Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: Ulug‘ Ona

Xayrulla Hamidov maqolasi: Ulug‘ Ona

Baho:
+ | -

Ertaga “Napoli” Neapolda “Real”ni qabul qiladi. Birinchi o‘yindagi natija ushbu bahsni ham shiddatli o‘tishiga ishorat qiladi. Mana shu lahzada negadir men Maradonaga bog‘lab e’tirof etiladigan shahar jamoasini emas, balki Italiya futbolini ko‘ksida ushlab turgan klub haqida gapirmoqchiman. Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit, degandek. Ketdik bo‘lmasa…

Gabriel Garsiya Markesning “Ulug‘ Ona janozasi” hikoyasida Makondo xalqining onasiga aylangan zotning ko‘mish marosimi haqida so‘z boradi. Xalq boy Onani katta dabdaba ostida ko‘mish orqali aslida boshqa holatga sha’ma qiladi: “U endi qaytib kelmaydi. Qaytmaydigan odamni xohlagancha e’zozlash mumkin, bu bilan uning obro‘si oshar, lokin bu bizga zararsizdir, aksiga olib, Onaning bor merosi bizga nasib etgach, unga umrbod oda aytib o‘tsak ham bo‘laveradi!”

2006 yilgi “Yuventus”ni Italiya ahli shunday kuzatib qo‘ydi. A Seriya Buyuk Onadan ayrilgan Makondoni eslatardi. Turin superklubiga eng qattiq jazo tayinlanishi ostida uning elita safiga juda uzoq davrlar qayta olmasligiga chiroyli ishorat ham yotardi. Endi buyog‘iga “Inter” va “Roma”larning kuni tug‘di, deb yubordi o‘shanda hamma.

Ammo… Buyuk Ona juda tez qaytdi. Kunlarning birida “Makondo ahli” o‘rnidan uyg‘onadiyu, bor merosini xalqqa tashlab ketgan Ona to‘rvaxaltasini ko‘targancha ularga qarab kulib turgandek bo‘ldi. Tamom, hammang tarqal, janoza bekor qilinadi!

Tarixan buyuk jamoalarning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan qandaydir sifati bo‘ladi, hech sezganmisiz? Kimgadir asrlar davomidagi barqarorlik, kimgadir har qanday holatda ham hujumkorlik pozisiyasi, kimgadir irodali futbol, kimgadir esa hech qachon taslim bo‘lmaslik sifati… Aynan shu sifat bilangina esga olinadigan bo‘lib qoladi o‘sha jamoalar. Hozirgi mavzu boshqa klublarga aloqasi bo‘lmagani uchun “Yuventus”ning o‘zi haqida gapira qolay, a?!

“Keksa sinyora”dagi buyuklik jihatlarini men SINMASLIK sifatida ko‘raman. Tarixan salohiyatli bo‘lgan Turin klubi shu sifat bilan namoyon bo‘laveradi ko‘z o‘ngimda. Suvga tashlasa, titilib ketgan parlardan birlashib paydo bo‘ladigan maxluqqa, o‘tga tashlasa, tutunlardan yana zebraga aylanib oladigan jonzotga o‘xshataveraman “Yuve”ni. Chohga uloqtirsa ham, yillab yarasini davolaydigan va muhim jang oldidan o‘rmonga qaytadigan rembosifat klub timsolida ko‘raman uni. Har doim. Taniganimdan buyon. Qizig‘i, bu safar ham shunday bo‘ldi. Filmning nechanchidir qismida takrorlanayotgandek, davomi yana o‘sha uslubda ishlangandek tuyuldi menga.

O‘tgan yilni eslang. Dahshatli chempionlikdan barchaning xabari bor, albatta?! Bu chempionlik oldingilaridan shu qadar jiddiy farq qiladiki, bunisidagi joziba va kulminasion nuqta butun Yevropani shoshirib qo‘ydi. Jamoa mavsumni sharmandalarcha boshlagan, birinchi davra o‘rtalarida turnir jadvalining oxirlarida borgan, peshqadamlardan 15 ochkolab ortda ketayotgan holidan boshlangan yurishning intihosi bo‘ldi bu finish!!!

O‘ziga kelib olish bilan tezlik olgan “Yuve” shu kungacha to‘xtash nimaligini bilmadi. Yovvoyi shiddat ila o‘zidan tepada turganlarga qarab ham o‘tirmadi. Tepaga qarab uchaverdi, uchaverdi…

… Pastdan “keksa sinyora” kelayotganini ko‘rib, qaytanga “napoli”yu, “roma”lar dovdirashga tushdi.

