Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Simau Sabroza: «Alenichevni Portugaliyada yaxshi ko‘rishadi»

Simau Sabroza: «Alenichevni Portugaliyada yaxshi ko‘rishadi»

Baho:
+ | -

Portugaliyaning 2000 yillardagi eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida muxlislar mehrini qozongan Simau Sabroza Rossiyaning «Sovetskiy sport» nashriga intervyu berdi. Faoliyatini yakunlaganidan so‘ng televideniyeda ish boshlab, «Simauning do‘stlari» ko‘rsatuvi orqali yanada ko‘proq shuhrat qozondi. Ushbu loyiha mashhur futbolchilar bilan intervyu uyushtirishga mo‘ljallangan. Hozirgacha Diyega Kosta va Serxio Aguero kabi yulduzlar Sabrozaning mehmoniga aylanishgan. Portugaliyalik yaqin orada Inyesta, Messi va Ronaldu bilan suhbat qurishni rejalashtirmoqda.

- Rossiyalik biror-bir futbolchi bilan intervyu uyushtirish niyatingiz bormi?

- Umid qilamanki, yaqin orada ularga ham navbat keladi. Eng asosiy muammo - til masalasi. Ular bilan qanday gaplashaman? Lekin ushbu qiyinchilikni bartaraf etish mumkin. Rossiyada bir qancha do‘stlarim bor.

- Dastlabki suhbatga ulardan qaysi birini tanlamoqchisiz?

- Alenichevni. U ajoyib inson, Portugaliyada ko‘pchilikka tanish. Boz ustiga, ko‘rsatuvimiz faqat mahalliy aholi uchun mo‘ljallangan. Dmitriy ularda qiziqish uyg‘otishi turgan gap.

- Demak, u Portugaliyada eng mashhur rus futbolchisi hisoblanar ekan-da?

- Xuddi shunday. Uning yoniga Kulkov va Yuranni ham qo‘shish maqsadga muvofiq. Dmitriyni ko‘proq eslashlariga sabab, uning «Portu» bilan sovrinlarni yutganiga ko‘p bo‘lmadi. Albatta, rossiyalik boshqa futbolchilar haqida ham gapirishim mumkin. Ammo Alenichevga qarshi o‘ynaganim uchun uning imkoniyatlarini yaxshi bilaman.

- Shuningdek, Marat Izmaylovga qarshi ham o‘ynagansiz.

- U o‘yinda ham, maydon tashqarisida ham odamovidek tuyulgan. Menimcha, uning yopiqligiga tez-tez jarohat olgani sabab bo‘lsa kerak. Atrofdagilarga esa doim qayg‘uda yuradigandek tuyulgan. Lekin o‘ynaganida yuksak iqtidor egasi ekanligi ko‘rinib turardi. Marat «Sporting»da ajoyib o‘yinlar namoyish etgan. Afsuski, «Portu»da o‘z darajasiga chiqa olmadi.

- Rossiya futbolining bugungi avlodi haqida gapirsak, biror-bir nomni eslay olasizmi?

- O‘g‘lim SSKAda 10-raqam ostida o‘ynaydigan futbolchining libosini olib borishimni so‘radi. Lekin ismini bilmayman. Umuman olganda, rossiyalik o‘yinchilarni yuzlaridan tanimayman. Ismlarini eslab qolish esa qiyin.

- Arshavinni tanirsiz?

- Albatta, u yulduz-ku. Rossiyalik eng mashhur futbolchi. Faqat Arshavin hozir Rossiya terma jamoasida o‘ynamayapti. Darvoqe, SSKAdagi egizaklarni ham taniyman. Qachonlardir ularga qarshi to‘p surganman.

- Portugaliyaliklarning Rossiya chempionatida o‘ynashga qarshi emasliklari haqida so‘z ochdingiz. Sizni ham chaqirishganmi?

- Yo‘q. Birorta ham taklif olmaganman.

- «Benfika»da Manuel Fernandesh bilan o‘ynagansiz.

- «Beshiktosh»da ham. Uning qanday o‘sayotganiga guvoh bo‘lganman. Manu «Benfika»dagi faoliyatini boshlaganida men sardor edim. Fernandesh iqtidorli, jismonan kuchli va ko‘p gollar uradi.

- Uning top-klublarda ishi qovushmaganiga nima sabab bo‘ldi?

- Haqiqatan ham «Valensiya»da o‘zini ko‘rsata olmadi. Ammo «Beshiktosh»­da doim maydonga tushardi. Vaholanki, Fernandeshning darajasi har qanday top-klubda o‘ynash imkonini beradi. Nimaga ishi yurishmadi? Bunga aniq javob berolmayman. Balki jarohatlar xalal bergandir. Shuningdek, murabbiylar qarorlarini ham unutmaslik kerak. Bu ko‘p uchrab turadigan holat. Zamonaviy futbolda murabbiylardan kuchli psixolog bo‘lish talab etiladi. Menimcha, Manuel o‘z chizig‘ida Yevropaning eng yaxshi futbolchilaridan biri.

