o‘yini jozibali, yulduzlar bor, himoya mustahkamligi muhokamadan xoli - to‘p o‘tkazib yuborish borasida «aristokratlar» bilan bir xil ko‘rsatkichga egalar. Hozircha hammasi binoyidek.

«Shporlar» hali ochko yo‘qotishlari mumkin. Buni «Liverpul»ga qarshi bahs­da isbotladilar. Boz ustiga, yaqin ta’qibchilari bilan oradagi tafovut katta emasligini inobatga olsak, kuchli to‘rtlikdagi joyni hali kafolatlamagani oydinlashadi. Raqiblar kuchli, ammo «Tottenxem»ning taktik imkoniyatlari ko‘pchilikda ishonch uyg‘otmoqda. To‘g‘ri, bu omilning har doim ham yordam beravermasligi YECHLda ko‘rinib qoldi.

APLni top-4da yakunlash ehtimoli: baland, o‘yin va ruhiy tomondan «shporlar»ni «Chelsi»ga asosiy raqobatchi sifatida ko‘rsatish mumkin.

4. «ARSENAL»

«Bavariya»ga birinchi o‘yin boy berilgach, «to‘pchilar»ning YECHLdagi kelajagi shubha ostida qoldi. Demak, «Arsenal» bor e’tiborini APLning yuqori to‘rtligi uchun kurashga qaratsa bo‘laveradi. Odatda, bu jamoa yevrokuboklar yo‘llanmasi yo‘lida o‘zini ko‘rsata olishni uddalaydi. Tarkib borasida ham Arsen Vengerga havas qilsa arziydi. Kuchli darvozabon, jahon darajasidagi ikki markaziy himoyachi, ajoyib hujumkor futbolchilar.

Sanches va Ozil ketishga shaylanishmoqda, ammo bundan avval «Arsenal»ga YECHL yo‘llanmasini taqdim etishga qarshi bo‘lishmasa kerak. London jamoasi tajribali. Ehtimol, mudofaa chizig‘i ishonchli emasdir, ammo Mustafini o‘z vaqtida xarid qilishdi. Xullas, kuchli to‘rtlikda qolish imkoniyati yo‘q emas.

Balki «Arsenal»ga quyiroq o‘rin foydaliroqdir? Agar o‘tgan mavsumdagi kabi raqiblar omadsizlikka uchrab, «kanonirlar» ikkinchi o‘rinni egallashsa, Venger o‘z o‘rnida qolib, yorqin kelajak haqida gapirarmidi... O‘z navbatida, taqvim yakuni ham «to‘pchilar» ziyoniga ishlashi mumkin - mavsum oxirida «Tottenxem», «MYU» va so‘nggi turda «Everton»ga qarshi qiyin o‘yinlar bor.

APLni top-4da yakunlash ehtimoli: o‘rta, «Arsenal» nima xohlayotganini o‘zi bilmayapti - APL yoki YECHLda aniq vazifa belgilanmagan, yetakchilarni quvish yakunda premyer-liga kuchli to‘rtligi bilan xotima topadi. Ammo bu gal raqiblar yanada jiddiy va syurpriz bo‘lishi ehtimoli yuqori.

5. «LIVERPUL»

Kurashuvchanlik Klopp jamoasiga 2017 yilni yaxshi kayfiyatda yakunlash imkoniyatini taqdim etmoqda. Mersisaydliklar uchun raqiblarining bittadan mag‘lubiyati va o‘zaro bahslardagi g‘alaba kifoya qiladi. «Liverpul»­ning xavfli vaziyat yaratish bo‘yicha ko‘rsatkichlari yomon emas, boz ustiga, Mane ham qaytdi.

Yevrokuboklardan xoli klubning taqvimiga nazar tashlasak, «Arsenal», «Manchester Siti», «Everton»ga qarshi bahslar bor. Prinsipial o‘yinlar orqali vaziyatni o‘nglash mumkin. «Tottenxem» bilan o‘tgan ajoyib uchrashuv Klopp jamoasidan yuqori natijalarni kutishga undamoqda. «Xall»ga imkoniyat boy berilgach, ko‘pchilik «shporlar»ning mag‘lubiyatga uchratilishiga ishonmagandi. Biroq Sadio Mane germaniyalik mutaxassisning ishonchini yana bir karra oqladi.

To‘g‘ri, himoya chizig‘ida muammolar yo‘q emas, qolaversa, «Liverpul» «Arsenal»ni mag‘lubiyatga uchratib, «Bornmut»ga yutqazishi mumkin bo‘lgan klublar sirasiga kiradi. Muntazamlik ta’minlanmas ekan, «qizillar» kuchli to‘rtlikdan tushib ketish xavfi ostida qolaveradilar.