… Shundoq pastga qaraganda “Yuve”ni ko‘rgan “inter”lar duduqlanishga o‘tdilar.

… Allegri jamoasi esa, yerdan olovli sharchada ko‘tarilgan va uzoq sayyoralardan biriga bayroq tikishga uchib ketayotgan multfilm qahramonini yodga solardiki, bu uchishni oxirigacha ko‘rish hammaga zavqli edi. O‘tgan hafta o‘sha bayroqcha “skudetto” degan sayyorachaga mixlab, boltlari bilan burab tashlab, o‘rnatildi!

Har bir mamlakatning ikki xil “xalq jamoasi” bo‘ladi. Biri, chet elliklar uchun yurtning yuzi vazifasini bajarsa, ikkinchisi, milliy futbol mentalitetining shakllanishiga asos bo‘ladi. “Yuventus” Italiya futbolining fitratini belgilab beruvchi klub hisoblanadi. A seriya jamoalariga qaraganda ko‘proq mamlakat terma jamoasiga o‘xshaydigan klub! Aniqrog‘i, “skuadro adzurra”ning yadrosi. Yevropa maydonlaridagi natijalaridan ko‘ra, mamlakat ichkarisidagi ko‘rsatkichlari yaxshiroq. Asosiy e’tibor qaysi tomonga qarab ketganini ko‘rsatadi eng muhim jihat bu…

Va qiziq tomoni shuki, “Yuve”ning natijalari ham, o‘yinlari ham, ko‘rsatadigan xunarlari ham moviy gvardiyachilarning o‘zginasi. Chempionlikni ham boshqalarga imkoniyatlar berib nishonlashiyu, istalgan turnirni qandaydir g‘ayritabiiy holatlar bilan tark etishlarigacha o‘xshaydi. Mamlakat terma jamoasi katta natijalarni qo‘lga kiritgan davrlarida ham aynan shu klub vakillari termaning asosini tashkil etganini aytmay qo‘ya qolay.

“Yuventus” o‘tgan yili ham yomon o‘ynamadi, aynan bu yilgisini nima uchun ko‘p ta’kidlayapsan, desangiz, aytamanki, o‘tgan yili hali butkul pishib yetilmagan TIRILISH edi. YECHL finali va bu yilgi ishonchli o‘yinlar asosidagi chempionlik “Yuve”ni rosmana eski holiga qaytara oldi, deyishimizga yordam beradi. Biz bilgan “Yuventus” mana shu! U rostan qaytdi! Butunlay!

Aslini olganda, hozirgi “Yuventus”ning qayta tirilishi Turin ahlinigina emas, italyan xalqini ham shodlantirishi kerak. Rimlik bolakaylar ham ichida xursand bo‘lishlari lozimki, Italiya terma jamoasiga bo‘ladigan ta’sir aynan Yevropa chempionatidan oldin bu mamlakatga juda ham darkor edi.

Albatta, “Yuventus”ning YECHLda ham muvaffaqiyatga erishadigan davrlari qaytib kelish uchun unga raqobatdosh klublarning uyg‘onishi ham talab etiladi. Birgina jamoa bilan butun mamlakat futboli isloh bo‘lib qolishi mushkul. Asosiy ishni aynan “Yuventus” boshlab berishi kutilgan edi, u shu ishni qildi. Buyog‘iga endi, YECHLda ko‘proq zafar quchishni biladigan boshqa italyan jamoalari ham ko‘zini ochsa – kifoya, qarab turibsizki, asrimizning boshlaridagi davrlar yana ko‘z oldimizda-da! Shu sharafli ishga bugun “Milan” va “Inter” emas, balki “Napoli” yaqin turibdi.

“Xo‘sh, raqib qo‘rqinchli “Real” bo‘lsa, bizga nima? Biz Italiya deganda “Yuventus”ni tasavvur qilishlarini istamaymiz, biz ham tirikmiz!!!”

Bu so‘zlarni neapollik yigitlar Maradonaning ovozida o‘qib ko‘rishlari kerak. Balki o‘xshab qolar-a nihoyat?!

 

Xayrulla Hamidov

Manba: maydon.uz
Kiritildi: 09:53, 07.03.2017.
O'qildi: 16481 marta.
Fikrlar: 10 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.