- «Benfika»da Andrey Karyaka bilan ham to‘qnash kelgansiz...

- U raqobatchim edi. Chap qanotda men o‘ynardim, Andrey esa siqib chiqara olmagan (kuladi). Shu bois ham Karyaka o‘ng qanotda yoki hujumchi ortida maydonga tushardi. Unga oson bo‘lmagani esimda. Tilni bilmagani uchun moslashishi qiyin kechgan, biz esa yordam berishga harakat qilardik. Karyaka «Benfika»da ko‘plab o‘yinlar o‘tkazib, o‘z texnikasi bilan ajralib turgan. Aytgancha, u hozir ham o‘ynayaptimi?

- Yo‘q, premyer-liga klubida katta murabbiy bo‘lib ishlayapti.

- Sobiq futbolchilarning faoliyatlarini murabbiy sifatida davom ettirishlarini ko‘rish - hamisha yoqimli.

- Uning intervyusi tufayli yuzaga kelgan mojaro esingizdami? Jamoadagilar o‘sha gaplarni o‘qib, qanday xulosaga kelishgan?

- Bunday vaziyatlar futbolchilar orasida hal qilinadi. Karyaka uzr so‘ragan va yozilgan narsalarni gapirmaganini aytgan. Noto‘g‘ri tarjima tufayli ko‘plab muammolar kelib chiqqani, turli mojarolar vujudga kelganiga guvoh bo‘lganmiz. Lekin o‘sha intervyudan so‘ng hech nima o‘zgarmagan. Karyaka hamon jamoamizning bir qismi bo‘lib qolavergan.

- Lekin Kuman bilan ham chiqisha olmagan.

- Futbolchi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasa, shunday holatga tushishi tabiiy. U o‘z noroziligini bildiradi. To‘g‘ri, murabbiy to‘g‘risida nimadir degan, lekin buni ham unutib yuborishgan. Albatta, qanday gapi bo‘lsa, matbuotga emas, murabbiyning o‘ziga aytishi kerak edi.

- «Benfika» va klubning ikkinchi jamoasi o‘yinlarini kuzatib borasizmi?

- Ha, stadionga borib, ayrim uchrashuvlarni tomosha qildim.

- Demak, Vitaliy Lissovni ko‘rgansiz. Rossiyalik himoyachining o‘yiniga qanday baho berasiz?

- Uning imkoniyatlari yuqori. Menimcha, klubdagilar Lissovni ijaraga berib, yaxshi qilishgan.

- Nima deb o‘ylaysiz, Vitaliy yaxshi ishlasa, Lindelofning yo‘lidan bora oladimi?

- Ha. Lekin asosiy jamoa tarkibiga kirish juda qiyin. O‘ylaymanki, Lissovni yorqin kelajak kutib turibdi.

- Ko‘plab serbiyalik futbolchilarni sotib olayotgan «Benfika» Rossiya bozoriga e’tibor qaratmayapti. Bizning yoshlar qimmatlik qilyaptimi yoki saviya borasida serbiyaliklar bilan raqobatlashish qiyinmi?

- Klubda faqat yaxshilarni qidirishadi. Millatining ahamiyati yo‘q. Balki yaqin orada «Benfika» serblardan ruslarga o‘tar.

- Rossiyada ko‘plab portugaliyalik murabbiylar ishlashgan. Jorje Jezush yoki Ruy Vitoriya kabi kuchli mutaxassislar ham Rossiyaga kelishlari mumkinmi?

- Ularga Yevropada talab kuchli, lekin bu borada bir nima deyish qiyin. Ayni payt esa ushbu mutaxassislar o‘z klublarini tark etmoqchi emaslar. Jezush «Sporting»dan ketsa ham Yevropada qolishni ma’qul ko‘radi. Ruy Vitoriyani esa «Benfika»dan chaqirib olish imkonsiz. Chunki uni Lissabonda barchasi qoniqtirmoqda.

- Yozda Rossiyada Konfederasiyalar kubogi bahslari bo‘lib o‘tadi. Unda Portugaliya termasi g‘olib chiqishi mumkinmi?

- Milliy jamoamizning yana bir yirik turnirda muvaffaqiyat qozonishiga ishonaman.

- Sizningcha, portugaliyalik yosh futbolchilardan qaysi biri ushbu musobaqada o‘zini ko‘rsatadi?

- Joau Mariu! U menga juda yoqadi, qolaversa, ancha yosh. Eng istiqbolli o‘yinchilarimizdan biri Renatu Sanshesh «Bavariya»da ko‘p o‘ynamayapti. Shunga qaramay, bu futbolchilarning ikkisi ham o‘ta iqtidorli.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:04, 05.03.2017.
O'qildi: 4028 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.