APLni top-4da yakunlash ehtimoli: o‘rta, chunki «Liverpul» o‘z oldiga YECHLga qaytish vazifasini qo‘ygan. Buni esa hozircha faqat APLda amalga oshirish mumkin. Mersisaydliklar bu yo‘lda bor kuchlarini safarbar etishlari, shubhasiz.

6. «MANCHESTER YUNAYTED»

Joze Mourinyo qo‘l ostidagi jamoada tartib-intizom birinchi o‘ringa qo‘yiladi. «MYU» va «Liverpul» bu borada raqiblariga o‘rnak bo‘la olishadi. Ammo manchesterliklar mavsum boshida ko‘p ochko yo‘qotishdi, keyinchalik o‘zlarini tiklab olishdi. Shunga qaramay, hamon 6-o‘rinni egallab turishibdi. «Manchester Yunayted»da ishonch yuqori. Kerrikning ta’kidlashicha, hattoki, ikkinchi pog‘ona ham jamoani quvontirmasligi mumkin, zero asosiy vazifa - Fergyuson davridagi barqarorlikni ta’minlash. Zlatan, Pogba, Mxitaryan, De Xea - yuqori saviyali futbolchilar. Mourinyo ham klubga mos murabbiyligini ko‘rsatmoqda. Xullas, «MYU» o‘yinini yanada kuchaytirishi lozim. Darvoqe, mankunianliklarda YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishning boshqa yo‘li ham bor - Yevropa Ligasi g‘olibligi.

Sulh masalasi ham qiynamoqda - «Manchester Yunayted» muntazam g‘alabaga erishish xususiyatini tiklaganicha yo‘q, 9ta durang shundan dalolat. Bu yoqda taqvim masalasi ham turibdi: 36 va 37-turlarda mos ravishda «Arsenal» va «Tottenxem»ga qarshi o‘yinlar kutmoqda. YEL va kubok bahslari kuch yo‘qotib, APLdagi raqobatchilardan pastda turishning qo‘shimcha sabablari hisoblanadi. «Everton»ning tezlik olib, «MYU»ni 7-pog‘onaga tushirib yuborishiga ishonish qiyin. Ammo yuqoriga ko‘tarilishda Mourinyoga oson bo‘lmasligi turgan gap, kuchli to‘rtlik uchun kurash olib borayotgan raqiblar kuchsiz emas.

APLni top-4da yakunlash ehtimoli: past, Yevropa Ligasi xalal berishi mumkin, chunki ushbu turnirdagi muvaffaqiyatli yakun YECHL yo‘llanmasini taqdim etadi. Kubok bahslari va qiyin finish ham «Manchester Yunayted»ning APL kuchli to‘rtligiga kirish imkoniyatlarini pasaytirib yuborishi aniq.

KO‘P TILGA OLINAYOTGAN TO‘RTLIK

1. «Chelsi». 2. «Manchester Siti». 3. «Tottenxem». 4. «Arsenal»

38-turdan so‘ng turnir jadvalining yuqori qismida aynan shu to‘rt­ta jamoani ko‘rsak, aslo ajablanmaymiz. «Chelsi» ustunligini isbotlaydi, Gvardiola shogirdlariga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladi, «shporlar» oldindan bildirilgan ishonch­ni oqlashadi. Venger esa o‘z uslubida ko‘rinish beradi: o‘ziga atalgan o‘rinni egallaydi - «Arsenal» chempion emas, ammo o‘ynashni biladi.

ENG KUTILMAGAN, AMMO EHTIMOLLI TO‘RTLIK

1. «Chelsi». 2. «Liverpul». 3. «Manchester Yunayted». 4. «Tottenxem».

«Arsenal» va «Manchester Siti» YECHLga yo‘llanma beradigan o‘rindan chetda qolishadimi? Yevrokuboklardagi ishtirok, buning natijasida vujudga keladigan charchoq alomatlari ziyonga ishlashi ko‘p kuzatilgan. Vaziyat shuni taqozo etsa, Chempionlar Ligasini sog‘inib qolgan ikki klub yuqoriga ko‘tariladi. Unutmaslik kerakki, «Liverpul» va «Manchester Yunayted» alohida parametrlar bo‘yicha raqobatchilarini ortda qoldirishmoqda. Faqat «Tottenxem» bu borada ularga tenglashishi mumkin. Fevral yakuniga yetayotgan bir pallada kuchli to‘rtlikni bashorat qilish qi­yinchilik tug‘diribdimi, demak finish yanada qiziqarliroq tus olishi tayin.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:31, 05.03.2017.
O'qildi: 7946 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.